Savitskiy kollektsiyasi direktori ishdan olindi

Babanazarova Savitsskiy kollektsiyasini zanjirdagi itdek qo‘riqlayotganini aytardi Image copyright none
Image caption Babanazarova Savitsskiy kollektsiyasini zanjirdagi itdek qo‘riqlayotganini aytardi

Jahon bo‘ylab "Savitskiy kollektsiyasi" deya tanilgan Nukusdagi Qoraqalpoq Davlat San‘at Muzeyi direktori Marinika Babanazarova ishdan bo‘shatilgan.

Madaniyat vazirligining ushbu qarori Savitskiy kollektsiyasining tashkil topganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan tayyorgarlik ishlari avjida ketayotgan mahal ro‘y bergan.

Muzey kollektivi vazirlikning ushbu qaroriga o‘z noroziligini bildirib chiqqan.

BBCga oshkor bo‘lgan ma‘lumotlarga ko‘ra, kollektsiyaning 100 yillik sanasini o‘tkazmaslik uchun qassdan harakatlar kuzatilgan.

Igor Savitskiy Stalin davrida qatag‘onga uchragan va otilgan rassomlarning minglab asarlarini saqlab qolib Nukusdagi muzey yerto‘lasida saqlagan.

Savitskiy to‘plami Rus avangard tasviriy san‘atining ikkinchi eng yirik kollektsiyasi hisoblanadi.

Nukusdagi muzeyda ko‘p million dollarlik san‘at asarlari saqlanishi aytiladi.

Qoraqalpog‘iston Madaniyat va sport vaziri qatnashgan yig‘ilishda ishtirok etgan muzeyning barcha 86 xodimi vazirlikning qaroridan norozi ekanligini bayonnoma orqali izhor qilgan.

Image copyright none
Image caption Muzeyning barcha ishchilari vazirlik qaroridan norozi bo‘lgan

Marinika Babanazarova Savitskiy kollektsiyasini saqlash va jahonga targ‘ib qilishi bilan mashhur.

Babanazarova xonim muzey ta‘miri uchun mablag‘ yetmay qolgan vaqtlarda ham kollektsiyadan birorta ham asarning sotilishiga yo‘l qo‘ymagani bilan ham taniqli.

Marinika Babanazarova 23 yoshida muzeyga rahbarlikni Igor Savitskiy o‘limidan so‘ng qabul qilib olgan va faoliyatining boshida uni himoya qilish uchun ko‘p janjal va mojarolar ichida qolgan.

Savitskiy to‘satdan olamdan o‘tganidan so‘ng uning kollektsiyasiga ko‘z olaytiruvchilar ko‘p bo‘lgan. Biroq muzey kollektivi va Babanazarova xonimning say‘ harakatlari bilan asarlar shu kungacha saqlanib kelgan.

Babanazarova xonim BBCga bergan bundan 4 yil oldingi suhbatida kollektsiyani saqlab qolishda qiyinchiliklar bo‘lishini, ammo hozircha eplab kelayotganini aytgan edi.

Ushbu muzeydagi asarlarning ko‘p million dollarlik ekanligini ta‘kidlab, uni himoya qilish oson emasligini va o‘zini zanjirdagi qo‘riqchi itdek his qilishini bildirgandi.

Asli aslzodalardan bo‘lgan Savitskiy Ikkinchi Jahon Urushidan avval O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan va o‘z kollektorlik faoliyatini qoraqalpoq osori-atiqalarini yig‘ishdan boshlagan. U so‘ngra yillar davomida Rossiya va O‘zbekistonda sovet targ‘iboti va sovet realizmiga to‘g‘ri kelmaydigan avangard asarlarni to‘play boshlagan. Uning yordami bilan sovet hukumati qora ro‘yxatiga tushgan rassomlarning ko‘rgazmalari uyushtirilgan. Rassomlikdan voz kechib, o‘zga rassomlarga yordam berishga o‘z umrini bag‘ishlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio