O‘zbekiston: 11 million kishilik hashar

Image caption Byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalar dala va ko‘cha ishlariga tez-tez jalb etiladi

O‘zbekiston matbuotiga ko‘ra, 11 million o‘zbekistonlik shahar va qishloqlar ko‘chalarini tozalash hamda obodonlashtirish xayriya ishlarida qatnashishgan.

Ommaviy axborot vositalari faqat bir kunlik xayriya hashari haqida gapirishmoqda.

Aslida, bu kabi nomiga ixtiyoriy, aslida majburiy mehnat O‘zbekistonda yil bo‘yi davom etadi.

Ko‘p hollarda maktab o‘qituvchilari va shifokorlar ko‘chalarni tozalash, dalada chopiq hamda yagana qilish yo paxta terish kabi ishlarga jalb etiladilar.

So‘nggi yillari esa ko‘chalar yo ko‘priklarni tozalash ishlariga ham byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etila boshlangan.

Sovet davrida "shanbalik" degan yarim majburiy ommaviy safarbarlik tadbirlari uyushtirib turilardi.

Unda yo‘qsillar dohiysi Vladimir Leninning ham oddiy odamlar qatori shanbalikda ishtirok etgan aksi namuna sifatida ko‘rsatilardi.

Hozirgi shanbaliklarda biron yuqori martabali o‘zbek amaldori ishlamaydi. Shu qatorda, ushbu tadbirlarni o‘zbek xalqining qadimiy "hashar" odati bilan bog‘lashadi.

Lekin hashar ixtiyoriy tadbir bo‘lib, kishi o‘z ishi va oilaviy majburiyatlaridan bo‘sh paytida hasharga chiqadi.

Yil bo‘yi hashar

O‘zbekistonda esa hozir o‘qituvchi yo shifokorlar pilla, paxta, dala ishlari va qayta qurilayotgan shaharlardagi tozalash tadbirlariga chiqishlari yo odam topib berishlari kerak.

O‘tgan yillar, asosan, qishloq hududlarida qo‘llangan bu tajriba so‘nggi yillari shaharlarga ham kirib kelayotgani kuzatiladi.

Image caption O‘zbekiston bola mehnatidan voz kechdi, ammo katta yoshdagilar majburan paxta terishadi

Qator mahalliy faollar, mazkur "hasharlar" majburiy ekanligini urg‘ulab, unda qatnashmagan xodimlar jazolanishini, odam topib bermagan kichik rahbarlar hatto mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan kaltaklangan holatlar ham uchrashini aytishadi.

Toshkentlik faollar, xususan, so‘nggi yillari majburiy ishlarda qatnashishdan bosh tortgan tibbiyot xodimlari kuch tizimlari tarafidan bosim va tazyiqlar ostida qolishganini bildiradilar.

O‘zbekistonlik faollarga ko‘ra, yilida bir-ikki o‘tkazib turiladigan ixtiyoriy umumxalq hasharlari aslida ijobiy ahamiyatga ega va xalqning qadimiy an‘anasidir.

Ammo bu tadbir majburiy tus olib, har oy, ba‘zida har hafta tekin ishlab berish talabi qo‘yilishini oqlash qiyin, deyishadi ular.

Qishloq hududlarida paxta chopig‘i yo terim mavsumida aksar o‘qituvchilar maktabdagi ishlarini tashlab, dala mehnati uchun ishchi topishga majburlar.

Hukumat xalqaro bosimlar ostida bola mehnatidan voz kechgan. Ammo paxta ishlari uchun to‘lanadigan pul yashash xarajatlarini qoplamagani bois ko‘pchilik dalada ishlashni istamaydi.

Shunday sharoitda paxta ishlari faqat majburiy mehnat bilan yakuniga yetkazilmoqda.

Xalqaro Quldorlik Ko‘rstkichi esa O‘zbekistondagi mazkur holatni quldorlikka tenglashtirgan va har kuzda O‘zbekiston o‘z xalqini qul qilish bo‘yicha dunyoda Afrikaning Mavritaniyasidan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib ketadi, deb ta‘kidlaydi.

"O‘qituvchi yil bo‘yi dala kezsa, shifokor ko‘cha tozalasa, kelajak avlodga kim bilim beradi va bemorlarni kim davolaydi?" - deb savol qo‘yadi o‘z ismini aytishni istamagan toshkentlik faollardan biri.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq