Zarvaraqlar: Cho‘lpon - Tarjimalar

Image caption Cho‘lponning NKVD qamog‘ida olingan surati

Zarvaraqlar ruknimizda Cho‘lponning hali o‘zbek matbuotida e‘lon qilinmagan she‘rlaridan ba‘zilarini chop etmoqdamiz. Bugungi she‘rlar Cho‘lponning Xitoy she‘riyatidan tarjimalari. Bularda o‘sha vaqt Moskvada yashagan Cho‘lpon o‘z yurtiga sog‘inchini ifoda etgandek.

Tog‘da tunadim

(Vey In she‘ri)

Shu yuksak tog‘larning boshiga

uchag‘on bulut ham yetolmas,

har tomon tumanli...

Quyuq nilgunlik,

ko‘zlarni xiralik va parda bosmoqda

tong chog‘i...

Bir damda minglarcha daraxtda

- dam ochib, dam yopib -

nurlarda o‘ynar oy.

Sanoqsiz tog‘larning ketida

kuzlarning musaffo suvlari

tubanga chopmoqda...

1930

Olislarga qarayman

(Lu Tszin Van she‘ri)

Buzulgan yerlardan ayrilib

yashayman shu yiroq "San-ba"da.

Bir kuni shiypondan qayrilib

qaradim: bahor ko‘p ozoda...

Tolg‘ali soylarning bo‘yida

bir tanish kishini ko‘rmasam,

u olis, elimning o‘yida

mumkinmi yonmasam, kuymasam?

O‘rdak ovozi

(Vey Un U she‘ri)

Sevgili yurtimni qoldirib keldim,

"yiroqda, "yiroqda" allaqaylarda

ba‘zida o‘ylayman, yonib yuragim,

"Oh, qachon bo‘laman o‘skan joylarda?"

"Xu-an-nan" oqshomi...

Kuz fasli...

Yog‘mur...

Mungayib turaman boloxonada,

tinglayman: uchmakda tepamda, tomda -

yurtimdan keluchi o‘rdaklar g‘ur-g‘ur!

1930

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq