Olmoniya: Muhojirlar joylashishi kutilgan sportzal "yoqib yuborildi"

Image copyright Getty

Olmoniya politsiyasining bildirishicha, muhojirlar uchun vaqtinchalik boshpana sifatida qo‘llanishi rejalangan maktab sportzali yoqib yuborilgani gumon qilinmoqda.

Tergovchilarga ko‘ra, Berlin g‘arbidagi Naven tumanida yuz bergan yong‘in atayin qilingan amaldir.

Millatchi namoyishchilar bu hududga Suriya, Iroq, hamda Afrika davlatlaridan muhojirlar kelishiga qarshi norozilik namoyishlarini o‘tkazishgan.

Navendagi yong‘in seshanba tongida boshlangan. Berlindan 15 chaqirimcha uzoqlikda joylashgan binoga 130 nafar muhojir joylashtirilishi mo‘ljallangandi.

Naven tumani joylashgan Brandenburg shtati bosh vaziri Diyetmar Voydke "har qanday irqiy yovqarashlar"ga qarshi kurash olib borilishini bildirdi.

Unga ko‘ra, bu kabi hujumlar Olmoniya uchun "sharmandali hol"dir.

Image copyright epa

Dushanba kuni Shtutgart shahri yaqinidagi boshqa bir boshpana ham yonib ketgandi. Politsiya u yong‘in ham atayin boshlatilganiga ishonadi.

Olmoniya Kantsleri Angela Merkel dam olish kunlarida Drezden yaqinida joylashgan boshpanada kelib chiqqan zo‘ravon namoyishlarni qoraladi va u yerga tashrif buyurishini bildirdi.

U to‘qnashuvlarda o‘nlab politsiya zobitlari jarohat olishgan.

Image copyright Getty

Joriy yil oxirigacha Olmoniyada 800 ming muhojir boshpana so‘rashi kutiladi.

Aksar olmonlar boshpana izlovchilarni hush qarshi olishayotgan bo‘lsa-da, ularga qarshi chiqayotgan ozchilikning ovozi balandroq yangrayapti.

Berlindagi hukumat suriyalik boshpana izlovchilarga, Ovro‘poga qanday kirib kelganlaridan qat‘iy nazar, siyosiy boshpana berilishini e‘lon qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio