Tojikistonda Islomiy partiya idorasi yopib qo‘yilgani nimani anglatadi?

Image copyright BBC World Service

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining Dushanbedagi asosiy idorasi muhrlab ketilgan.

Mazkur holat 15 sentyabrda partiyaning qurultoyi o‘tishi rejalangan bir paytda kuzatilmoqda.

Dushanbedan jurnalist Mardon Muhammadga ko‘ra, TIUPning Dushanbedagi idorasi 24 avgust kuni shahar Iqtisodiy sudi qarori asosida vaqtincha yopilgan.

"Qarorga ko‘ra, Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi bu binoni noqonuniy tarzda "Tijorat" nomli shirkatdan sotib olgan. Endi mahkama bir hay‘at tashkil etib, bu ishni ko‘rib chiqishi lozim. Aytilishicha, kelgusi 10 kun davomida partiya idorasi yopiq qoladi", deydi jurnalist.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisi o‘rinbosari Mahmadali Hayit mahkama qarorini "noqonuniy" deb atagan. Unga ko‘ra, bu amaldan maqsad partiyasi faoliyatiga to‘siq qo‘yish va 15 sentyabrga mo‘ljallangan qurultoyining bo‘lib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Oldinroq, TIUP qurultoy jarayonida partiyaning yangi rahbariyati saylanishi haqida ma‘lum qilgandi.

So‘nggi oylar muxolifatdagi asosiy firqa - Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zolariga nisbatan hukumat bosimlari va tazyiqlari ortib borayotgani borasida xabar berib kelindi.

Oy boshlarida Islom Uyg‘onish partiyasi bosmaxonasi "tozalik qoidalariga amal qilmagani" aytilib, faoliyati to‘xtatilgandi.

Kuzatuvchilar mazkur amalni ham hukumat tomonidan partiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar navbatdagisi sifatida ko‘radilar.

"Ba‘zi kuzatuvchilar Dushanbe shahar hokimiyati Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining o‘z qurultoyini o‘tkazish uchun joy berish borasidagi so‘rovlarini bee‘tibor qoldirgani, endi esa, yig‘in uchun yagona tanlov bo‘lgan partiya idorasini yopib qo‘yishganiga e‘tibor qaratadilar. Ular mazkur qadam TIUP faoliyatiga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkinligini aytadilar", deydi Dushanbedan jurnalist Mardon Muhammad.

Image copyright internet
Image caption Muhiddin Kabiriy Tojikistonga qaytmoqchi emasligini ma‘lum qilgandi

Islom Uyg‘onish Partiyasi Tojikistondagi eng yirik muxolif partiya hisoblanadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda rasman ro‘yxatdan o‘tgan yagona Islomiy firqa hamdir.

Muxolifat a‘zolari, jumladan, Islom Uyg‘onish Partiyasi 1997 yil 5 yillik ichki urushlarga barham bergan tinchlik bitimiga binoan hukumat tarkibida faoliyat qilish huquqiga ega bo‘lgan.

Biroq, o‘shandan beri Prezident Imomali Rahmon qudratni o‘z qo‘lida mustahkamlagan va muxolifat a‘zolarini hukumat lavozimlaridan qariyb olib tashlangan.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Islomiy Uyg‘onish partiyasi talab qilingan 5 foizlik natijaga erisha olmagani tufayli 2010 yildan beri o‘z tasarrufida bo‘lgan parlamentdagi ikki o‘rinni yo‘qotgan. G‘arb va muxolifat saylovlar demokratiya andozalariga mos o‘tmaganini aytishgan.

Saylovdan so‘ng partiya rahbari Muhiddin Kabiri mamlakatni tark etgan. So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, u hozir Turkiyada qolmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar Tojikiston hukumatining bosimlari Islom Uyg‘onish Partiyasi faoliyatiga butkul barham berishga qaratilganini aytadilar. Hozirda partiya siyosiy sahnadan butunlay ketishi ehtimoli yuzasidan ham mish-mishlar paydo bo‘lgan.

Dushanbedan jurnalist Mardon Muhammad bilan suhbatni to‘liq tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio