Trotskiyning nevarasi o‘z bobosining o‘limi haqida so‘zladi

Image copyright Courtesy Trotsky Museum
Image caption Esteban (o‘rtada) bobosi Lev Trotskiy va uning ikkinchi rafiqasi Natalya Sedova bilan

75 yil avval Meksikada Stalinning agenti Ramon Merkader Lev Trotskiyga og‘ir jarohat yetkazdi. Trotskiy ertasiga - 1940 yilning 21 martida olamdan o‘tdi.

Oktyabr davlat to‘ntarilishining tashkilotchisi va Qizil armiya asoschisi Trotskiy VKP(b) (Bolsheviklarning umumittifoq kommunistik partiyasi) safidan chiqarilgandi va 1929 yilda SSSRdan surgan qilingandi. Ovro‘poning turli qismlarida bir necha yil yashagach, u o‘limidan uch yil avval Meksikaga joylashgandi.

U yerda Trotskiy nisbatan tinch hayot kechirdi. U publitsistika va o‘zi asos solgan To‘rtinchi internatsional ishlari bilan mashg‘ul bo‘lardi, hamda yosh fikrdoshlari bilan muloqot qilardi. Tabiatga ko‘ngil qo‘ygan Trotskiy bog‘dorchilikni hush ko‘rgan.

Lekin, Sovet rahbariyati uni yo‘q qilish rejasidan voz kechmagandi. Merkaderdan sal avval ham Trotskiyning hayotiga suiqasd uyushtirilgan. 1940 yilning 24 mayida mashhur meksikalik rassom va ashaddiy stalinist Xose David Sikeyros boshchiligidagi qurolli kishilar guruhi Trotskiyning uyiga hujum qilgandilar.

Qator tarixchilarning fikrida, Trotskiy baland minbarlardan Stalinni jahon revolyutsiyasiga nisbatan sotqinlikda ayblab kelganida, Stalin unga tegmagan. Bu bilan Stalin G‘arbning e‘tibori susayishini poylagan. Ammo, SSSR va Olmoniya o‘rtasida Molotov-Ribbentrop bitimi imzolanganida Trotskiy ikki totalitar rejim o‘rtasidagi ittifoqning xavfi borasida gapira boshladi. Aynan shunda Stalin uni yo‘q qilishga qaror qildi. Trotskiyning oxirgi maqolalaridan biri "Stalin - Gitlerning g‘aznachisi" deya nomlangandi.

Trotskiyning xizmatlariga berilgan tarixiy baholar bir-biridan farq qiladi, ammo uning nevarasi Esteban (Vsevolod) Volkovda bobosi haqida faqat ezgu xotiralar saqlanib qolgan. Esteban 13 yoshida bobosi bilan yashash uchun Meksikaga ko‘chib keldi va o‘zini uzoq kutgan osoyishta hayotga erishgandek sezdi.

Image copyright bbc
Image caption Mashhur syurrealist rassom Frida Kalo Trotskiyning Meksikaga kelishiga yordam bergandi

Estebanning onasi Zinaida Lvovna Trotskiy va uning birinchi rafiqasi Aleksandra Sokolovskayaning qizi edi. U 1930-yilda SSSRdan ko‘chib ketish ruxsatini oldi, 1933 yilda esa Berlinda og‘ir depressiyada bo‘la turib, o‘z joniga qasd qildi. SSSRda qolgan Estebanning otasi Platon Volkov 1936 yilda qatl qilingan.

Asl ismi Vsevolod Volkov-Bronshteyn bo‘lgan 89 yoshli janob Volkov hali ham Meksikada yashaydi. Nafaqaga chiqishdan avval ximik bo‘lib ishlagan. BBCga intervyu bera turib, u Stalinning agentlari o‘z maqsadlariga erishgan o‘sha mudhish kun haqida so‘zlab berdi.

"Bolani bu yerga kiritmanglar"

Esteban Volkov poytaxt Mexikoning tinch mahallasida, devorlari baland va qattiq qo‘riqlanuvchi uyda bobosi va uning ikkinchi rafiqasi Natalya Sedova bilan yashardi. 1940-yilning 20 avgustida o‘smir maktabdan uyiga qaytganini eslaydi.

"Yozning tinch, iliq kuni edi, vaqt tushlik paytlari edi. Men tinchgina uyga qaytayotgandim. Uzoqdan uyimiz oldida nimalardir sodir bo‘layotganini ko‘rdim. U yerda politsiya turgandi, eshiklar lang ochiq, qandaydir mashina ham bor edi. Bu odatiy hol emasdi, shuning uchun ko‘nglimda xavotir paydo bo‘ldi. Qo‘rqib ketdim", - deydi u.

Image copyright Getty AFP
Image caption Trotskiyning uyi 1940 yil mayida yuz bergan suiqasd harakati ortidan qattiq qo‘riqlanardi

Bezovta bo‘lgan Esteban qadamlarini tezlatdi. Axir uch oy muqaddam ham uning bobosi hayotiga suiqasd uyushtirilgandi.

"Birinchi bo‘lib qo‘riqchilardan biri Garold Robinsni uchratdim. Uning qo‘lida 38 kalibrli "Kolt" to‘pponchasi bor edi va u juda qattiq hayajonda edi. "Garold, nima bo‘ldi?" deb so‘rasam, "Jakson, Jakson!" dedi u. Avvaliga tushunmadim, Jaksonning nima aloqasi borligini", - deydi Volkov.

Asl ismi Ramon Merkader bo‘lgan Frank Jakson bu uyda tez-tez mehmon bo‘lib turardi. Ispaniyalik bu kishini Trotskiy yaqin do‘st deb ko‘rgan, ammo u Stalinning ayg‘oqchisi bo‘lib chiqdi.

O‘sha kuni Jakson-Merkader go‘yoki Trotskiyga o‘z qo‘lyozmasini ko‘rsatish uchun kelgan, ammo qariya bilan yakka qolgach, yashirincha olib kelgan muzni yoruvchi bolta bilan uning boshiga urgan. Ammo, hammasi Merkader rejalagandek bo‘lmadi. Trotskiy qattiq baqirib, unga qarshilik ko‘rsatishga urindi. Jinoyat joyida hibsga olingan qotil keyin 20 yilni qamoqda o‘tkazdi. Bo‘sag‘adan o‘tar ekan, Esteban qonga belangan bobosi yonida o‘tirgan Natalyaga ko‘zi tushdi.

"Kutubxonamizga kirganimda, bobom eshik yonida ko‘lmakka aylangan qon ichida yotardi. Uning yonida Natalya, yana bir necha odamlar, kotiblari bor edi. Bobom o‘shanda: "Bolani bu yerga kiritmanglar, u bularni ko‘rmasligi kerak", - dedilar. Kirmadim. Bu men uchun juda ham qayg‘uli damlar edi", - deya xotirlaydi Volkov.

Image copyright unknown
Image caption Trotskiyni og‘ir yaralashda qo‘llangan qurol

Ko‘p qoni ketgan va hushini yo‘qotayotgan 61 yoshli Trotskiyni kasalxonaga olib kelishdi, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadilar.

Uning o‘limi ortidan uy bo‘shab qoldi. "Uyimizda yolg‘izlik hissi hukm surardi. Natalya bilan ikkimiz qolgandik, faqat bitta kotib yonimizda edi. Bobomning boshqa ham do‘stlari ketib qolishdi", - deydi Volkov.

Rangorang mamlakat

Bu hodisadan bir yil avval bolakayning umri butkul boshqacha edi. Bobosi bilan yashash uchun Meksikaga kelganida uning yuragi umidlarga to‘la bo‘lgan. "Bu ranglarga to‘la mamlakat edi, oftob charaqlab turardi, osmon moviy. Ovro‘poda bunday emasdi, u yerda asosan bulut, yo qish bo‘lardi. Meksika esa serquyosh edi".

O‘smirga yaxshi ta‘sir qilgan narsa faqat iqlim emasdi. Uning onasi o‘g‘li bilan Stalindan qochib, Ovro‘poning bir poytaxtidan ikkinchisiga ko‘chardi va oxiri Parijga joylashgandi. 1933 yilda u tushkunlikka tushib Berlinda o‘z joniga qasd qildi.

"Butun oilamiz ortidan tushganlar. Diktator, qonxo‘r Iosif Stalin ularning ko‘pini o‘ldirtirgan. Shuning uchun bobom meni o‘z himoyasiga olish uchun Meksikaga chaqirtirib olgandi", - deydi u.

Image copyright Getty Images
Image caption Trotskiy va Sedova Meksikaga 1937 yilda kelgandilar

O‘smir uchun bu kabi radikal fikrdagi yoshlarga to‘la uyda yashash juda qiziq edi.

"Kunning ko‘p qismini bobom o‘z kabinetida o‘tkazardi, diktovka qilardi, jurnallar o‘qirdi, o‘zining yosh do‘stlari, hamda unga qo‘riqchi va kotib bo‘lib yollangan safdoshlari bilan siyosatni muhokama qilardi."

Ammo, Esteban bu munozaralarda ishtirok etmasdi.

"Bobom ularga: "Bola bilan siyosat haqida gaplashmanglar", - derdilar. U butun oilasi qirilib ketgani uchun mening kelajagimni, hayotimni shu yo‘l bilan himoya qilmoqchi edi. U mening porloq kelajagimni ta‘minlamoqchi edi".

Siyosiy munozaralardan tashqari Trotskiy uyining ahli tabiatga chiqib turishardi. Esteban bu safarlarni juda yaxshi ko‘rardi. "Biz bobomning AQShdan kelgan do‘stlari bilan piknikka chiqardik. Ikki-uchta mashinaga o‘tirib, shahardan ikki soatlik uzoqlikdagi joylarga borib kaktus terardik. "Qariya" butun Meksikadan terib kelingan kaktus navlarini o‘z bog‘iga ekardi. Lekin, 24 mayda bo‘lgan birinchi suiqasd harakatidan keyin bu safarlar to‘xtab qoldi, chunki qo‘riqchilar yangi hujumga shay edilar".

Ota o‘rnida ota

Estebanning yangi uydagi xavfsizlik hissiga may oyida yuz bergan birinchi suiqasd harakati nuqta qo‘ydi.

"Bobomning yotoqxonasiga qo‘shni xonada tinchgina uxlayotgandim. Vaqt tongda soat to‘rtlar edi, chamamda. To‘satdan kimdir bog‘dan kiriladigan eshikni ochdi. Men avvaliga u uydagi biron kotib bo‘lsa kerak deb o‘yladim, lekin ular miltiqdan o‘t ochishdi", - deya hikoya qiladi u.

Image caption Esteban Volkov hali ham bobosining uyida yashaydi

O‘smir karavoti tomon otilgan o‘qlardan biri uning oyog‘ini yengil yaralagan. U karavotidan emaklab tushib, burchakka tiqilib olgan, so‘ngra esa qo‘riqchilar xonasiga kirib olish uchun kutubxona orqali qochgan. Trotskiyning qo‘riqchilari javoban o‘t ochar ekanlar, hujumchilar g‘oyib bo‘lganlar. Ko‘p o‘tmay, Esteban bobosining ovozini eshitgan.

Hujum ortidan bobosining ruhi juda ko‘tarinki edi. "Tasavvur qiling, Stalinning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan suiqassddan omon qolishni?" - deydi Volkov. Uning aytishicha, ko‘p o‘tmay unda qo‘rquv hissi arigan va uyda yana osoyishtalik hukm sura boshlagandi.

Bobosining o‘limi ortidan Esteban Volkov o‘gay buvisi bilan Meksikada qoldi. U universitetni tamomlab, to‘rt farzandni voyaga yetkazdi. U buvisi Natalya yolg‘iz qolishini istamasdi.

Natalya Sedova 1962 yilda vafot etdi. Bugunda sal kam 90ni qoralagan Volkov hali ham Trotskiyning Mexikodagi uyida yashaydi. Ayni uyning bir qismi muzeyga aylantirilgan. Esteban o‘z bobosi bilan ko‘p umr kechirmagan bo‘lsa-da, bobosi uning hayotida katta rol o‘ynaganini aytadi.

"Qariya men uchun ota o‘rnidagi ota edi. Mening muammom shuki, bu kabi shaxslar mening hayotimda juda tez-tez o‘zgarib turgan - ota va ona o‘rnidagi ota-onalar, demoqchiman. Men nihoyat bir barqaror vasiyni topganimda, u ham uzoq yashamadi. Keyin men bobom hali ham yonimda, tirik ekanini tushlarimda ko‘rganman", - deydi u.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio