Obidxon qoriga suiqasdda gumon qilingan asosiy shaxs Shvetsiyaga berildi

Image caption Obidxon qori Nazarov 2012 yil 22 fevral kuni otib ketilgandi

O‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarov hayotiga suiqasdni amalga oshirishda gumon qilingan shaxs Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan.

Obidxon qori Nazarov 2012 yil 22 fevral kuni peshin namoziga chiqayotgan payti, o‘z uyi yo‘lagida yaqin masofadan noma‘lum shaxs tarafidan otib ketilgandi.

Uning o‘g‘li Dovudxon Nazarovning Shvetsiya huquq-tartibot idoralari tomonidan berilgan ma‘lumotlarga tayanib aytishicha, gumondor shaxs 25 avgust kuni Shvetsiyaga olib kelingan.

"Bizga kelgan ma‘lumotlarga ko‘ra, asosiy jinoyatchi deya gumon qilingan shaxs kecha (25 avgust) kechga yaqin Shvetsiyaga keltirilgan. Gumondor anchadan beri xalqaro qidiruvga berilgani aytilgan edi. Avvalroq, u Rossiyada qo‘lga olingani haqida xabar ham tarqalgandi... Ammo, aytilishicha, gumondor bu xabarlar tarqalgan vaqtda emas, undan keyinroq, so‘nggi bir necha oy ichida hibs qilingani bizga ma‘lum bo‘ldi. Va Rossiya va Shvetsiya tomonlari o‘rtasida yashirin muzokaralar kechgan, natijada, va nihoyat, gumondor Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan", deydi Dovudxon Nazarov.

Dovudxon Nazarovning aytishicha, bundan oldinroq, gumondorni hibsga olish to‘g‘risida sirtdan qaror chiqarilgan.

Ma‘lum qilinishicha, gumonlanuvchi juma kuni Ostersund shahar mahkamasida hozir bo‘lishi kutilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari kelgusi ikki kun ichida uning Shvetsiya mahkamasiga keltirilishi hamda rasman ayblov e‘lon qilinishi mumkinligini aytishgan.

Bundan oldin, Shvetsiyaning Ostersund shahri mahkamasi taniqli imom Obidxon Qori Nazarov hayotiga suiqasddga aloqadorlikda ayblab ikki nafar o‘zbekistonlikni mahkamaga tortgan, ammo ularning qotillik urinishidan qo‘llari borligi yetarlicha isbotini topmagani aytilib, oqlov hukmi chiqarilgandi.

57 yoshli Obidxon qori Nazarov suiqasd urinishidan so‘ng ma‘lum muddat koma holatida qolgan.

O‘g‘li Dovudxon Nazarovning bildirishicha, uning salomatligi asta-sekinlik bilan tiklanib bormoqda.

BBC O‘zbek Xizmati so‘nggi xabar yuzasidan oydinlashgan ma‘lumotlarni chop qilib boradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq