O‘zbekistonlik talaba maktubi: "Bu yerda menga insonday munosabat qilishdi..."

Image copyright Getty
Image caption London manzaralari

Qadrli do‘stim, bu maktub bahonasida o‘zimning G‘arbdagi ilk taasurotlarimni baham ko‘rmoqchiman.

Avvalgi maktubim e‘lon qilinganidan keyin o‘quvchilardan biri "hozir maktub yozishmaydi" qabilida luqma tashlabdi, rost, hozir ta‘bir joiz bo‘lsa, maktub usuli eskirdi.

Hozir hech kim qo‘liga qog‘ozu qalam olib, dardini dasturxon qilmaydi, telefonda gaplashadi, bo‘lmasa nafaqat jumlalarni, balki so‘zlarni ham qisqartirib SMS yoki ijtimoiy tarmoqlarda aloqa qiladi.

Mening maqsadim, deyarli butun mamlakatni qariyb junbushga keltiradigan g‘iybatomuz holatlar haqida "fikrlashish" emas.

Ochig‘i, ijtimoiy tarmoqlarga ishonsak, butun bir mamlakatda yoshroq avlodning asosiy fikri-xayoli qanaqadir qo‘shiqchining bema‘ni qilig‘i, yarim yalang‘och kiyinishi bo‘lib qolganday...

Bizdan kattaroq avlodni esa gapirmay qo‘ya qolay... Zo‘rman deganlari biri biri bilan she‘r bo‘lashib o‘tiradi.

"Ulug‘ shoir"ining yangi she‘rlarini yo ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi va yo yeryostiq qilib tepadi.

Men esa...nimalardir o‘zgarishini hohlayman, ana shu o‘zgarishlarni shu maktublar bilan "qidirib" ko‘raman.

Xullas, G‘arb...

Image copyright PA
Image caption "Britaniyaga marhamat, janob!"

G‘arbning eng ilg‘or davlatlaridan birining poytaxtiga uchog‘imiz qo‘ndi.

Bu davlatning chegarasidagi tekshiruvchi xodimlarning birortasi meni tanimas edi.

Qarindoshim, do‘stim, mahalladoshim va hatto millatdoshimu dindoshim emas edi!

O‘zbekistondagi mulozimlar bilan munosabatlarga taqqosan aytaymi, do‘stim?

Bu g‘irt begona meni ODAM o‘rnida ko‘rishardi!

Sen bilan maktabda o‘qib yurganimiz - Shekspir yurtidagi ilk hayojonim shundan boshlandi.

Avvaliga, mehmonlarni shunaqa kutib olishar deb o‘yladim, ammo ko‘cha-kuyda, ishda va o‘qishda insoniy muomala madaniyati xuddi... "O‘tgan kunlar"dagi kabi!

Shahar esa rostakamiga go‘zal edi.

Binolaridan ko‘z qamashadi, zotan, hech qayerda birorta ham shior yo‘q edi, na mamlakat o‘tmishi bilan og‘iz ko‘pirtirib kerilish va na kelajakka doir turfa va‘dalaru bashoratlar!

Yangi uy, Xorazmiy, Ibn Sino va ...koreyalik do‘stlar

Image caption G‘arbliklar odatda Samarqandu Buxoroni tanishadi...

"Yangi uyim"da meni iliq qarshilashdi.

Bu uyda men bilan turadiganlar koreyaliklar ekan.

Sharqdan yana sharqqa kelib qoldim desam ham bo‘laveradi, do‘stim.

Barchalari ko‘ngli ochiq insonlar ekan. Eng hayratda qoldirgani esa...yangi do‘stlarimning aksariyati O‘zbekiston haqida eshitishgan, Ibn Sino, Xorazmiy, Ulug‘bek va Al-Farg‘oniylar haqida tasavvurga ega edilar!

Odatda g‘arbliklar orasida Samarqandu Buxoroni biladigani chiqib qolsa, salkam "otamlab" qolamiz, bu do‘stlarim esa...

Ammo bir xursand bo‘lsam, bir hafsalam pir bo‘lardi, oxirgi asrlarda ko‘krak kerib maqtanishga arziydigan biror olim tug‘ildimi Vatanda?

Hozirda O‘zbekistonda ilm olish va yo ilm bilan shug‘ullanishda na shon, na sharaf, na imkon va na manfaat bor!

Xonadoshlarimdan biri tez orada ish ham topib berdi.

Qizig‘i, har gal O‘zbekiston tarixi haqida so‘zlar ekanman, u mening hikoyalarimni qo‘lida daftar bilan tinglar, qiziqroq tuyulgan hamma narsani yozib olardi.

Vatanni sog‘inib sal kayfiyat tushsa, ular, "xafa bo‘lma, tez kunda bu muhojirot yillari tugaydi, uyga ketamiz, chet elda o‘qib orttirgan bilimlarimiz bilan vatanni gullatamiz", deyishardi.

Men esa Turkiya, Britaniya, Fransa o‘qib qaytgan tengdoshlarim, mendan kattaroq yoshlarni bilaman, ularning biror nafariga ham O‘zbekistonda "mana, mana bu falonchi dehqonning o‘g‘li, o‘z kuchi bilan Londonda o‘qib keldi, buni ishga olamiz", deb aytishgani yo‘q.

Uch do‘stimiz butunlay mamlakatni tark etish harakatida, vaqtinchalik inglizchadan repititorlik qilishmoqda, buni aytmasam ham bilasan!

Mahallamizdagi Otabek akaning qiynalganlari yodingdami?

Amerikada o‘z sohasi bo‘yicha o‘qib kelgandi!

Eng yaxshi universitet diplomi bor edi, bunaqa aqlli va zukko odamni amakim aytmish " hozir kursisini orqasiga yelimlab olgan minglab tekintomoqlar"orasidan topolmaysan...

Har gal unga bir xil javob berishardi! Diplomni "notifikatsiya" qilish kerak!

Mantiq bormi?

Image copyright gazeta.uz
Image caption "Vatanimga kerak bo‘lamanmi?"

Amerikaning universiteti bilan O‘zbekistonni solishtirish mumkinmi?

Nima uchun bu mamlakat ilg‘or O‘zbekistondan?

Nima uchun O‘zbekistondagi biror universitetning filialini Londonda yoki Nyu Yorkda ochishmaydi?!

Britaniyaning mundayroqdan ham nariroq universitetini esa Toshkentda ochamiz?

Qani mantiq, do‘stim?!

Aslida esa...butun bir tuzumning qalloblik, poraxo‘rlik va ayrim payt zo‘ravonlikka qurilgan asoslarini buzish ehtimoli bo‘lgan Otabeklar kimga kerak?

"Kursiga keti yelimlangan" millionlab odam nima qiladi?

Qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik va millatchilik avj olib turgan bu pallada kim vatan haqida qayg‘uradi?

Londondagi universitetda o‘qib, hali dunyoni o‘zgartirsa bo‘ladi deb o‘ylaydigan men kabi uch-to‘rtta, yigirmani endi hatlagan "xom"larmi?!

O‘zbekistonda fidoyi insonlar yo‘q emas, albatta bor, o‘qituvchimiz Dilnoza opani eslaysanmi?

U ishdan tashqari yana ham bilimlarini bo‘lashish niyatida nodavlat tashkilot ochmoqchi bo‘lgandi.

Yugur-yugur va ming mashaqqat bilan bankdan kredit oldi.

Mutlaqo keraksiz qog‘ozu hujjatlarni to‘pladi.

Olgan kreditining qaysidir qismini pora sifatida berishga majbur bo‘ldi.

Bechoraning qarshisida yengib o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqlar paydo bo‘ldi...

Yana nimalarni aytay?

Hali o‘qishimga ancha bor...O‘rganadigan narsalar juda ko‘p!

Bularning barini vatanda "ishga solish" va taraqqiyotga hissa qo‘shish mumkin, ammo bugungi holatni ko‘rib, ming xayolga boraman...

Bir kun qaytadigan bo‘lsam, kerak bo‘lamanmi vatanimga?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq