Hashar amaldorga yarashmaydimi?

Hasharga asosan byudjet tashkiloti ishchilari ixtiyoriy majburiy ravishda jalb qilinadi Image copyright none
Image caption Hasharga asosan byudjet tashkiloti ishchilari ixtiyoriy majburiy ravishda jalb qilinadi

O‘tgan haftaning oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan umumxalq hasharida 17 yarim milliondan ortiq odam qatnashgan. Sovetlardan meros hashar yoki shanbaliklar ixtiyoriy bo‘lgan va unda rahbarlar ham qatnashgan. Lekin bugungi kunga kelib O‘zbekistonda hasharlarning shakli va davom etish muddati o‘zgargan. Unda asosan oddiy odamlarning ixtiyoriy-majburiy ravishda qishin yozin ishlayotganini ko‘rish mumkin.

"Bugungi mustaqil O‘zbekistonning hasharlari Sovet O‘zbekistonikidan farq qiladi", - deydi Toshkentdan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Tashanovga ko‘ra, hozirgi hasharlar rasman ixtiyoriy bo‘lsa-da, biroq amalda majburiy ahamiyat kasb etadi. Unda qatnashmagan odamlar turli bosimlarga duch keladi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda hasharlar ommaviy va doimiy tus olganini e‘tirof etishadi.

Shifokor, o‘qituvchi kabi davlat byudjetida ishlovchi qatlam qishin yozin hashar niqobi ostida majburiy mehnatga jalb qilinadi.

Unda qatnashishni istamagan xodimlar esa ishxonada siquvlarga duch keladi va alal oqibat ishdan haydaladi.

Huquqni talab qilib majburiy mehnatda ishtirok etishni istamaganlar va u haqda O‘zbekistondan tashqariga xabar berganlar esa davlat sirini oshkor qilishda ayblanishi ham mumkin.

Abdurahmon Tashanov odamlarning muttasil va vazifasidan boshqa ishlarni tekin qildirishga majburlanishi hukumat boshqaruv organlarining kundan kunga falajlanib borayotganini anglatishini aytadi.

"Bu davlat hokimiyat organlarining kundan kunga falajlanib borayotganini bildiradi. Chunki bunday ishlarni qilish uchun mas‘ul tashkilotlar bor. Masalan. obodonlashtirish boshqarmasi,yoki suv quvurlarini tozalash uchun o‘zlarining maxsus boshqarmalari bor. Bunga odamlar soliq to‘laydi va soliqdan tushgan puldan oylik oladigan korxonalar bor. Lekin ular o‘z vazifasini bajarmaydi, muammo ko‘rinib qolganidan so‘ng hashar o‘tkaziladi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Sho‘rolar davrida o‘tkazilgan hasharlarda ishchilarga o‘rnak bo‘lish va ularni ruhlantirish uchun kichik amaldorlardan tortib, davlat rahbarlarigacha shanbaliklarda ishtirok etgan.

Biroq mustaqil O‘zbekistonda hatto kichik rahbarlarni ham hasharda ishtirok etayotganini ko‘rmaysiz.

"O‘zbekiston Sovet boshqaruv tizimining ayrim jihatlarini o‘zida saqlab qolgan. Lekin Sovet davrida rahbarlarning o‘zlari ishlab o‘rnak bo‘lardi. O‘zbekiston ana shu jihatini ko‘chirmagan xolos. Ya‘ni O‘zbekistonda katta darajadagi rahbarlar, viloyat, tuman hokimlari yoki tashkilot rahbarlari hasharlarga chiqmaydi. Chunki o‘zim matbuotda va davlat idoralarida ishlaganman. O‘sha vaqti ham rahbarlarning ishlaganini ko‘rmaganman", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Abdurahmon Tashanov bilan suhbatimizni tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq