Migrantmi yo-da qochqin?

Image copyright AFP

Frantsiyadan Britaniyaga o‘tish nuqtasi hisoblangan Kale bandargohidagi simtikanli devordan o‘tishga harakat qilayotgan yo-da O‘rta Yer dengizida odamlarga liq to‘la qayiqlar suratlari oxirgi oylarda G‘arb matbuoti sahifalarida eng ko‘p uchrayotgan manzara.

Lekin bu insonlarni kim deb atash to‘g‘riroq?

Ingliz tilining Oksford lug‘atida aytilishicha, "migrant o‘z yashash yeridan boshqa joyga vaqtincha yo-da hamishaga ko‘chgan shaxsdir".

Bu iborani BBC doxil ko‘plab matbuot tashkilotlari mo‘‘tadil ma‘noda qo‘llab kelganlar. Lekin hozirda bu ibora tanqidga uchramoqda.

Al-Jazeera agentligi websahifasi endilikda lozim taqdirda "qochqin" iborasini qo‘llashi haqida bildirdi. Agentlikning onlayn muharririning yozishicha, "migrant iborasi lug‘aviy ma‘nosidan uzoqlashib, kamsituvchi va uzoqlashtiruvchi ma‘no kasb etgan". Washington Post ro‘znomasi esa bu iboradan mutlaqo voz kechishni ham taklif qildi.

Ba‘zilar "migrant" so‘zi majburan yashash joyini tashlab chiqqanlarni go‘yoki o‘z xohishlariga asosan ko‘chganlar sifatida tasvirlaydi demoqdalar.

BMT hujjatlarda qayd etilishicha, "Migrant termini biron shaxs tomonidan ko‘ngilli ravishda ko‘chish qarori olingan har qanday holda, o‘z qulayliklari nuqtai nazaridan va tashqi faktorlar aralashuvisiz olingan holatlarni ham o‘z ichiga olgan vaziyatlarda qo‘llanilishi mumkin".

2004 yilda Google qidiruv statistiksini olib bora boshlaganidan beri migrant so‘zi oxirgi vaqtlarda eng ko‘p qidirilgan so‘z ekan. Britaniyadagi nashrlarda esa oxirgi oyda eng ko‘p chop etilgan so‘z bo‘lgan. "Qochqin" so‘ziga nisbatan "migrant" so‘zi ikki barobar ko‘p ishlatilgan.

Image copyright AP

1951 yilgi Qochqinlar Konventsiyasiga muvofiq "qochqin - irqi, dini, millati, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy qarashlari uchun tazyiq ostiga olinishning asosli xavfi ostida bo‘lgani uchun mamlakatidan tashqarida bo‘lgan yo-da bu kabi xavf tufayli o‘sha mamlakat himoyasidan foydalana ololmaydigan shasxdir".

Oksford Universitetida qochqinlar muammolarini o‘rganish markazidan bo‘lgan Aleksandr Bettsning aytishicha, qochqin so‘zi biz ularning o‘ngida muayyan majburiyatga ega ekanligimizni, ularni bizning hududga kelishlariga ruxsat berib, boshpana so‘rashlariga imkon yaratishimiz kerakligini anglatadi.

Lekin boshpana so‘rash rasmiy jarayonidan o‘tmagan insonni qochqin deb atashga qarshi bo‘lganlar ham talaygina.

Tarixchi va Daily Telegraph ro‘znomasi sharhlovchisi Tim Stanleyga ko‘ra, "Biron shaxsni qochqin yo-da iqtisodiy muhojir deya rasman mavqe berilishi Ovro‘po Ittifoqi davlatlarida bu borada qaror qabul qilingan nuqtani anglatadi. Ya‘ni har bir davlat u yerga yetib kelgan shaxsni kim deb atashni hal qiladi".

Ayni vaqtda boshpana so‘rash arizasi qondirilmaganlar uchun "noqonunuiy migrant" iborasini qo‘llash borasida ham bahslar paydo bo‘ldi.

Migrants Rights Network tashkiloti rahbari Don Flinning aytishicha, "noqonunuiy migrant" iborasi xavfli iboradir.

"Bundan ko‘ra hujjatlashtirilmagan migrant iborasi to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki kimnidir "noqonuniy" deya atash ularni jinoyatchi sifatida ko‘rilishi bilan barobardir".

Lekin boshqalarga ko‘ra, kimda-kim biron mamlakatga tegishli ruxsat, vizasiz kelsa, demak qonunga qarshi amal qilgan, demak ular "noqonunuiy".

Image copyright

Albatta mamlakatga qonuniy yo‘llar bilan kelishga harakat qilayotganlar bilan boshqa yo‘llar orqali kelayotganlar orasida farqni aniqlashtirish urinishlari mavjud.

Tim Stanleyning aytishicha, u "noqonunuiy so‘zini ishlatishni noqulay ko‘rayotganlarni tushunadi, lekin ibora juda aniq-taniq va mamlakatga kirib kelish va u yerda qolish uchun qonunni buzgan shaxsni aniq belgilaydi".

Bu bahslarning yana bir jihati bor. G‘arb mamlakatlaridan boshqa yerlarga borib yashashni ixtiyor qilganlarga nisbatan hech qachon "migrant" iborasi qo‘llanmaydi. Ularni "ekspat" deya ataydilar. Yana savol tug‘iladi "nima uchun?"

Lekin ko‘plar "migrant" so‘zi kamsituvchi ekanligini rad etadilar.

"Bu biron joydan boshqa yerga ko‘chgan har qanday shaxsni aniq belgilaydi", deydi Migrants Rights Network dan Don Flinn.

Ushbu tashkilot uchun maqollar yozib kelgan Jidis Vonbergning aytishicha esa "migrant" so‘zidan voz kechishga harakat qilish muammoni yanada chuqurlashtiradi.

"Qochqin yaxshi inson, migrant yomon" degan ma‘noni kasb etishi mumkin", deydi u.

Bundan tashqari "iqtisodiy migrant" iborasi yuzasidan ham bahslar mavjud.

Image copyright RIA Novosti

Oksford Universitetidan Bettsning aytishicha, bu ibora majburlikdan emas, tanlov asosida ko‘chgan shaxsni ta‘riflash uchun ishlatilmoqda.

Lekin boshqa yerlardan kelganlarga nisbatan avval ishlatilgan ba‘zi iboralar hozirda yo‘qolib ketgan. Ikkinchi Jahon urushidan avval "kelgindi" (alien) so‘zi ko‘p ishlatilardi.

"Britaniyaning migrantlar haqidagi ilk qonuni "1905 yilgi kelgindilar akti" deb atalgan", deydi De Montfort universiteti professori Panikos Panayi.

Lekin AQShda bu ibora fuqarolikni qabul qilmagan xorijlik ma‘nosida hanuz ishlatiladi.

Prezident Obama ma‘muriyati bundaylarga nisbatan "orzumandlar" ijobiyroq iborasini qo‘llashni taklif qilgan. Ya‘ni "Amerika orzusi"ga intilganlarni ta‘riflashga urinishi sifatida.

Bularga qo‘shimcha "muhojiratdagi inson" (exile) iborasi ham bor.

Bu ibora mamlakatni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, lekin hanuz u yer bilan siyosiy aloqalarga ega va bir kun qaytib borish rejasiga ega bo‘lgan shasxalarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, aksar suriyaliklarni hozirda aynan shu mavqeda ko‘radilar.

Muhojirlarni qanday ta‘riflash kerakligi haqidagi bahslar ba‘zilar uchun ko‘ngilxushlik bo‘lsa, muhojirlarning o‘zlari uchun anchayin muhim mavzu.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio