Hujjatsiz muhojirning bolasi ta‘limdan mosuvo qoladimi?

Image copyright none

Yangi o‘quv yili arafasida Rossiya Federatsiyasi Oliy mahkamasi Ta‘lim vazirligining 2014 yildan bolalarni maktabga berish uchun turar-joydan ro‘yxatdan o‘tganlikka oid hujjat ko‘rsatish talabini o‘z ichiga olgan buyrug‘ini kuchda qoldirgan.

Mahkama so‘nggi qarori rasman qayddan o‘tmagan insonlarning bolalari maktabga qabul qilinmasligini anglatadi.

Ayni qaror asosida yashash ruxsatnomasi muddati o‘tgan muhojirlar farzandlari ham o‘quv yilining o‘rtasidan bo‘lsa-da, ta‘limdan mosuvo qolishlari mumkin.

Moskvadagi "Fuqaroviy ko‘mak" nodavlat tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina Ta‘lim vazirligi kiritgan tartibga qarshi shikoyatlar soni ortib borayotgani haqida aytgan. Unga ko‘ra, hozirgacha Suriya va O‘zbekiston doxil qator davlatlardan kelgan 50dan ortiq muhojir oilalar "Fuqaroviy ko‘mak" tashkilotiga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Biz Svetlana Gannushkinadan muammo ko‘lami qanchalar katta, Rossiyada rasman ro‘yxatdan o‘tmagan insonlar soni borasida aniq raqamlar bormi, deb so‘radik.

Svetlana Gannushkina: Ro‘yxatdan o‘tmagan insonlar soni juda ko‘p, ular orasida xorijliklar bilan birga rossiyaliklar ham bor. Ammo, aniq qancha ekanligini men aytolmayman. Taxmin qilishim mumkin, ular 100 mingni tashkil qilishi mumkin.

BBC: Rasmiy ro‘yxatdan o‘tish jarayoni qancha vaqtni oladi?

Svetlana Gannushkina: Bu jarayon juda oddiy bo‘lishi mumkin edi, ayniqsa odamlar qayerda ro‘yxatdan o‘tish mumkinligini yoki shunday registratsiya joylari bor bo‘lsa edi... Bu ko‘p vaqt olmasligi kerak. Kim joy bersa, shular ro‘yxatga olishi kerak, chunki bizda ro‘yxatga kiritirish, deylik ijara oluvchining emas, balki ijara beruvchining zimmasida aslida. Qochqinlar qayerga borishi mumkin? Chunki ularni hech kim bu yerga taklif qilmagan, ular ilojsiz qochqinlardir... Bu o‘zi shundoq ham mushkul bir masala. Boshqa tomondan bizning fuqarolarimiz o‘zlari joy berishar ekan, o‘z manzillariga qochqinlarni yoki muhojirlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni istashmaydi. Nima uchun? Chunki, soliq to‘lashni istashmaydi daromadlaridan... Mana bizning tashkilotimiz ham bir joyni ijaraga olganida, biz o‘sha 13 foizlik soliqni to‘lashga tayyor edik, shunda ham buni istashmadi. Bu yerda bir mantiq bor, Sho‘ro fuqarosi, Rossiya fuqarosi ham davlat bilan aloqalarni hujjatlashtirishni istamaydi, bu eskidan shunaqa... Qo‘rqadi davlatdan. Shuning uchun, afsuski vaziyat shunaqa...

BBC: Mazkur holat bolalar hayoti va ularning ta‘lim olishlariga qanday ta‘sir qiladi?

Svetlana Gannushkina: Bolalarga va qochqinlarga albatta, bu ta‘sir qildi. Salbiy ta‘sir qildi. Chunki, o‘tgan yili Ta‘lim vazirligi buyruq chiqardi. Ro‘yxatdan bo‘lmagan insonlarning bolalari maktablarga olinmasligi haqida va juda ko‘p bolalar, nafaqat, Moskvada balki regionlarda ham maktabsiz qolishdi. Biz bu borada Oliy mahkamaga arz qildik. Kecha bu ishni ko‘rib chiqishdi. Prokuratura ham, Ta‘lim vazirligi ham nimagadir bunaqa cheklov yo‘qligini aytishdi. Biz: "Yaxshi, unda nima uchun bu buyruqda aniqlashtirish yo‘q, masalan, nima uchun aniq qilib, birinchi o‘rinda maktabga shu atrofdagi uylarda yashaydiganlar olinadi, ikkinchi o‘rinda ro‘yxatda bo‘lmaganlar olinadi, deb yozilmagan", dedik. Mahkama bizning shikoyatimizni rad qildi. Endi kutamiz. Qani bu buyruq aniqlashtiruvchi holatlar bilan qayta ko‘rib chiqilarmikan? Biz shunga qarab ish qilamiz.

BBC: Mazkur holat amaldorlar orasida yana korruptsiyani avj oldiradi, deyishadi. Buni qanchalar ehtimoliy, deyish mumkin?

Svetlana Gannushkina: Korruptsiya... har qanday cheklovlar ortidan korruptsiya kelib chiqadi. Hozir bizga arz qilib kelayotganlar soni ko‘paymoqda. Aynan mana shu buyruq tufayli...

BBC: Bunday vaziyatda ro‘yxatdan o‘tmagan oilalar qanday tanlov qarshisida qolishgan?

Svetlana Gannushkina: Biz mahkamalarga murojaat qilamiz.Chunki, boshqa chorani ko‘rmayapman men. Har bir bola uchun kurashni davom ettiramiz. Ya‘ni, ro‘yxatda bo‘lmagan oilalarning farzandlari ham maktabga borishga haqli. Biz kurashamiz har bir ish bo‘yicha...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq