Prezident Karimov yana terrorizm va barqarorlik haqida

Image copyright AP

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan terrorchi guruh musulmonlar orasiga adovat solish uchun yaratilganini aytdi.

31 avgust kuni Toshkentdagi "Shahidlar maydoni"da o‘tgan xotira marosimida gapirgan Karimov janoblariga ko‘ra, guruhning nomi Islom dunyosini tahqirlaydi.

Shuningdek, davlat rahbari din peshvolarini juma ma‘ruzalari payti odamlarni dunyoda bo‘layotgan hodisalardan ogoh qilishga chaqirgan.

Islom Karimov terrorizm masalasida ilk bor o‘z mavqeini ochiqlayotgani yo‘q.

O‘zbekiston hukumati "terrorga qarshi urush"da G‘arbning yaqin hamkorlaridan hisoblanadi.

Ammo, mutaxassislar hukumat ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurash bahonasida o‘z muxoliflarini jazolayotganini aytishadi.

"O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi"

Ayni paytda Prezident Islom Karimov O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmasligini aytgan.

O‘zbekiston Mustaqilligi 24 yilligi tantanasida so‘zlagan Karimov janoblari: "Yana va yana bir bor aytib o‘tishni zarur deb bilaman: O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi. O‘z hududida chet el harbiy bazalarining joylashtirilishiga, harbiy xizmatchilarimizni, bizning bolalarimizni mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi. O‘zbekiston qonuni darajasiga ko‘tarilgan bu tamoyillarni, ayni shunday chuqur o‘ylangan yo‘lni, shunday siyosatni biz uchun eng to‘g‘ri, eng ma‘qul deb bilamiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz", deb aytgan.

Shuningdek, Prezident Karimov uzoq-yaqinda turli "ziddiyatlar, to‘qnashuv va qon to‘kishlar" kuchayib borayotganiga diqqat qaratar ekan, yuzaga keladigan qarama-qarshiliklarni "zo‘ravonlik bilan emas, tinch va siyosiy yo‘l bilan" hal qilinishi lozimligini urg‘ulagan.

"Xalqqa tinchlik va omonlik kerak"

"Ilgari ham aytganman - bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu - o‘zbek xalqining istagi, bu - o‘zbek xalqining maqsadi, bu - o‘zbek xalqining qaroridir", deya qo‘shimcha qilgan Islom Karimov.

Shuningdek, u o‘zbekistonliklarni "ogoh va sezgir" yashashga hamda "tinch va osuda hayot"ni himoyalash uchun kurash zaruratini ta‘kidlaydi.

Qariyb 26 yildan beri qudratda qolayotgan Islom Karimov O‘zbekiston ichkarisida "tinchlik va barqarorlik kafolati" sifatida ta‘riflab kelinadi.

Ammo, sharhlovchilar mamlakatdagi osoyishtalik o‘ta qattiqqo‘l siyosat va o‘zgacha fikrlilarni qattiq jazolash hisobiga ushlab turilganini aytadilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio