Tojikistonda Islomiy websahifaga to‘siq qo‘yildi

Image copyright none

Tojikistonda eng taniqli diniy va siyosiy arboblardan bo‘lgan Hoji Akbar To‘rajonzoda (Eshon Nuriddin, Mahmud va Hoji Akbar To‘rajonzoda) oilasiga tegishli websahifaga to‘siq qo‘yildi.

Hozirda unga proksi saytlari orqali kirish mumkinligi, ammo bunga barcha internet foydalanuvchilari ham muvaffaq bo‘la olmasliklari aytiladi.

Turajon.org sayti asosan Islom haqidagi ma‘rifiy maqolalar hamda omma vakillarining Shariat masalalaridagi savollariga javob berib kelgan.

Hoji Akbar To‘rajonzoda oilasi hozirgacha websahifasining to‘silishi borasida biron bir rasmiy munosabat bilan chiqmagan.

Ammo, websahifada: "Birodarlar va opa-singillar! Afsuski, Tojikistonda sahifamizga kirish Internet shirkatlari tomonidan to‘sib qo‘yildi. Shu sababdan, sizga xizmat ko‘rsatishimiz mushkul va savollaringizni qabul qila olmayapmiz", degan ma‘noda bayonot berilgan.

Ayni paytda savol-javob xizmati websahifa qayta tiklanishi va yo boshqa yo‘llar topilishi bilan qayta jonlanishi mumkinligi aytilgan.

Tojikistonda Facebook va YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlar ham 25 avgustdan beri yopiq qolmoqda.

Navbat kimga?

Mustaqil kuzatuvchilar va tahlilchilar websahifaning to‘sib qo‘yilishi muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi cheklovlar, nihoyat Adliya vazirligining firqani yopish to‘g‘risidagi talabi hamda Islomiy kiyimlarga taqiqlar manzarasida kuzatilayotganiga e‘tibor qaratishadi.

"Tojikistondagi kuzatuvchilar va Rossiyadagi tahlilchilar Tojikiston hukumati Islom Uyg‘onish partiyasi faoliyatiga to‘siqlar qo‘yish bilan qanoatlanmay, mamlakatdagi mustaqil va davlatga bo‘ysunmaydigan ruhoniylarga ham bosimlar o‘tkazishi mumkinligi borasida ogohlantirgandilar", deydi Dushanbedan jurnalist Mardon Muhammad.

"Bu amal, albatta, Tojikistondagi taniqli Islomiy ulamolarning obro‘-e‘tiborlariga putur yetkazish va ularning faoliyatlariga to‘siq qo‘yishni anglatadi", deya qo‘shimcha qiladi jurnalist.

Tanqid minbari

Image caption Hoji Akbar To‘rajonzoda Tojikistonda eng taniqli diniy va siyosiy arboblardan hisoblanadi

Turajon.org sayti asosan Islom masalalariga e‘tibor qaratgan, ammo Tojikiston hukumatining ayrim siyosiy amallariga norozilik bildirish uchun minbar ham bo‘lgani aytiladi.

"Masalan, Tojikistonda hijobga va yoshlari 18ga kirmagan yigitlarning masjidga borishlariga to‘siqlar qo‘yilishi, soqol qo‘yishga ijozat yo‘qligi... bozorlarda zo‘ravonlik bilan soqollarni qirdirib tashlash, ayollarning boshlaridagi ro‘mollarini olib tashlash hodisalari bir necha bor Hoji Akbar To‘rajonzodaning ukasi Eshon Mahmudjon va ularning akalari Eshon Nuriddin tomonidan qattiq qoralangan. Ya‘ni, bu saytda Islom ahkomlariga sharhlar, balki ba‘zi siyosiy hodisalarga tegishli chiqishlar ham paydo bo‘lar edi. To‘rajonzodalar oilasi Tojikistondagi muhim hodisalar, albatta, Islomga bog‘liq bo‘lgan hodisalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishgan va bu amallar Islomga, mamlakat qonunlari, konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmaganini aytib kelishgan", deydi Dushanbedan jurnalist Mardon Muhammad.

Mardon Muhammadga ko‘ra, ayni mana shu chiqishlar websahifaga to‘siq qo‘yilishiga asosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio