O‘zbekiston: Maktablarda Rossiya darsliklaridan maxfiy foydalanilmoqda

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri 24 yil kechganiga qaramay, mamlakat o‘quv yurtlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan darsliklardan kamdan-kam foydalaniladi.

Mahalliy kuzatuvchilarning ta‘kidlashlaricha, milliy tipografiyaning mahsuloti yaroqsiz bo‘lgani tufayli Rossiyada chop etilgan o‘quv darsliklarini yoppasiga ko‘chirish va ularni tarqatish "erosti" industriyasi O‘zbekistonda keng miqyosda tus olgan.

Bunday holat nafaqat boshlang‘ich va o‘rta maktablarda, balki aksar oliy o‘quv yurtlarida, akademik kurslar va doktoranturalarda ham kuzatiladi. Bu haqida O‘zbekiston ichkarisida faoliyat yuritayotgan omma fikrini o‘rganish markazi so‘rov o‘tkazgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, rusiyzabon maktablarda foydalanayotgan o‘quv kitoblarining 65 -70 foizgacha Rossiya bosmaxonalarida nashr qilingan darsliklarning ko‘chirilgan nusxalaridir.

"Erosti" maxfiy bosmaxonalar

Boshlang‘ich maktablarning birinchi sinfidan boshlab bunday noqonuniy tajribaga yo‘l qo‘yilar ekan.

Birinchi sinfni bitirgan o‘quvchi Umarning onasi avgust oyida maktabga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan.

Uning aytishicha, portfelni yig‘ish ya‘ni o‘rtacha narxlarda qalam, daftar va hokazolarni sotib olish uchun u 100 dollar atrofida xarajat qilishi kerak.

Bu mablag‘ ichiga o‘quv darsliklari uchun talab qilinadigan pul kirmaydi ham...

Uch bolalik boshqa bir yosh onaning aytishicha, "men o‘g‘limning ta‘limi uchun pulimni ayamayman, men uning yaxshi ma‘lumotli bo‘lishini xohlayman".

U sifatli darsliklar uchun pul to‘lashga tayyor.

O‘zbekistonda nashr qilingan darsliklar umumta‘lim maktablardagi qoidaga muvofiq ijara asosida tarqatiladi. Biroq ijara haqini ota- onalar to‘lashsa ham, amalda ulardan rus maktablarida kamdan kam foydalaniladi.

Ota-onalar pul yig‘ib Rossiya dasrliklarini o‘qituvchi orqali sotib olishar ekan.

Moskvada chop etilgan darsliklarning muqovasi va birinchi uch sahifalari olib tashlanadi, hech kim bu kitoblar qayerda nashr etilgani va mualiflari kimligini bilmasliklari uchun... Yangi muqovaga multfilm qahramonlari va har bir o‘quvchining ismi familiyasi yoziladi. O‘qituvchi mabodo vazirlikdan komissiya kelib qolsa, bolalarga o‘zbekcha darsliklarni partalari ostida saqlash va almashtirib qo‘yishni o‘rgatadi.

Image caption Rossiyada nashr etilgani bilinmasligi uchun darslik muqova va birinchi uch sahifasiz qayta chop etiladi

Umarning xikoyasi

2-sinf o‘quvchisi Umarning aytishicha, partasi ostida doimo o‘zbek matematika kitobi yotadi.

"Agar kim kelib qolsa, biz unga o‘zbek darsliklari bo‘yicha o‘rganayotganimizni ko‘rsatamiz. Mualimmamiz ham ‘kim kelib qolsa, unga ko‘rsatish uchun, parta tagida ushlab turinglar’, deydi. Masalan, maktab direktori biz qaysi kitoblardan dars o‘qiyotganimizni bilmaydi, agar direktor kirib qolsa, biz o‘sha zahot ruscha kitoblarimizni yashirib, huddi o‘zbekcha kitoblardan foydalanayotganimizni va ularni o‘qiyotganimizni ko‘rsatamiz. Ketishi bilan, yana Rossiyada chiqarilgan kitoblarga o‘tamiz".

Sizlar "nega biz bunday qilishimiz kerak deb muallimangizdan so‘ramaysizlarmi", degan savolga, yetti yashar bola quyidagicha javob berdi: " Axir direktorning jahli chiqmasin deb shunday qilayapmiz-da!"

"Biror marta direktor sinfga to‘satdan bostirib kirganmi?"

"Faqat bir marta bo‘lgan, xolos", deydi Umar.

Umarning onasiga ko‘ra, o‘tgan yili maxfiy tayyorlangan har bir rossiya darsligi uchun u 18 ming so‘m to‘lagan. Bu yil narxlar ko‘tarilishini kutmoqda. Umarning sinfida 45 bola o‘qiydi. Uning aytishicha, o‘zbek darsliklaridagi vazifa va misollarni tushunish qiyin. Onasi esa boshlang‘ich ta‘limning sifati pastligi va o‘zbek o‘quv kitoblaridagi dastur "o‘ta yengil" bo‘lgani uchun ota-onalar rossiya kitoblaridan o‘qitishni afzal ko‘rishini aytadi.

Image copyright bbc

Chalasavod darsliklar va... qo‘ylar

Shu yilning aprel oyida Podrobno.uz internet nashrida "Ta‘lim vazirligi xatolar bilan chop etgan o‘quv uslubiy qo‘llanmalar ijtimoiy tarmoqlarda hazil mavzusiga aylangan" degan maqola chiqqan. Mazkur nashr O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari qo‘llanmasidan joylashtirgan suratlarda rus tilida xato bilan yozilgan ayrim misollarni keltirgan.

Imtihon biletlari uch savoldan iborat.

"O‘zbekiston prezidenti va uning vakolatlari" hamda "Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari" kabi savollar bilan birga jiddiy ravishda o‘quvchilarga uchinchi savolda "A ismli voyaga yetmagan o‘smir bola qo‘shnisining qo‘ylarini qo‘yib yuborgani" yozilgan.

Ehtimol, bunday "hayotiy" misol orqali "o‘quvchining xulq-atvor borasida olgan bilimlarini amaliyotda tatbiq eta olish" qobiliyatini tekshirmoqchi bo‘lganlar.

Mahalliy manbalarning aytishlaricha, Rossiyada chiqarilgan test qog‘ozlari uyalmasdan ko‘chirilib, "milliylashtiriladi". Ular keltirgan misollardan: 4-sinf uchun bosqichli imtihon materiallari va metodik tavsiyalar to‘plamida "do‘ppi" va bu bosh kiyimi qanday xavas uyg‘otishi mumkinligi haqida diktant matni chop qilingan. Savollarda esa "do‘ppi" so‘zini tahlil qilish tavsiya etiladi.

Image copyright bbc

O‘zbekchilik muhitiga moslashtirilgan biroq haqiqiy hayot sharoitlaridan yiroq "Matematika" darsligida 800 tup limon va 400 tup xurmo ko‘chatlarini o‘z hovlisida yetishtirgan Nodir har bir daraxtni 150 so‘mdan sotgani haqida vazifa beriladi.

Oltinchi sinf uchun Qadimgi davr tarixi kitobida yunon-fors urushlari va Salamin jangida ishtirok etgan Sparta qiroli Leonid xaqida so‘z yuritiladi. Uni aks ettirish uchun "300" filmida uynagan Golivud aktyori Jerard Batlerning surati bosilgan. Bema‘ni va mantiqsiz misollarni ko‘plab davom ettirish mumkin...

Faollardan birining aytishicha, "...qulishni ham bilmaysan kishi, yig‘lashni ham...butun muammo shundaki, hatto tanqidiy maqolalar chiqqanidan keyin ham bu imtihon biletlari nashrga berilgan va hozirda ham berilmoqda. Va bu hazil emas, bu ta‘lim tizimini boshqarayotgan shaxslarning saviyasidir".

Toshkent viloyatida joylashgan maktablardan birining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining BBCga aytishicha, eski kitoblarni kutubxonada saqlagani uchun maktab katta jarima to‘lagan, hozirgi o‘zbek tilidagi darsliklar murakkab tilda yozilgani, ularda boshlang‘ich sinf o‘uquvchilariga "to‘g‘ri kelmaydigan rasmlar" bo‘lgani sabab berilgan vazifalarni bolalarga yetkazish qiyin kechmoqda.

Mo‘maygina biznes

Internet saytlarida O‘zbekiston xalq ta‘limi vazirligi tomonidan chiqarilgan darsliklar va qo‘llanmalar tez-tez tanqidga uchraydi.

Odatda o‘zbekistonlik iste‘molchilar o‘z tanqidiy qarashlarini ochiq matbuotda izhor etishdan bosh tortishsa, biroq ta‘limu-tarbiya masalasiga kelganda, bu mavzu odamlarni qanchalar tashvishlantirayotganini ko‘rish mumkin.

Xira nusxalarni chiqarayotgan maxfiy bosmaxonalar gurkirayotgani ham hech kim uchun yangilik emas.

BBC O‘zbek xizmati jurnalistik tekshiruv jarayonida bunday bosmaxonalarga aloqador "dallol"lardan biri bilan muloqotda bo‘ldi.

Dallolga ko‘ra, u Rossiyada chop etilgan har qanday darslikni muqovasiz va birinchi uch sahifasiz tipografiyada tayyorlab berishi mumkin. O‘quv yili boshlanishiga kam vaqt qolayotgan sayin, buyurtmalar soni ham qo‘paygan. "Shuning uchun, shoshiling!", dedi u.

Dallolning aytishicha, 2-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan matematika darsligining A4 shakldagi nusxasi bugungi kunda 36 ming so‘mga chiqdi, Rus tili esa 26 ming so‘m bo‘ldi. "Sifati uchun xavotir olmang, qanday istasangiz va qancha kerak bo‘lsa, shuncha tayyorlab beramiz", dedi u.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda darsliklarni tayyorlash, hamda Rossiyada nashrdan chiqqan darsliklarni ko‘chirish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarning ko‘plari ... savodsiz. Mustaqil faolning aytishicha, unga davlat test markazi xodimlaridan biri "eng muhimi, hech bo‘lmasa bir mavsumni bir amallab o‘tkazib olsang bo‘ldi... Agar qo‘lga tushmasang, bir sezonda yuz ming va undan ortiq pul ishlash mumkin", degan.

Image caption Izohga hojat yo‘q...

Har holda milliy valyutani nazarda tutib gapirmagani aniq...

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi o‘tgan aprel oyida internetda masxara qilingan xatolarga javoban, qo‘llanmalar uchun ma‘sul xodim ishdan bo‘shatilgani haqida e‘lon qilgandi.

Biroq O‘zbek xizmatining aynan shu masalada qilgan murojaati shu vaqtga qadar javobsiz qolmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio