Markaziy Osiyoda hijob yoki "yot madaniyat"ga qarshi kurash

Image copyright AP
Image caption "O‘zga madaniyat"

Markaziy Osiyo davlatlarida radikalizm va o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan ekstremist guruhlar tahdididan xavotirlar ortar ekan, hijobga qarshi kampaniya o‘xshash tus olmoqda.

Hijobga qarshi "yurish" sobiq Sho‘ro respublikalarida diniy erkinlikni cheklashga qaratilgan yana bir urinishdek ko‘rinadi.

Aksar musulmonlar yashovchi ushbu mamlakatlarning ba‘zilarida hijob va qora niqob rasman qoralandi. Boshqalar esa, qonuniy taqiq qo‘ymay turib ham ushbu, ularning ta‘biricha, "ajnabiy kiyim"ga qarshi choralarni boshlab yuborishdi.

Tojikiston: "Milliy madaniyatga xos emas"

Image copyright AFP
Image caption Prezident Imomali Rahmon

Ushbu nozik masala atrofidagi hodisalar so‘nggi rivojida parlament quyi palatasi raisi Mahmadsaid Ubaydulloyev poytaxt savdo markazlari va bozorlaridan hijob keltirish va sotishni to‘xtatishni talab qildi.

"Aziya-plyus" agentligi xabariga ko‘ra, u 20 aprel kungi yig‘inda ham xuddi shunday ko‘rsatmalar bilan chiqqandi.

Hatto, Prezident Imomali Rahmon qora libos kiyadigan ayollarni yana bir bor tanqid qildi.

Rahmon janoblari yaqinda: "Nima uchun ajnabiylarga taqlid qilyapmiz? Nima uchun ular bizning do‘ppilarimiz va kiyim-boshlarimizni kiyishmaydi? Aziz onalar va opa-singillar, hech qachon qora ro‘mol o‘ramang! Xudo asrasin, bu musibat keltiradi", deya xitob qildi.

Boshqa bir chiqishida u "yot odamlar bu liboslar bilan" noxush g‘oyalarni yoyish va mamlakatda aqidaparastlar yangi oqimini paydo qilishga urinayotganini aytdi.

Mamlakat huquq-tartibot aqidaparastikka qarshi qattiqqo‘l choralarni yo‘lga qo‘ymoqda. Ammo, aynan hijobga qarshi harakatlar ularning mamlakatda radikal guruhlar ta‘siri ortishidan qo‘rquvlarini namoyish etadi.

Shimoldagi Xo‘jand shahri meri yaqinda o‘z rasmiylariga "Sug‘d yashovchilarini radikal harakatlarga qo‘shilishlari oldini olishga" buyruq berdi.

O‘zbekiston: Arablar kiyimi

Image copyright AFP
Image caption "Arablar kiyimi"...

O‘zbek hukumati hijobga qarshi ochiq-oydin chiqishlar qilmagan esa-da, masala matbuot xabarlarida tez-tez tilga olinadi.

"Ozodlik" radiosi o‘zbek xavfsizlik kuchlari aholi zich yashovchi sharqiy mintaqalar va poytaxt Toshkentda aksil-hijob reydlar o‘tkazishlari haqida xabar qildi.

Shuningdek, "Ozodlik" xabarlaridan birida Toshkent shahar militsiya bo‘limi manbasidan iqtibos keltirildi. Iqtibosga ko‘ra, hijobli ayollarni qo‘lga olish uchun qator maxsus bo‘linmalar tashkil qilingan.

Bundan tashqari, teledasturlarda va davlat homiyligida olingan filmlarda musulmon ayollar o‘rovchi bosh kiyim yo-da, hijob "xorijiy" arablar libosi sifatida ko‘rsatiladi.

Davlat telekanali ba‘zi ko‘rsatuvlarida yosh ayollarning o‘zini "Islomiy Davlat" deya atayotgan guruhlarga o‘xshash tashkilotlarga qo‘shilib ketayotganlari haqida so‘z boradi.

28 may kungi ko‘rsatuvda ayrim qizlar "jinsiy jihod" qurboniga aylanib qolayotganlari haqida ogohlantirildi.

Qirg‘iziston: "Begona an‘analar"

Qirg‘iz hukumati ham mamlakatda hijobni taqiqlash yoki cheklash masalasida istisno emas. Bu amallar fuqarolar orasida bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bosh vazir Temir Sariyev va uning o‘rinbosari Abdurahmon Mamataliyev hijobga qarshi ekanlarini ochiqdan-ochiq bildirishdi.

"Salla, hijob va niqob kiyish qirg‘izlar an‘anasi emas. Bu to‘xtatilishi kerak. Ha, dinimiz Islom, biroq biz begona an‘analarni qabul qilmasligimiz kerak", deya urg‘ulagan Bosh vazir.

Prezident Almazbek Atambayev devoni tarqatgan bayonotida ham davlat boshlig‘i "Islomiy kiyim-bosh" tushunchasiga keskin qarshi ekani ta‘kidlanadi. Uning mavqesi Qirg‘izistonning dunyoviy davlat ekani qayd qilingan konstitutsiyaga asoslangani aytiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari qizlar hijob kiyish uchun 16 yoshdan oshgan bo‘lishlari shartligi taklifi bilan chiqdi.

Aks natija

Image copyright AP
Image caption O‘ziga "Islomiy Davlat" deb nom qo‘yib olgan tashkilot safida markaziy osiyoliklar ham bor

Hukumatlar, ehtimol, radikallashuvga qarshi chora o‘laroq ayni qarorga kelishgandir, ammo ayrim ekspertlarga ko‘ra, mazkur urinishlar alal-oqibat aks natija berishi mumkin.

Qirg‘izistondan diniy masalalar bo‘yicha mutaxassis Qodir Malikov masala siyosiy darajaga ko‘tarilishi va jamiyatda bo‘linishni keltirib chiqarishi ehtimoli haqida gapiradi.

Boshqa bir ekspertning fikricha, hijobni taqiqlash ekstremist guruhlarga qo‘l kelishi va Markaziy Osiyo hukumatlari Islomga qarshi siyosat olib borayotgani isboti sifatida taqdim qilinishi mumkin.

So‘nggi xabarlarda Suriya va Iroqda 1,000dan ortiq markaziy osiyoliklar jang qilishayotgani aytildi.

O‘xshash xabarlarga tayanilsa, o‘ziga "Islomiy Davlat" deb nom qo‘yib olgan tashkilot Afg‘onistonda faollashmoqda.

Asosan, Afg‘oniston shimolida faoliyat qiluvchi O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, mazkur guruhga sadoqatini izhor qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq