Ovro‘po yirik sonli muhojirlar oqimi bilan hisoblashishga urinmoqda

Image copyright AP

Minglab muhojirlar Yunoniston sohillariga yetib kelishar ekan, hukumat bu qadar katta sondagi odamlarga qanday yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilish uchun yig‘in chaqirgan.

4,200dan ortiq kishi tushgan ikki kema Lesbos orolidan Pirey bandargohiga yo‘l solgan.

Bugunda butun Ovro‘po misli ko‘rilmagan sondagi muhojirlar oqimi bilan hisoblashishi mushkul kechmoqda.

Aksari Yaqin Sharqdan bo‘lgan 2,000ga yaqin kishi hamon Mojariston temiryo‘l stantsiyasi tashqarisida qolib ketishmoqda. Politsiya ularning Ovro‘po bo‘ylab yo‘llarini davom ettirishga izn bermagan.

Ovro‘po Ittifoqi chegara nazorat xizmati o‘tgan haftaning o‘zida Yunonistonga 23,000 muhojir kirganini aytgan. Bu o‘tgan haftaga qaraganda 50%ga ko‘pdir.

Ovro‘po tomon kelayotganlarning aksari Suriya, Afg‘oniston va Eritreya fuqarolaridir. Ular Turkiya va yana qator davlatlar orqali mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tadilar.

Joriy yil hozirgacha Yunonistonga kelgan odamlar soni 160, 000dan ortgan. Bu esa, o‘tgan yili jami kelganlar sonidan anchayin ko‘pdir.

Ammo, chorshanba kuni Turkiyadan Yunonistonning Kos oroliga kelayotgan qayiq ag‘darilishi oqibatida kamida 11 inson cho‘kib ketgan. Ularning aksari suriyaliklar ekaniga ishoniladi.

Hodisa muhojirlar yo‘llarda qanchalar xatarlarga duch kelishlari mumkinligini yana bir bor eslatdi.

Yunon hukumati kirib kelayotganning barchasiga yordam ko‘rsatishga zahiralari yetarli emasligini aytadi. Ammo, yordam guruhlari hukumat ko‘proq amallarga qo‘l urishi lozimligini urg‘ulashadi.

Seshanba kuni Prezident Prokopis Pavlopulos Frantsiya rahbari Fransua Ollandga qo‘ng‘iroq qilgan va Yunoniston yuz tutayotgan vaziyatni Ovro‘po rahbarlari darajasida muhokama qilishni so‘ragan.

Ovro‘po Ittifoqi tartib-qoidalariga binoan qochqinlar birinchi kirgan Ovro‘po davlatidan boshpana so‘rashlari mumkin. Ammo, asosiy nuqtalar bo‘lgan Italiya va Yunoniston bu qadar yirik sondagi odamlar bilan hisoblasha olmasliklarini aytishmoqda. Ko‘plab muhojirlar Ovro‘po shimoliga yo‘l solishgan.

Dushanba kuni Mojariston (Vengriya) muhojirlarni ro‘yxatga olmay, ko‘plab odamlar yo‘llarini Budapesht sharqida joylashgan Keleti bekatidan Vena va Olmoniya janubiga davom ettirishlariga ruxsat bergan.

Ammo, seshanba kuni bekat yopib qo‘yilgan. Hukumat OI a‘zosi sifatida chegarani nazorat qilishga oid majburiyatlarini bajarishga harakat qilayotganini aytgan.

Va aytilganidek, 2, 000ga yaqin kishi Keleti bekati tashqarisida tunashga majbur bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq