O‘zbekiston: Ho‘l mevalarning yuk mashinada eksporti taqiqlandi

Ushbu qaror ichki bozorda narx navolarni yanada tushirishi aytilmoqda Image copyright none
Image caption Ushbu taqiq ichki bozorda narx navolarni yanada tushirishi aytilmoqda

Vazirlar mahkamasining 28 avgustda chiqargan qaroriga ko‘ra 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekistondan meva sabzavot mahsulotlari yuk mashinalar orqali eksport qilish to‘xtatildi. Ushbu mahsulotlar faqat poyezd vagonlari va uchoqlar bilan chetga chiqarilishi mumkin. Kuzatuvchilar bunday qaror oddiy dehqonlarni qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkinligini aytmoqda.

Qarorda nima sababdan bunday to‘xtamga kelingani haqida hech narsa deyilmagan.

Quruq meva eskporti bilan shug‘ullanuvchi G‘ayrat ismli tadbirkorning aytishicha, ho‘l mevalarni yuk mashinalarda chiqarish tadbirkorlar uchun qulay, arzon va tezkor bo‘lgani uchun undan foydalanib kelishgan.

Yuk mashinalardan ixcham bo‘lganligi uchun kichik tadbirkorlar ham bemalol foydalanib kelishgan.

"20 tonna yukni yiqqan tadbirkor manziliga qarab chiqib ketaverardi. Lekin endi poyezd vagoni to‘lishi uchun kamida 60-70 tonna yuk ortilishi kerak. Bu 20 tonna olib chiqish imkoni bor odamning yo‘li to‘sildi, degani. Yirik miqdorda yuk olib chiqib yurganlar ishini davom ettiraveradi", - deydi G‘ayrat.

Tadbirkorga ko‘ra, bu qaror ichki bozordagi mahsulot sotib olish hajmini kamaytiradi va ichki bozorni yanada arzonlashishiga olib keladi.

"Masalan, men hozir Samarqanddaman, kuni kechagacha, xaridorlar mashinasi bilan kelib uzumni mana shunchadan olamiz deb narx belgilab turishgan edi. Bu qaror kuchga kirganidan so‘ng bunday takliflar to‘xtadi. Vagon topib, boshqa yo‘lini topguncha uzum olishni to‘xtatib turadi. Ichki bozorda esa xaridor bo‘lmaganidan so‘ng narx tushadi", - deydi G‘ayrat.

Kuzatuvchilar bu kabi qaror dehqonga nisbatan katta zarba bo‘lishini va bu dehqonchilikka nisbatan qiziqishni so‘nishiga olib kelishini aytishadi.

Ijtimoiy tarmoqda fikr qoldirganlar, bu kabi taqiqlar transport va logistikaning O‘zbekistonda monopol bo‘lgan temir yo‘llar va havo yo‘llari shirkati qo‘liga qo‘sh qo‘llab topshirish deya baholagan.

"Birinchidan, transport va logistika kompaniyalari to‘g‘ridan to‘g‘ri jabr ko‘radi. Shimolga - meva cheva, janubga - yog‘och sxemasi butkul to‘xtaydi. Ikkinchidan, O‘zbekiston temir yo‘llari va O‘zbekiston havo yo‘llarida korruptsiya yanada avj oladi. Uchinchidan valyutaning noqonuniy kursi yanada ko‘tariladi. To‘rtinchidan, asosiy yuk qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar yelkasiga borib tushadi", - deb yozdi @new_bakiroo.

Twitter foydalanuvchilari hukumatning ushbu qarori ekspertizadan o‘tgan o‘tmaganligini savol ostiga olishgan.

"Rossiya va Qozog‘istonda dollar narxi oshib ketdi, O‘zbekistonda ham yoz davomida ko‘tarildi. Bizga hozir eng keraklisi, chetga qanday yo‘l bilan olib chiqishning ahamiyati yo‘q, davlat kerak bo‘lsa 5 tonna yuk olib chiqishga ham ruxsat berib eksportga ko‘proq yo‘l berib valyuta tushumini ko‘paytirishi kerak edi. Qarordan so‘ng valyuta tushumi kamayadi. Lekin nima maqsadda bunday qilishgani menga qorong‘u", - deydi Toshkentdan tadbirkor G‘ayrat.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio