"O‘zbekistonda qonunni buzmaslikning iloji yo‘q"

O‘zbekistonda ishlash va biznes yuritish imkoniyati yildan yilga yomonlashayotgani aytiladi
Image caption O‘zbekistonda ishlash va biznes yuritish imkoniyati yildan yilga yomonlashayotgani aytiladi

Qo‘l ostida 38 tagacha odam ishlatgan tadbirkor biznes qilishga imkon yo‘qligidan Rossiyaga ketishga majbur bo‘lgan. Bir vaqtlar davlatga 7-8 ming dollar soliq to‘lab turgan Qodirbek endi Rossiya shaharlarining birida omborda ishlamoqda. U O‘zbekistonda qonunni buzmasdan ishlash imkoni yo‘qligini aytadi.

Ismi o‘zgartirilgan Qodirbek ko‘p yillar O‘zbekistonda tadbirkorlik qilgan.

Oyiga o‘rtacha 4-5 ming dollar sof foyda ko‘rgan Qodirbek so‘nggi yillarda foyda ko‘rishning o‘rniga sun‘iy to‘siqlar tufayli zararga kirib borgan.

BBC hozir Rossiya shaharlarining birida omborxonada ishlayotgan Qodirbek bilan bog‘lanib O‘zbekistondagi biznesini tashlab boshqa yurtlarga ketishga nima sabab bo‘lganini so‘radi.

Qodirbek: Ishimiz to‘xtab qoldi. Xom ashyo va gaz olish muammoga aylanib qoldi. Raqobat ham kuchayib ketdi, narx navo tushib o‘zini o‘zi oqlamay qoldi. Biznes tili bilan aytganda, ishimiz to‘xtab qoldi, "sindik".

BBC: Xom ashyo va gaz nima sababdan to‘xtab qoldi?

Qodirbek: Birinchidan, xom ashyoning narxi qimmat bo‘lib ketdi. Ohaktoshning bir kub metri 68 ming so‘mga ko‘tarilib ketdi. Gazning narxi ham har yili ikki martadan ko‘tarilaverdi, lekin bozordagi narx mahsulotimizning tannarxiga to‘g‘ri kelmay qoldi. 5 foizlik soliq bilan bizga daromad kelmay qoldi. Mahsulotni eksportga chiqaradigan bo‘lsak, biz u valyutani olomaymiz ham, hech qayerga sotolmaymiz ham. Faqat hisob raqamingizda turavergandan so‘ng u pul savdo aylanmasidan chiqib ketadi. Shuning eksport ham bizga befoyda bo‘ldi.

BBC: Xom ashyo narzi ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, nima sababdan mahsulotning bahosini ko‘tarmadingiz?

Qodirbek: Ko‘tarsak hech kim olmay qo‘yardida. Inqiroz boshlanganidan so‘ng tsementning narxi tushib ketdi, qurilishlar kam bo‘lyapti. Qurilish oz bo‘lganidan so‘ng bizning mahsulotga talab kamayib ketdi.

BBC: O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar va mahsulotini eksport qiluvchilarga keng sharoitlar yaratilayotgani bot bot aytiladi. Siz nima uchun eksport orqali foyda ko‘rish imkonsiz demoqdasiz?

Qodirbek: Sababi biz mahsulotni Qozog‘istonga temir yo‘l orqali chiqaramiz. Chegaradagi Sariog‘och stantsiyasigacha bo‘lgan temir yo‘l tariflari juda ham qimmat. Bitta vagonga 6 million so‘m (Markaziy banki kursi bo‘yicha 2400 dollar. BBC tahr). Keyin vagon olish juda ham qiyin, sifatli vagon olish undan ham mushkul. O‘zbekiston temir yo‘llarining vagonlari juda ham sifatsiz. Qozog‘iston tomonidan bizga nisbatan turli e‘tirozlar bo‘ldi. Vagonlaring sifatsiz, mahsulot to‘kilib, ochilib ketyapti, deyishdi. Bir marta bizning mahsulot o‘z manziliga ketayotganda O‘zbekiston vagoni ochilib ketgani uchun yarmi to‘kilib ketgan. Keyin Qozog‘iston tomoni e‘tiroz bilan chiqdi. Gap bunda ham emas. Tushgan valyutani siz sotolmaysiz. O‘zingizning ixtiyoringizdagi pul emas. Faqat chet elga ko‘chirib birorta asbob uskuna olib kela olasiz. Tadbirkor o‘z hisobidagi pulni o‘z istaganicha tasarruf qilolmaydi. Masalan, dollarning kursi qora bozorda 4600 bo‘ladigan bo‘lsa, davlatga sotsangiz u Markaziy bank kursida oladi. Bu tadbirkorga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Hamma joyda eksport yaxshi narsa, ammo bizdagi eksport tadbirkorning oyog‘idan chaladi. Shuning uchun tadbirkorning manfaatlariga to‘g‘ri kelmagani uchun eksportga uncha ko‘p qiziqmaydi.

BBC: Lekin matbuotda tadbirkorlarga ko‘plab sharoitlar yaratilayotgani ta‘kidlanadi, Prezident Karimov ularni o‘z himoyasiga olganini aytadi. Nima uchun siz tadbirkorlik qila olmadingiz? Sizga o‘zxshaganlar qanchani tashkil qiladi?

Qodirbek: O‘zbekistonda 90 foiz tadbirkor shunaqa shartlarda ishlaydi. Ayniqsa, savdo sohasida qonuniy ishlaydigan tadbirkorning o‘zi yo‘q.

BBC: Siz qurilish sohasida ishlar edingiz, biznesingiz yurishmaganidan so‘ng boshqa sohada omadingizni sinab ko‘rmadingizmi?

Qodirbek: Hamma sohada orqaga ketish bo‘lyapti. Byudjet sohasida nima bo‘layotgani ayon. Qullik bo‘lyapti. Paxtaga majburlaydi. Maoshni kartochga ko‘chiradi. Birorta yaxshi sohaning o‘zi yo‘q.

BBC: Siz O‘zbekistonda kichik tadbirkor edingiz, qo‘l ostingizda 38 tagacha odam ishlagan. Endi Rossiyada omborxonadla ishlayapsiz. Qanday his tuyg‘ular bor?

Qodirbek: Majburlikdan kelganmiz. Lekin bu yerda naqd pul bor. Hech qanday muammo yo‘q. Oyliklarni vaqtida beradi. Agar o‘zimizda ish yaxshi bo‘lib turganida hech ham bu tomonlarga kelmas edim. Majburlikdan keldik. O‘zbekistonda tadbirkor bo‘lsangiz hokim, soliqchi, valyuta jinoyatiga qarshi departamentining oldida o‘zingizni huddi muttahamdek sezib yurasiz. Aslida, soliq to‘lovchi sifatida tilingiz uzun bo‘lishi kerak. To‘layotgan soliqlardan ular oylik olayapti. Tadbirkorda O‘zbekiston byudjetini to‘ldiryapman deydigan hissiyot yo‘q. Chunki qonunlar juda ham injiq va murakkab. Qonunni buzmaslikning iloji yo‘q. Bu qasddan shunday qilingan. Negaki, tepada turgan soliqchi, departament, hokimiyatdagilarga non qilib qo‘ygan. Shunaqa narsalardan bezor bo‘lganimdan ham ketib yubordim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio