Suriyaliklar nima uchun boy Arab davlatlariga qochmayapti?

Suriyalik qochqinlar Ovro‘paga bosh urar ekan, Arab davlatlari nega jim, degan savollar paydo bo‘lgan Image copyright Reuters
Image caption Suriyalik qochqinlar Ovro‘paga bosh urar ekan, Arab davlatlari nega jim, degan savollar paydo bo‘lgan

Suriyalik qochqinlar Ovro‘pa davlatlariga kirishga harakat qilarkan, nima uchun ular o‘zlariga yaqin bo‘lgan boy Fors ko‘rfazi davlatlariga bosh urmayapti, degan savollar paydo bo‘lgan.

Suriya inqirozidan qochayotgan odamlar bir necha yil Livan, Iordaniya va Turkiya davlatlarini ko‘plab sonda kesib o‘tgan bo‘lsa-da, boshqa arab davlatlari, xususan Fors ko‘rfaziga juda oz o‘tishdi.

Suriyaliklar ko‘rfaz davlatlariga sayyohlik vizasi yoki ishlashga ruhsat olgan holda rasman kirishlari mumkin.

Biroq ushbu jarayon ko‘p harj bo‘lishi bilan birga ko‘rfaz davlatlarida ko‘plab yozilmagan to‘siqlar borki, ular suriyaliklarning amalda viza olishini mushkul qilib qo‘yishi mumkin.

Fors ko‘rfazi davlatlariga kirishga ulgurgan omadli suriyaliklar o‘zlarining istiqomat muddatini cho‘zdirgan. Ayrimlar oilasi shu yerda bo‘lgani uchun kirishga ulgurgan.

Imkoniyati cheklanganlar uchun Suriya va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi yirik masofadek muammo ham bor.

Xush kelmadingiz?

Deyarli barcha arab davlatlariga viza olishi kerak bo‘ladigan kam sonli suriyaliklarning duch keladigan muammolardan biri - ularning bu o‘lkalarda xush qarshilanmasligi.

Suriyaliklar vizasiz Arab davlatlari ichida faqatgina Jazoir, Mavritaniya, Sudan va Yamanga kirishi mumkin.

Nisbatan boy va Suriyaga yaqin ushbu davlatlar 4 yildan beri ichki nizolar va mamlakatda paydo bo‘lgan jihodiy guruhlardan azob chekayotgan suriyaliklar oldida Ovro‘paga qaraganda ko‘proq mas‘uliyat his qilishi kerak emasmi?

Bu savol ham ijtimoiy hamda an‘anaviy matbuotda ko‘tarilmoqda.

Arab tilidagi #suriyalik_qochqinlarni_qabul_qilish_Fors_ko‘rfazining_vazifasi heshtagli jumla o‘tgan hafta Twitterda 33 ming marta ishlatildi.

Foydalanuvchilar suriyalik qochqinlarning dengizga cho‘kayotgan, sim tikanli to‘siqlar osha olib o‘tilayotgan go‘daklar va noqulay sharoitlarda uxlayotgan oilalar kabi ta‘sirli suratlarini chop etishdi.

Facebookda Daniyadagi suriyaliklar jamoati sahifasi qochqinlarning Mojaristondan Avstriyaga qirishga ruxsat berilgan soniyalar aks etgan tasvirlarni joylashtirdi.

Foydalanuvchilardan biri video ostida quyidagilarni so‘radi: "Biz uchun ko‘proq mas‘uliyatni zimmasiga olishi kerak bo‘lgan o‘z musulmon birodarlarimiz hududidan, g‘ayridin deb ta‘riflanadigan boshqa davlatga qochishga qanday majbur bo‘ldik?"

Boshqa bir foydalanuvchi: "Yaratgan Alloh nomi bilan qasam ichamanki, g‘ayridin - bu arablardir", - degan.

"Ularning kirishiga ruxsat bering!"

Ushbu holat mintaqadagi matbuot va siyosiy o‘yinchilarning ham e‘tiborini tortgan.

Har kuni chop qilinadigan Saudiya Arabistonining Makka gazetasi ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilgan karikaturani chop qilgan. Unda Fors ko‘rfaziga xos an‘anaviy kiyinib olgan erkak uni o‘rab turgan sim tikanli eshik osha Ovro‘pa ittifoqi bayrog‘i tushirilgan eshikka boqayotgani aks etgan.

Image copyright none
Image caption Saudiya Arabistoni gazetasida chop qilingan karikatura

"Ey badhulq odamlar, nima uchun ularning kirishiga izn bermayapsiz?!" - deydi u.

Muxolifatdagi Ozod Suriya Armiyasi qo‘mondoni Riyod al Asad Quvayt parlamentining sobiq deputati Faysal al Muslim tomonidan Twitterga qo‘yilgan qochqinlarning rasmini retwit qildi.

Unda "Oh, Fors ko‘rfazi Hamkorlik Kengashi davlatlari, bular begunoh odamlar va qasam ichamanki ular milliardlab odam ichida ko‘mak va xayriyaga eng loyiqlaridir", - deyilgan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi chaqiriqlarga qaramasdan, Fors ko‘rfazi davlatlarining suriyalik qochqinlar masalasida munosabati ijobiy tomonga o‘zgaradigan emas.

Image caption Boy arab davlatlari asosan janubiy sharqiy Osiyodan malakasi yo‘q ishchilarni jalb qiladi

Ko‘rfazdagi Quvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarining ishchi yollash borasidagi qiziqishlari ko‘proq janubiy sharqiy Osiyo davlatlari va Hind subkontinetidagi mutaxassisligi yo‘q ishchilarga tushmoqda.

Fors ko‘rfazilik bo‘lmagan arablar ta‘lim va sog‘liq kabi o‘rta sinfdagi mutaxassisligi bor ishlarni egallashi Saudiya Arabistoni va Quvayt yuritadigan "milliylashtirish" siyosatiga qarshi keladi. Bunday ishlarga mahalliy mutaxassislar jalb qilinadi.

Xorijlik turg‘unlar ushbu davlatlarda barqaror hayot kechirishlari ham mushkul, sababi ularda fuqarolik olish imkoni yo‘q.

Hatto, Quvayt 2012 yili xorijlik ishchilar sonini 10 yil davomida 1 millionga qisqartirish strategiyasini ishlab chiqqanini e‘lon qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq