Favela va propiska yoki huvillab qolgan shahar...

Image copyright Reuters

Yaqinda Rossiya internet nashrlarida Markaziy Osiyo shaharlari atrofida ketayotgan "favelizatsiya" jarayoni haqida maqolalar paydo bo‘ldi. Odatda rivojlanayotgan dunyoning yirik shahar megapolislari tarkibida pala-partish qurilgan uy-joylari favela deb ataladi.

Bunday holatlarni ko‘pincha Braziliyaning Rio-de-Janeyrosida va Hindistonning Mumbayida ko‘rish mumkin. Rossiya nashrlari Markaziy Osiyoning favelalari ijtimoiy noroziliklarga turtki bo‘lish ehtimolidan ogohlantirishadi. Biroq o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichga ko‘ra, Toshkent atrofida favelalarga yo‘l qo‘yilmasligining asosiy sababi – propiska tartibining joriy etilishida.

A. Volosevich: Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston bilan solishtirganda O‘zbekiston uchun bu muammo dolzarb emas. Chunki O‘zbekistonda hayot qat‘iy reglamentlashgan deb aytish mumkin. Toshkentda hamon propiska rejimi amal qilmoqda. Ya‘ni viloyatlardan kelgan odamlarni poytaxtga qo‘yishmaydi. Bunga o‘xshash vaziyat boshqa shaharlarda ham kuzatiladi. Olis va chetdagi hududlarda uy-joy sotib olib, propiskani qo‘lga kiritishi mumkin. Biroq o‘zi uchun qurib o‘sha uychada yashashi, ya‘ni Mexiko yoki Istanbul atroflaridagi holat O‘zbekistonda uchramaydi. Ikki yil oldin men Qashqadaryo viloyatining o‘tmishda sanoati o‘ta rivojlangan Muborak shahrida safarda bo‘lgandim. U yerda ko‘p odamlar yoppasiga loydan yasalgan "korobka" uylar qurayotganlariga ahamiyat berdim. O‘ylashimcha, mahalliy hokimiyat bu odamlarga qurilish uchun ayrim yerlarni ajratib, shu yerda qurasizlar deb aytgan bo‘lsa kerak. Toshkentda bunday manzaralarni umuman ko‘rolmaysiz. Chunki propiskaga erishish o‘ta murakkab jarayon. O‘zbekistonda Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskadan o‘tish uchun ma‘lum shaxslar ro‘yxati borasida qonun qabul qilingan. Propiska qilinishi lozim bo‘lgan toifalar - asosan viloyatdan poytaxtga qo‘chib kelgan mulozim va harbiylardir.

BBC: Nima sababdan O‘zbekiston hukumati sho‘rolar o‘tmishidan voz kechganmiz deb aytayotganiga qaramay, baribir sovet davrining eng yomon sarqitlari bo‘lmish propiskadan voz kecholmayapti?

A. Volosevich: Gap shundaki, O‘zbekiston 1999 yilga qadar sho‘rolar o‘tmishidan o‘zini masofalashga harakat qilib kelgan. 1999 yil, fevral portlashlaridan so‘ng Toshkentda propiskani yopib qo‘yishdi. Chunki hukumat shaharda katta sondagi olomonning to‘planishini o‘zi uchun xatar deb biladi. Hech narsa bilan shug‘ullanmaydigan va doimiy uy-joyi bo‘lmagan shaxslar jinoiy harakatlarga moil bo‘ladi deb, "xalqning tinchlik-farovonligini" o‘ylab hokimiyat hanuzgacha bu siyosatni amalga oshirmoqda.

BBC: Lekin xalqning tinchlik–farovonligi borasida qayg‘urayotgan rasmiylar mazkur tartib chor Rossiyasida krepostnoy qulligini tasdiqlagan, keyinchalik Stalin davrida qayta tiklangan, insonning yerga bo‘lgan qaramligini tatbiq etayotganini nahotki bilishmasa?

A. Volosevich: Propiska - inson uchun emas balki hokimiyat uchun juda qulay vosita. Propiska bilan odamni topish o‘ta o‘ng‘ay. Rasmiylarga aholining respublikani u yog‘idan bu yog‘iga kezib yurishlari va erkin harakat qilishlari umuman kerak emas. Oddiy so‘z bilan aytganda – "xalq olomoni inqilob uchun yonilg‘i" degan ibora vaziyatni juda yaxshi ifodalaydi. Aynan erkin yurgan odamlarning sonini poytaxtda kamaytirish uchun Toshkentda propiskani yopib qo‘yishgan. Hattoki 1992 yilda ro‘y bergan talabalar namoyishlari ortidan ularning sonini viloyatlarda turli xil filiallarni ochib, Toshkent oliy o‘quv yurtlarida muntazam ravishda kamaytirishga harakat qilib kelishyapti.

Image copyright ferghana.ru

BBC: To‘siqlar va propiskaga qaramay, Toshkent hamon Markaziy Osiyo mintaqasida aholi bo‘yicha eng yirik shahar hisoblanadi, shunday emasmi? Ya‘ni aholi tobora o‘sib borayotganini anglatadimi bu?

A. Volosevich: Men bunday o‘ylamayman. Toshkent aholisi o‘sib borayotgani haqida menda tasavvur paydo bo‘lmayapti. O‘zbekiston mustaqillikka erishganda Toshkent aholisi ikki million atrofida bo‘lgan. So‘nggi rasmiy raqamlarga ko‘ra esa, hozirgi kunda Toshkent aholisi 2 million uch yuz ming deb berilmoqda. Lekin men bu o‘sishni ko‘chalarda ko‘rmayapman. Horijdan kelganlar shaharda hayot huvillab qolgan deb aytishadi. Va bunday ko‘rinishlar mamlakatning barcha shaharlarida ham kuzatiladi. Rasmiy statistika bo‘yicha, mamlakatda rasman 30 million odam istiqomat qiladi. Lekin gumonimcha, bu yerda qo‘shib yozish yoki raqamlarni bo‘rttirib qo‘rsatishlar yuz berishi mumkin. Aslida respublikada 4-5 million kamroq odam yashamoqda. Rasman 2-3 million odamning doimiy yo‘q bo‘lgani inobatga olinishi kerak, ular aksari Rossiyaga ish qidirib chiqib ketgan. Biroq ularni ham shu 30 millionlik raqamga qo‘shib qo‘yishgan. Bundan tashqari so‘nggi 23 yil mobaynida O‘zbekistonni bir necha million odam butunlay tark etgan va bu hech kim uchun sir emas. Masalan, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri aholisining 40 hatto 50 foizgacha boshqa davlatlarga ko‘chib ketgan. Ko‘plari boshqa davlat fuqaroligini ham olib bo‘lishgan. Biroq bizda Prezident shaxsan o‘zi fuqarolikdan chiqarish haqida farmoyishni imzolamagunga qadar har qanday shaxs O‘zbekiston fuqarosi deb sanaladi. Yigirma yildan beri boshqa o‘lkalarda yashayotganlarning hamon respublika aholisi raqamlarida mavjud bo‘lishiga taajublanmayman.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio