Yaqin Sharqda "ta‘lim hujum ostida"

Image copyright none

BMTga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi qarama-qarshiliklar 13 million bolani ta‘limdan mosuvo qilmoqda.

UNICEF jamg‘armasi yangi hisobotida aytilishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada bir avlodning orzu-umidlari sarobga aylangan.

Hisobotda Suriya, Iroq, Yaman va Liviyadagi qariyb 9,000 maktab tahsil olishga yaroqsiz qolayotgani qayd qilingan.

UNICEF mintaqa bo‘ylab maktablar va o‘qituvchilarga qarshi uyushtirilgan qator hujumlarni ham hujjatlashtirgan.

Sarob bo‘lgan orzular

Tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Peter Salama: "Ixtilofning salbiy ta‘sirini mintaqadagi bolalar his qilishmoqda", deydi.

"Bu faqat maktablarga yetkazilayotgan moddiy zarar emas. Maktab o‘quvchilari ruhiy tushkunlikni boshlaridan kechirishmoqda. Ularning orzulari va kelajaklari sarobga aylanmoqda".

UNICEF hisobotiga ko‘ra, ta‘limdan bebahra qolayotgan bolalar soni 13.7 millionni tashkil qiladi.

Bu Suriya, Iroq, Yaman, Liviya va Sudandagi maktab bolalari 40 foizi demakdir. Kelajak oylarda bu raqam 50 foizga ko‘tarilishi mumkin.

UNICEF 2014 yil Suriya, Iroq, Liviya, Falastin, Sudan va Yamanda maktablarga qarshi 214 marta hujum uyushtirilganini aytadi.

Suriyadagi maktablarning to‘rttasidan biri 2011 yilning martidan beri yopiq qolmoqda. Mazkur holat bois 2 milliondan ortiq bola ilm olishdan mahrum qolmoqda.

"Ta‘lim hujum ostida" deb nomlangan hisobotda mintaqa "odam o‘ldirish, o‘g‘irlash, talabalar, o‘qituvchilar va maorif xodimlari asossiz hibsga olinadigan odatiy joyga" aylangani urg‘ulanadi.

Minglab maktab xodimlari qo‘rquvlar bois o‘z vazifalarini tark qilishgan. Bolalar esa, oilalariga yordam berish uchun noqonuniy ishlashga majbur bo‘lishmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar jangchilarga aylanishgan.

Janob Salamaning aytishicha, mintaqada ta‘lim-tarbiya bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash harakatlari uchun joriy yil UNICEFning 300 million dollarlik qo‘shimcha mablag‘ga ehtiyoji bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio