G‘arq bo‘lgan bolakay surati qochqinlarga munosabatni o‘zgartirdi

Dengiz sohiliga jasadi chiqqan bolakayning surati dunyoni larzaga soldi Image copyright AP
Image caption Dengiz sohiliga jasadi chiqqan bolakayning surati dunyoni larzaga soldi

Dengiz Turkiya sohillariga chiqarib tashlagan suriyalik bolakayning surati ijtimoiy tarmoq foydalanauvchilarini gangitib qo‘ydi. Tinimsiz aks sadolar ostida Britaniya ham suriyalik minglab qochqinlarni qabul qilishini ma‘lum qildi.

Turkiya xabar agentliklari tomonidan chop etilgan rasmda 5 yoshli akasi Galip, onasi Rihon bilan birga cho‘kib ketgan 3 yoshli Aylanning sohilda yotgani aks etgan edi.

3 yoshli Aylanning sohildagi jasadi Ovro‘pa matbuotining eng oldi sahifalaridan joy oldi.

Shu vaqtgacha qochqinlarning taqdirini chetdan kuzatayotgan Buyuk Britaniya hukumati tana dashnomlarning ostida qoldi.

Parlamentda ushbu mavzuni ko‘tarish to‘g‘risidagi petitsiya sanoqli soatlarning ichida 300 mingdag ko‘p ovoz yiqqan.

Jamoatchilikning aks sadosidan so‘ng Bosh vaziri Devid Kameron Britaniya suriyalik minglab qochqinlarga boshpana berishini ma‘lum qildi.

U Britaniyaga Suriya chegaralarida BMT tomonidan tashkil qilingan jamloqlardan qochqinlar kirtilishi mumkinligini aytgan.

Kameron allaqachon Ovro‘paga kirib kelgan qochqinlar Britaniyaga kiritilmasligini bildirgan.

"Ular birma bir o‘lishdi"

Suriya matbuoti Turkiyaga ko‘chishidan oldin Damashqda sartaroshlik qilgan Aylanning otasi bilan gaplashgan.

Otadan iqtibos keltirilishicha, u Yunonistonga o‘tish uchun qayta qayta harakat qilgan va oxiri oilani olib o‘tishga 4 yarim ming dollar so‘ragan ikki kontrabandachini topgan.

Image copyright Reuters
Image caption Aylan

Ota bundan tashqari, farzandi Suriya tortayotgan azobning ramzi ekanligini aytgan va dunyoni suriyaliklarga nisbatan rahmdil bo‘lishga chaqirgan.

"Men bolalarimni oxirgi marta ko‘rishni va ularning oldida bir umr qolishni istayman. Bizni odam savdogari olib kelib turk odam bilan tanishtirgani va qayiqqa chiqqanimizni eslayman. Qayiqda qayiqchi bilan birga 13 kishi edik. 4-5 daqiqa suzganimizdan so‘ng qayiqchi biz tomon kelayotgan juda ulkan to‘lqinlarni ko‘rib o‘zini suvga otdi va jon saqlab qoldi. Men qayiqni boshqarishga harakat qildim, lekin ikkinchi to‘lqin qayiqni olib ketdi. Men bolalarim va ayolimni ushlashga harakat qildim, lekin umid yo‘q edi. Ular birma bir o‘lishdi", degan Aylanning otasi.

Oila Turkiyadan Yunoniston sohillariga yetib olish uchun boshqa qochqinlar bilan birga kichikroq qayiqqa chiqqan edi.

Tushkunlik

Qizil ko‘ylakchasi bilan dengiz sohiliga chiqib qolgan bolakayning mashhur surati ijtimoiy tarmoqlarida jilovsiz olovdek tez tarqalib ketgan. Suratning ko‘plab tahrir qilingan varianti g‘azab va xavotir bilan taqdim qilingandi.

Karikaturachilar bolakayning qizil ko‘ylakchasini ishlatgan holda turli ta‘sirli rasmlar chizishdi.

Ushbu rasmlarda dunyoning suriyalik qochqinlar taqdiriga befarq qolayotganidan xavotir va g‘azablar bitilgan edi.

Bolakayning taqdiri o‘zbek ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham e‘tiborini tortdi.

Jurnalist Qahramon Aslanov o‘z munosabatini to‘rtlik orqali ifodaladi.

Shahidlar qavmining orasidalar Bevaqt o‘lim topgan norasidalar Tushdi o‘t dunyoning bor toatiga Loyiq el qolmadi shafoatiga

"Arab shayxlarining bolalari London, Parij Nyu Yorkda Lamborjini, Aston Martin allam balo moshinalarni minib yurishibdi. Bir tarafda suriyalik faqir oilalar bolalarini olib tirikchilik ilinjida urushdan qochib, yogoch kemalarda, dengiz oshib boshqa yurtlarga ketishmoqda. Yo‘lda falokat... Qani insongarchilik, qani musulmonchilik ey dunyo?", - deydi Olim Eshnazarov.

"Kecha bu suratni ko‘rib yuragim ezilib ketdi. Ichimda o‘krab yig‘ladim. Allohni o‘zi jazolasin sababchilarini", - deydi Sanjarbek Tashmatov

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio