Toshkentda portlash ro‘y berdi

Image copyright gazeta.uz
Image caption Toshkentdagi portlash shaharliklarni xavotirga solgan

Toshkent shahrida portlash sodir bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda.

Hodisa O‘zbekiston poytaxtining Olmazor tumanida sodir bo‘lgan.

BBC manbalari portlash To‘xtaboy masjidi yonidagi kosiblar ustaxonasida ro‘y bergan deb aytishmoqda.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasidan navbatchi BBC bilan suhbatda Toshkentda portlash bo‘lganini tasdiqladi.

Navbatchi hodisa joyiga Olmazor tuman ichki ishlar xodimlari yuborilganini bildirdi.

Olmazor tuman ichki ishlar bo‘limi avvaliga ushbu hodisa yuzasidan ma‘lumot berishni istamadi, keyin ismini oshkor qilmagan xodim, portlash natijasida talofatlar yo‘qligini, voqea tafsilotlari o‘rganilayotganini aytdi.

Internet nashrlarida yozilishicha, portlash Toshkentning eski shahar qismida joylashgan To‘xtaboy masjidi ro‘parasidagi avtobus bekatida sodir bo‘lgan.

BBC bog‘langan mustaqil manbaalar portlash To‘xtaboy masjidi yonidagi kosiblar ishlaydigan ustaxonada bo‘lgannini aytdi.

Ustaxonada nima portlagani ma‘lum emas, lekin O‘zbekistonda bu kabi portlashlar gaz ballon tufayli kelib chiqishi uchrab turadi.

Guvohlarning aytishicha, odamlar juma namozidan chiqayotgan vaqti yuqori qavatdan qulab tushganga o‘xshash "gumm" degan tovush eshitishgan.

Voqea joyi qurollangan maxsus kuchlar bilan o‘rab olingan.

Bu borada rasmiy ma‘lumot hozircha berilgani yo‘q.

BBC murojaat qilgan Toshkent ichki ishlar boshqarmasi ham batafsil ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

O‘quv mashg‘ulotimi?

O‘zbekistondagi ayrim rasmiy manbaalardan olinayotgan xabarlarda "To‘xtaboyvachcha" masjidi oldida Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi navbatdagi rejali mashg‘ulot o‘tkazgani aytilmoqda.

Tasdiqlanmagan bunday xabarda aytilishicha, shartli terrorist real sharoitlarda portlash sodir qilgan va voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.

"Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, 4 sentyabr soat 13 dan 32 daqiqa o‘tkanida Farobiy ko‘chasida joylashgan "To‘xtaboyvachcha" masjidi oldidagi avtobus bekatida shartli terrorist qo‘lbola portlovchi uskunani harakatga keltirdi. Portlash zarbi ob‘ektga yaqin joylashgan odamlarga zarar yetkazmagan", - deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng yo‘riqnomada ko‘rsatilganidek, "Trevoga" buyrug‘i bilan shahar militsiya kuchlari oyoqqa turgan va o‘sha hudud o‘rab olingan. Bir vaqtning o‘zida "jinoyatchini" qidirish tezkor tadbirlari amalga oshirilgan va u 15 daqiqadan so‘ng qo‘shni mavzedan topilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio