Olmoniya muhojirlarni qo‘llash uchun 6 milliard yevro ajratadi

Olmoniyaga o‘tgan hafta so‘ngida 18 ming qochqin kirib keldi Image copyright Getty
Image caption Olmoniyaga o‘tgan hafta so‘ngida 18 ming qochqin kirib keldi

Olmoniya koalitsion hukumati migrantlarni dastaklash va kelayotgan oqimni taqsimlash choralari uchun 6 milliard 600 ming dollar ajratishga qaror qildi. Mamlakatdagi tanqidchilar kantsler Angela Merkelni Olmoniya chegaralarini ochib berib xavfli pretsedent yaratganlikda ayblamoqda.

Avstriya va Mojariston bilan boshpana berish qoidalarini yengillashtirish borasida kelishuvlardan so‘ng, Olmoniyaga o‘tgan hafta oxirida 18 ming migrant kirib keldi.

Biroq Avstriya kantsleri Verner Fayman favqulotda choralar tugatilishi kerakligini aytdi.

U kantsler Angela Merkel va Mojariston Bosh vaziri Viktor Orban bilan shanba kungi suhbatdan so‘ng vaziyat barqarorlashishi uchun qadamba qadam siljishlarini bildirdi.

Mojariston G‘arbiy Ovro‘paga ketayotgan muhojirlarning yo‘lini to‘sib kelayotgan edi, biroq o‘tgan juma kuni to‘siqlarni olib tashladi va odamlarni Avstriya chegaralariga yo‘naltirdi.

BBC muxbiri James Shavning aytishicha, odamlar chegara osha kelishda davom etarkan, Mojariston Serbiya bilan chegaralarida devor o‘rnatishni to‘xtatgani yo‘q.

Muhojirlar Myunxen temir yo‘l bekatiga kelishda davom etmoqda.

Olmoniya tomonidan muhojirlar muammosiga qo‘shimcha mablag‘ ajratish qarori Angela Merkel tashkil qilgan ikki partiyadan iborat koalitsiyaning yig‘ilishidan so‘ng shanba kuni tunda e‘lon qilindi.

Hukumat federal hududlar va mahalliy hokimiyatlar uchun 3 millirad 300 ming dollar ajratishga qaror qilgan va kelajakda federal dasturlardan yordam puli sifatida tushadigan yana shuncha pulni berishini e‘lon qildi.

E‘lon qilingan maxsus choralar bo‘yicha, qochqinlik so‘rovchilarni qabul qilish markazlari soni qishda yashashga ham moslashtirilib 150 mingga yetkaziladi. Qo‘shimcha ravishda 3 ming federal politsiyachilar ishga olinadi.

Qabul qilish markazlarida boshpana izlovchilarga yordam puli berish joriy qilinadi. Ko‘proq mablag‘ integratsiya va til kurslariga sarflanadi.

Kosovo, Albaniya va Montenegro "tinch" davlatlar ro‘yxatiga qo‘shiladi va undan kelayotgan boshpana izlovchilar o‘sha onning o‘zidayoq deport qilinadi.

Kelishuv "birdamlik" va qochqinlarni Ovro‘pa Ittifoqi davlatlari orasida "adolat bilan taqsimlash"ga e‘tibor qaratadi.

Olmoniya shu yili 800 ming qochqin va muhojirni qabul qilishi kutilmoqda. U qolgan Ovro‘pa davlatlarini ko‘proq yordam berishga chaqirib kelmoqda. Merkel xonim muhojirlar va ularning tarafdorlari tomonidan qahramon sifatida talqin qilinarkan, konservativ ittifoq uni Mojaristondan muhojirlar oqimini kirib kelishga ruxsat berish orqali "mutlaqo xato signal" berishlikda aybladi.

Ichki ishlar vaziri qaror insoniy inqirozning oldini olish uchun qilingan favqulotda yechim ekanligini aytdi.

Olmoniyaga kirib kelgan muhojirlar mamlakat bo‘ylab temir yo‘l bekatlarida omma tomonidan tabassum va xursandchilik bilan kutib olingan.

Shunga qaramasdan xabar agentliklarining yozishicha, boshpana izlovchilar istiqomat qiladigan markazlarda tunda ikki marta yong‘in chiqqan.

Rottenburg markazida sodir bo‘lgan yong‘inda 5 kishi jarohatlangan. Yong‘inga nima sabab bo‘lgani ma‘lum emas.

Ebeledendagi boshpa izlovchilarning uyida chiqqan yong‘inni politsiya "siyosiy sabablar tufayli o‘t qo‘yish"deya ishonmoqda.

Ikki hudud ham so‘nggi haftalarda boshpana izlovchilar istiqomat qiladigan binolarga o‘t qo‘yishga bo‘lgan harakatlari bilan ma‘lum.

Mojariston Olmoniyani muhojirlar oqimini ruhlantirishda va o‘zining parlament ruhsat bersa janubiy fronga askarlarni yuborish orqali chegara nazoratini kuchaytirish rejalariga bosim o‘tkazayotganlikda aybladi.

Mojariston janubiy chegaradagi Roszk qishlog‘ida migrantlar uchun yangi jamloq ochgan va chegeradagi panjara to‘siqlarni shu oy bitirish arafasida.

BMTning qochqinlar bo‘yicha rasmiysi Antonio Guterres a‘zo davlatlar qo‘shma rejaga rozi bo‘lsa, inqirozni "amallasa bo‘lishini" aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio