Yolg‘onchini qanday aniqlasa bo‘ladi

Image copyright thinkstock

Tomas Ormerodning xavfsizlik xizmati xodimlariga o‘ta mushkul vazifa yuklashgandi. Ovro‘po bo‘ylab aeroportlarda ular yo‘lovchilar bilan suhbatlashib, nima uchun safar qilayotganlari, rejalari haqida so‘roqqa tutishlari kerak. Ormerod bu yo‘lovchilar orasiga "soxta yo‘lovchilar"ni ham qo‘shib, o‘zlari haqida yolg‘on ma‘lumot beruvchi odamlarni ham kirgizgandi. Uning xodimlari bu "soxtakorlarni" aniqlashi lozim edi. Har 1000 yo‘lovchiga bu kabi "soxtakordan" bittasi to‘g‘ri kelardi. Ya‘ni bu somon ichida igna qidirish bilan barobar bir gap...

Ular qanday yo‘l tutdilar?

An‘analarga rioya qilinsa, odamning ko‘ziga yo-da o‘zini tutishiga qarab, yolg‘on gapiryaptimi-yo‘qmi deb aniqlash mumkindek, shundaymi? Lekin hozirda tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yo‘l ish bermas ekan.

Avvallari qizarish, asabiy kulish, ko‘zni olib qochish - yolg‘on belgisi hisoblanardi. Lekin muammo shundaki, yer yuzida qancha inson bo‘lsa, o‘zini tutish yo‘llari ham shu qadar turlicha.

Sasseks universitetida ishlovchi Ormerodning aytishicha, "Men masalan hingillab kulsam, boshqalar bu kabi vaziyatda jiddiylashadilar. Ba‘zilar ko‘zga tikka qarab aldaydilar, ba‘zilar esa ko‘zni olib qochadilar".

Unga ko‘ra, hozirgi usullarga tayanilsa, xavfsizlik xodimlari aynan ba‘zi etnik guruhlar orasida "yolg‘on belgilari"ni topishga moyil bo‘lishlari nazarga tashlanadi.

Shuning uchun bu sohada yangi usullar kerakligi aytilmoqda. Ormerodga ko‘ra, odamning o‘zini tutishidan ko‘ra u ishlatayotgan so‘zlarga e‘tibor qaratish kerak.

Ana shu tavsiya asosida yolg‘onni aniqlash imkonini oshiruvchi g‘oya ishlab chiqildi.

"Ha" yoki "yo‘q" deb javob talab qiluvchi savoldan ko‘ra, suhbatdosh o‘zi batafsil ma‘lumot berishi kerak bo‘lgan savolni bering. Yolg‘on gapirayotgan bo‘lsa, bir yerga borib, baribir "qoqiladi".

Image copyright thinkstock

Kutilmagan savolni bering. Voqealarni bir boshdan emas, oxiridan boshlab aytib berishni so‘rang. "Yolg‘onchini" adashtirasiz...

Yolg‘onning kichik belgilarini qidiring. Masalan, yo‘lovchi Oksford universitetida ishlayman, deb aytsa, har kuni ishga qanday borishini so‘rang. Yolg‘on belgisini payqab qolsangiz, darrov aytmang... Kutib turing, yana ko‘proq belgilar namoyon bo‘ladi...

Suhbatdoshning o‘ziga ishonchini kuzating. Yolg‘onchi suhbat uning nazorati ostida bo‘lgan vaqtda so‘zamol bo‘ladi, lekin biron kutilmagan savol bersangiz, o‘zini yo‘qota boshlaydi...

Yolg‘onning yolg‘ondan farqi...

Istehzoli yeri shuki, yolg‘onga usta bo‘lgan odam birovning yolg‘onini aniqlashga ham usta bo‘lar ekan. University College London da Jefri Berd bir guruh o‘rtasida sinov o‘tkazib, o‘zlari haqida haqiqiy va yolg‘on ma‘lumot berishni so‘ragan. Shundan so‘ng bir-birlarining yolg‘onlarini aniqlash ham so‘ralgan. Dastlabki sinovda yolg‘onni "qotirgan" guruh a‘zolari boshqalarning yolg‘onini aniqlashda "muvaffaqiyatliroq" bo‘lishgan. Balki ular yolg‘on qo‘llayotgan odamning hiylasini ko‘ra olgandirlar...

Umaman olganda, qattiq so‘roq emas, yumshoqso‘z suhbat ko‘proq ish berar ekan. Yumshoqso‘z bo‘lsangiz, "yolg‘onchi" o‘z so‘zlarida adashib, uzuq-yuluq gapira boshlaydi.

Endi maqola boshida aytilgan aeroportda "yolg‘onchi"ni aniqlash vazifasiga qaytaylik. Bir guruh "soxtakor" qo‘llariga chipta berib, Ovro‘po bo‘ylab aeroportlarda yolg‘onlarini taqdim qilish uchun bir hafta muxlat berildi. Ormerod va uning hamkasblari tomonidan tayyorgarlikdan o‘tkazilgan xodimlar an‘anaviy usullarni qo‘llagan xodimlardan ko‘ra "sohtakor"ni aniqlashda 70 foizga ko‘proq muvaffaq bo‘lganlar.

Mutaxassislarga ko‘ra, shunchaki so‘rang, suhbatdosh rost gapiryaptimi yo‘qmi... Ba‘zida bu ham ish beradi.

Lekin yolg‘onni aniqlashning aniq usuli yo‘q albatta.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio