Qozog‘iston: Prezident nevarasi qozoq futbolini boshqarmoqchi

Aysultan qozoq futbol klublarida to‘p tepgan Image copyright azh.kz
Image caption Aysultan qozoq futbol klublarida to‘p tepgan

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Aysultan Nazarboyev mamlakat futbol federatsiyasini boshqarish taklifi bilan chiqqan. 25 yoshli Aysultan Qozog‘iston Futbol Federatsiyasini boshqarish uchun yetarli tajribaga ega ekanligini aytgan.

U ijro qo‘mitasi a‘zolariga yozgan murojaatida Qozog‘iston futboli erishib kelayotgan muvafaqqiyatlardan faxrlanishini yozgan.

Biroq u federatsiya boshida Qozog‘iston klublaridan "Astana" prezidentining turishi ahloqiy me‘yorlarga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

Qozog‘iston Futbol federatsiyasi hozirgi prezidenti Yerlan Kojagapanov "Astana" futbol klubi Bosh direktori ham hisoblanadi.

"Kojagapanov "Astana" klubi futbol klubi natijalariga ham mas‘ul shaxs sifatida, QFF prezidenti o‘laroq beradigan qarorlari "Astana" klubining raqobatchilariga aloqador bo‘lsa qiyin tanlov oldida qolishi mumkin", - deb yozadi Aysultan Nazarbayev.

U QFFga yangi prezident saylash maqsadida navbatdan tashqari saylov konferentsiyasi tashkil qilishga chaqiradi.

Aysultan Qozog‘iston Futbol federatsiyasi prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yish taklifini kiritgan. O‘zining Qozog‘iston futbol klublarida o‘ynagani va Britaniya yetakchi klublarida mashg‘ulot olib borganini bildirgan Aysultan Qozog‘iston futboli rivoji uchun bor kuchini berishga tayyorligini aytgan.

Qozog‘iston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati Aysultan Nazarboyevdan bunday murojaat kelib tushganini tasdiqladi.

Britaniya Qirollik harbiy akademiyasini tamomlagan 25 yoshli Aysultan Nazarboyevning bundan ikki yil oldin Qozog‘iston harbiy razvedkasida ishlayotgani ma‘lum qilingandi.

Prezidentning qizi Darig‘a Nazarboyeva va marhum Rohat Aliyevning ikkinchi o‘g‘li bo‘lgan Aysultan Nazarboyev dabdabali uylanish to‘yi bilan matbuot e‘tiboriga tushgan edi.

Siyosiy ambitsiyalar namoyon bo‘lyaptimi?

Prezident Nazarboyev nevarasining ushbu taklifi qozoq internet nashrlarida muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydos Sarim ushbu tashabbus siyosiy ambitsiyalarning paydo bo‘layotganidan darak berishini aytgan.

"Nima bo‘lganda ham, futbol – bu eng ommaviy xalq o‘yini va ushbu sohadagi muvafaqqiyatlar ijobiy daromad keltiradi. Aysultan Nazarboyevga o‘zini ko‘rsatish va saylovda ishtirok etishiga hech kim rad javobini berolmasligi ham ma‘lum. Uning futbolchi sifatida to‘plagan tajribasi boshqaruvchi sifatida yetarlimi?" – deya savol beradi Aydos Sarim.

Ot izini toy bosar...

Aysultanning otasi Rohat Aliyev 2000 – 2006 yillar oralig‘ida Qozog‘iston futbolini boshqargan.

Image caption Rohat Aliyev Qozog‘iston futbol uyushmasini UEFAga qo‘shgani bilan ham mashhur

Rohat Aliyev boshqaruvga kelishi bilan qozoq futbolida katta o‘zgarishlar amalga oshirilgan.

Aliyev boshchiligida Qozoq futboli Osiyo futbol konfederatsiyasidan chiqib Ovro‘pa futbol uyushmasiga qo‘shildi.

Qozog‘istonning UEFAga qo‘shilishi m amlakat ishqibozlari tomonidan iliq kutib olindi va Rohat Aliyev olqishlandi.

Biroq 2006 yili Aliyev Qozog‘istonda egallab turgan barcha lavozimlardan ozod qilindi.

Keyinchalik Avstriyada panoh topgan prezidentning kuyovi Rohat Aliyev jasadi 2015 yil fevral oyida Avstriyaning Yozefshtadt qamoqxonasidagi bir kishilik xonadan topilgan. Otasi Rohat Aliyevning qozoq futboli boshqaruviga kelganidan 15 yil o‘tib Aysultan Nazarboyev uni boshqarishga yaqin turibdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio