Ziddizaharning oxiri ko‘rinib qoldi

Image copyright Gerald Buff CorsiVisuals Unlimited Inc.

Dunyoda ilon chaqqanda eng yaxshi foyda beradigan ziddizahar tugab borayotgani o‘n minglab insonlar hayotini xatar ostiga qo‘ymoqda.

Bu haqda "Chegara bilmas shifokorlar" mutaxassislari ogohlantirishdi.

Tashkilotga ko‘ra, Fav-Afrique deb nomlangan dorini yangidan g‘amlashga ehtiyoj juda katta.

Ushbu dori Sahroi Kabir janubidagi mamlakatlarda uchraydigan 10 xil ilon zahriga qarshi foyda qiladi.

Bugunga kelib ziddizaharning oxiri ko‘rinib qolgan, qolgani bor-yo‘g‘i 2016 yilgacha yetishi mumkin. Ammo, uning o‘rnini bosadigan biron bir darmon hozirlangani yo‘q.

Emdori ishlab chiqaruvchi Sanofi Pasteur shirkatiga ko‘ra, ziddizahar narxi haddan ortiq ko‘tarilib ketgan.

Muqobil dorilar mavjud, ammo "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotiga ko‘ra, ular Fav-Afrique o‘rnini bosa olmaydi.

Fav-Afrique Sahroi Kabir janubidagi mamlakatlarda uchraydigan ilonlar zahriga qarshi beriladigan yagona xavfsiz va yaxshi samara beruvchi dori hisoblanadi.

Sanofi Pasteur ziddizaharni tayyorlashga oid ko‘rsatmalarni bo‘lishishi mumkinligini aytgan.

Shirkat o‘tgan yil quturishga qarshi dori-darmon ishlab chiqarishga o‘tar ekan, ziddizahar ishlab chiqarishni to‘xtatgandi.

Boshqa bir korxona bilan aynan Fav-Afrique ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar ketayotgani, ammo ushbu jarayon 2016 yil oxirlarigacha davom etishi aytiladi.

Bu esa, "Chegara bilmas shifokorlar"ga ko‘ra, ziddizahar bozorlarga yetib kelgunga qadar yana ikki yil kerakligini anglatadi.

Image copyright SML
Image caption Dunyo bo‘ylab yiliga 5 million kishini ilon chaqadi

Tashkilot ilon zahrini daf qiluvchi xavfsiz va samarali dorining yo‘qligi esa, hisobsiz o‘lim hollariga yetaklashi mumkinligidan xavotir bildiradi.

"Ziddizaharsiz odamlar hayotdan ko‘z yumishlari mumkinligidan tashvishdamiz", deydi "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotidan Polli Markandiya.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, ilon chaqishi hollari bilan hisoblashishga ko‘proq diqqat qaratish va sarmoya yotqizish lozim. Tashkilot hozircha bu masala e‘tiborsiz qoldirilgan.

Dunyo bo‘ylab yiliga 5 million kishini ilon chaqadi. Ulardan 100, 000 nafari hayotdan ko‘z yumadi, 400,000 inson bir umrga nogiron bo‘lib qoladi.

Sahroi Kabir janubidagi Afrika davlatlarining o‘zida yiliga 30, 000 kishi ilon zahridan vafot etadi, 8,000 odam esa, amputatsiyani boshidan kechiradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio