Rustam Azimov: "O‘zbekistonda biznes buyruqbozlik va poraxo‘rlikdan qiynalmoqda"

Tadbirkorlar O‘zbekistonda qonunni buzmaslikning iloji yo‘qligini aytishadi
Image caption Tadbirkorlar O‘zbekistonda qonunni buzmaslikning iloji yo‘qligini aytishadi

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov mamlakatda biznes sohasi tadbirkorlarlarning ishiga noqonuniy aralashuv, ortiqcha buyruqbozlik, poraxo‘rlik va ta‘magirlikdan aziyat chekayotganini aytgan.

Bu haqda u 8 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan iqtisodni isloh qilishga qaratilgan anjumanda so‘zlagan.

Anjuman haqida xabar bergan Uzbekistan today agentligining yozishicha, O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tishi uchun mamlakatda biznes yuritishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolarni yechish kerak.

"O‘zbekiston biznes sohasi bugungi kunda tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashuv, ortiqcha buyruqbozlik hamda poraxo‘rlik va ta‘magirlik kabi ko‘plab muammolarni boshidan kechirmoqda. Bunga ko‘plab faktlar dalolat qilmoqda", - deya Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov so‘zlaridan iqtibos keltiradi Uzbekistan today.

Azimovga ko‘ra, qonunchilikni qo‘pol buzilishi kabi muammolar juda keng tarqalgan. Muammolar qo‘shimcha ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi, daromadlarni kamaytirishi, aholining iste‘molchilik layoqatiga putur yetkazishi mumkin.

"Shaxsiy mulk va xususiy tadbirkorlikning rivojlanish yo‘lidagi barcha muammo va to‘siqlar yo‘q qilinganidagina bozor iqtisodiyotiga o‘tdik, deb ayta olamiz. Faqat o‘shanda ushbu jarayonni tugatdik desak bo‘ladi", - degan Rustam Azimov.

Image copyright china.org
Image caption Qonunchilikning qo‘pol buzilishi keng yoyilgan, degan Azimov

O‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatda biznes yuritish uchun sharoitlar o‘ta qiyinligi borasida aytib keladi.

Ularning ayrimlari O‘zbekistonda qonunlar mantiqsiz tuzilganidan ularni buzmaslikning iloji yo‘qligini ta‘kidlashadi.

Tadbirkorlarning muammosi borasida o‘zining ba‘zi chiqishlarida Islom Karimov cheklangan holatda gapirib turadi. Biroq Prezidentdan boshqa a‘yonlarning O‘zbekistondagi muammolar borasida matbuot oldida gapirishi kamdan kam kuzatiladigan holatdir.

"Azimovning tanqidlari hech narsani o‘zgartirmaydi"

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha sharhlovchi Joanna Lillis Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovning gaplari amalda hech narsani o‘zgartirmasligini aytadi. Tahlilchiga ko‘ra, odatda bunday muammolar hal etilmasa-da faqat Prezident tomonidan aytiladi. Azimovning muammolar haqida baralla gapirishi e‘tiborga molik. Biz Joanna Lillis bilan bog‘lanib Azimovning chiqishi nimadan darak berishi haqida so‘radik.

Joanna Lillis: Rustam Azimovning so‘zlari O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi iqtisodiy holatdan xavotirini bildiradi. Ushbu gaplar hukumatning iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga istagi borligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston mintaqaning boshqa mamlakatlari kabi iqtisodiy inqirozning ta‘sirini his qilmoqda. To‘g‘ri hukumat inqirozning ta‘sirini sezganini tan olgani yo‘q, lekin alomatlar bor. Rustam Azimovning so‘zlari iqtisodning aziyat chekayotgani va qanday bo‘lmasin O‘zbekistonga investitsiya kirib kelishi uchun sarmoya muhitini yaxshilash tuyg‘usi borligini bildiradi.

BBC: Bu kabi tanqidlar oldin Prezident Islom Karimov tomonidan ham yangragan. Lekin ahvol o‘nglanmagan. Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan so‘ng biror o‘zgarish bo‘lishi mumkinmi?

Joanna Lillis: O‘zbekiston biznes yuritish bo‘yicha xalqaro reytinglarda, jumladan, Jahon Bankining reytigida eng so‘nggi o‘rinlarda turadi. Bu O‘zbekistonda o‘ta qiyin biznes muhiti shakllanganidan va tadbirkorlar uchun muammolar ko‘p ekanligidan darak beradi. Rustam Azimov muammolarni aytgan, ammo menga ma‘lum bo‘lgan jihati, u ushbu muammolarni hal qilish uchun aniq yechimlar taklif qilmagan. Biz oldin O‘zbekiston rahbariyati, jumladan Karimov tomonidan mamlakat iqtisodidagi va tadbirkorlar oldidagi muammolar haqida eshitganmiz. Lekin yaxshilanganini ko‘rganimiz yo‘q, Aniq takliflarsiz vaziyatning o‘nglanishiga ko‘zim yetmayapti.

BBC: O‘zbekistondagi muammolarni Prezident Karimov gapirgan bo‘lsa-da, mulozimlarning matbuot oldida gapirishi kuzatilmaydi. Ushbu chiqish Rustam Azimov uchun nimani anglatadi?

Joanna Lillis: Asosan Islom Karimov gapirib kelgan muammolar haqida Rustam Azimovning ochiq gapirishi nimani anglatishini taxmin qilish qiyin. Balki bu Azimovning O‘zbekistonda ta‘sirli odam ekanligi va bu kabi gaplarni baralla ayta olishga qodirligini anglatar. Balki u o‘zini mustaqil figura sifatida ko‘rsatishni istayotgandir. Biroq bularning hammasi taxmin. Chunki Islom Karimov atrofida nimalar bo‘layotganini juda oz bilamiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq