Dushanbelik bog‘bon qizga dunyoning nazari tushdi

Image copyright AP
Image caption Bog‘bon qizga dunyoning nazari tushdi

Dushanbelik Munira Mirzayeva atigi o‘n to‘qqiz yoshida dunyo internetini ishg‘ol qildi.

Ruminiyalik suratkash Mixaela Norok "Go‘zallik atlasi" albomini yaratdi, Munira esa ana shu albomdan joy oldi.

Mixaela Norokning aytishicha, ayni loyiha muddatsizdir.

O‘zining blogida yozishicha, fotosuratchi Norok faqat shaxsiy mablag‘i va yoki uning ijodi muxlislari xayriyasiga sayohat qiladi.

Mixaela kelajakda barcha yoshdagi ayollarning fotoportretlarini yaratishni niyat qilgan, ammo hozircha faqat yoshlar…

"Ehtimol, bundan ellik yil keyin dunyodagi barcha ayollar biri biriga yana ham o‘xshab qolishar, o‘shanda mening suratlarimni ko‘rishib, bir paytlar bizning madaniyatimiz va an‘analarimiz qanaqa bo‘lganiga guvoh bo‘lishadi".

"Menga Tokioning ko‘chalari, xiyobonlari yoqadi, albatta umuman chekkada bo‘lgan va hayot 200 yil avval qanday bo‘lsa, shunday kechadigan bo‘lgalarni ham sevaman. U yerlarda istagan uyda yotib qolish mumkin", deb yozadi u.

Muniraning hikoyasi

Munira Mirzoyeva Dushanbeda o‘gay otasi, onasi va ikki ukasi, uch singlisi bilan yashaydi.

BBC muxbiri Anora Sarkorova Munira bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan.

Suhbat tojik tilida kechgan, Muniraning ruschasi no‘noqroq…

Men o‘rta maktabni tugatganman, ammo o‘qishimni davom ettirolmadim. Oilamizning bunga qurbi yetmasdi.Bir kun kelib shifokor bo‘lishni orzu qilaman.Faqat Dushanbeda qolib, o‘z oilamga yaqin joyda o‘qishni istayman. Boshqa davlatlarga chiqib o‘qish yoki ishlash haqida aqalli orzu qilmaganman.Ota-onam nima deyishsa, shunday bo‘ladi.Bundan tashqari oilamizda meni chetga jo‘natish uchun mablag‘i ham yo‘q, ota-onam mening ketishimni istamaydi, Dushanbeda, ularga yaqinroqda bo‘lishimni hohlashadi.

Moda va yoki go‘zallikka aloqador sohasalardan tushayotgan takliflarni albatta ko‘rib chiqaman, ammo rozi bo‘lish-bo‘lmasligimni bilmayman. Masalan, agar bu atir-upaning reklamasi bo‘lsa, mayli, ammo ichkiyim reklamasi bo‘lsa, albatta – yo‘q. Sahnalarda milliy kiyim namoyishi bo‘lsa, mayli, G‘arbning yopiq kiyimlariga ham roziman, ammo ochiq kiyimlarda chiqishga mutlaqo qarshiman.

Oilamizdagilar menga bo‘lgan munosabatdan mamnun, bu haqda ular gapirishmaydi, ammo xursand ekanlarini sezaman. Meni televizordan ko‘rsatishgani, internetda yozishgani ularga yoqadi. Ammo bir narsani tushunish kerak. Men an‘anaviy oilada tarbiya topganman, oilada farzandlarning eng kattasiman, mening zimmamdagi mas‘uliyat yuki og‘ir. Shuning uchun ham ota-onam nima desa, shunday yo‘l tutaman. Onam bu kutilmagan omad menga yana omad, baxt keltirishini istaydi. O‘z hayotimni tiklab olishim, ishga kirishim, o‘qishga kirishim, pul orttirishim va hayotda o‘z o‘rnimni topishimga ko‘mak beradi deb umid qiladi.Albatta biz bahonada hayotimiz yaxshiroq bo‘ladi degan niyatdamiz, sovchilar ko‘p kelardi shu rasmlarim chiqqanga qadar, ammo undan keyin kelishgani yo‘q. Internetda suratlarim paydo bo‘lganidan keyin shahardagi banklardan biri ishga taklif qildi, kelib bog‘imizni gullatib bering, deyishdi.Undan boshqa takliflar yo‘q, hozircha, ammo mobil aloqasi shirkati uchunmi va yo boshqa shirkatlardanmi reklama taklifi tushsa, boraman, ammo kiyimlarim milliy bo‘lishi kerak, hech bir tomoni hozirgi jamiyatimiz uchun yot bo‘lmasligi lozim.

O‘z oilam va vatanim farovon bo‘lishini istayman. Urush bo‘lmasin, hamma tinch-omon bo‘lsin… Oyligim 680 somoniy (100 AQSh dollari atrofida), albatta yetmaydi, ayrim holatlarda ukalarim va singillarim uchun oziq-ovqat, kiyim-kechakka yetmaydi, qarz olamiz, keyin qarz to‘laymiz… O‘gay otam bozorda savdo qiladi, ammo u yerda ham muammo oz emas. Onam ishlamaydi. Uyda kichik ukamga qaraydi.

O‘zimning otam kimligini bilaman, ammo u bilan gaplashmayman, chunki xotini bunga qarshi…Otam meni deb muammoga duch kelishini istamayman. Otam suratlarimni ko‘rdimi, yo‘qmi, bilmayman, afsus, ammo u bilan gaplashmayman…

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio