"Gaz faqat xalqdan ortsa, chetga sotish kerak"

Image copyright rferl

O‘zbekiston chetga gaz eksportini ko‘paytirib, Xitoyga ham "zangori olov" sotmoqda. Afg‘oniston ham hozir O‘zbekistondan keladigan elektr quvvati bilan charog‘on.

Ammo O‘zbekistonning o‘z xalqi ko‘p joylarda gazsiz va ba‘zan elektrsiz yashamoqda.

Bir nechta yirik shaharni istisno etganda, O‘zbekistonning aksar qishloqlari va kichik shaharlarida gaz yo‘q, tok esa o‘lchab beriladi. Hozir mamlakat qishloqlarida odamlar qishda ovqat pishirish uchun molning tappisini yig‘ib, tezak qilishmoqda. Cho‘ntagi ko‘targanlar esa ko‘mir sotib olishadi.

Faollarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘z xalqi ehtiyojlari va muammolariga orqa o‘girib, odamlarning o‘z yurtidagi mavjud yonilg‘idan foydalanishiga imkon bermayapti.

O‘zbekiston chetga sotayotgan boyliklar, xususan, gaz, oltin, uran, paxta va elektr quvvati savdosidan tushayotgan daromadlar qayerga sarflanayotgani borasida hukumatdagilar xalqqa hisob berishmaydi.

Xorijiy kuzatuvchilarga ko‘ra, ayrim milliy boyliklar savdosidan tushayotgan daromad O‘zbekiston hukumatidagi bir hovuch elitani boyitmoqda, xolos.

BBC "Ijtimoiy minbar" ruknida ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklarga "Siz nima deysiz, O‘zbekiston chet ellarga gaz va elektr quvvati sotishdan oldin o‘z xalqini to‘liq ta‘minlab qo‘yishi kerakmi yo yo‘qmi?" degan savol bilan murojaat qildi. Quyida unga qoldirilgan ba‘zi sharhlar. (Sharhlarning imlosi saqlab qolindi.)

Abduvohid Mamadaliev ayb odamlarning o‘zida ekaniga ishonadi. "Gaz yuk elektr yuk" deymizu xisob kitob vakti kelib gaz yoki elektr ta‘minotidan kelishganda bolalarimizga "mani uyda yuklar deb aytib yubor" deymiz, vakti soati kelganda esa schyotchikni orkaga aylantirishni kanda kilmaymiz. Nima davlat bularni xammasini yerdan supirib olyaptimi yoki bular osmondan yogilib tushyaptimi?! Kissadan xissa "Nimani eksang shuni urasan"!

Xabiba Yulchibayevaning sharhi ham shunga o‘xshash: "Uzlari aybdorlar chunki uz vaktida tulashmiydilar kancha millonlab karzlarin tulashmay yurishganlar kup, kegin ugirlab xam ishlatishganlar xam kancha, bulsa yana aybni tunkab utirishaverishadi.!"

Qator sharhlovchilar o‘z turar joylaridagi ahvolni tasvirlab berganlar.

Masalan, Akmalxon Saidkomolov: "Men kishlokda yashayman. Gazni pulini kishlogimiz axolisi oldindan tulab kuygan, shu jumladan men xam, lekin gazni uzib kuyishdi, ogoxlantirmay. Gap tulovda emas".

Husniddin Mamajonov: "Men ikki baravar qilib toliman yoqib bersa. Javib beraman. Kontrol qisin qo'lidan kesa. Bir ikkta qarzga botgan odamni dib shu 30 mln odam azob chelish keremi?"

Mubina Xon esa mana bunday noligan: "Bugun dushanba. Ertalab tursam 06:16 da svet yu, suv yu. Mayli. Ishga ketdim. 20:27 da uyga keldim xozir. Yana yu, na svet, na suv. Chyort poberi... Video kilib chet davlatga kursatish koldi shakil. Shunaka jonga tengi lekin...boru. Kachongacha davom etadi bu xol?"

Ali Bey O'zbek fikrida hukumatdagilarni xalqning ahvoli qiziqtirmaydi. "Xamma kattalar Toshkentda markazlarida yashaydiku. Qorni och bilan qorni to‘qni nima ishi bor. A toshkentda svet gazdan muammo bormidiki bu yoqdagi xalqni axvoli bilan ishi bo‘larmidi. Mana danniy mament Namangan ShAXAR BOBURShOX KUChA KO‘P QAVATLI BINOLARIDA ERTALAB SVET O‘ChGAN XOZIRGAChA YoNMADI", - deya arz qiladi u.

Abdulla Usmanov fikrida gaz va elektrni chetga faqat "uzbek xalkidan ortsa sotish kerak. Gaz elektir xalkni taminoti uchun kerak", - deydi u.

Xasan Jamalov esa hech qanday ironiyasiz, umidbaxsh sharh qoldiribdi: "Barchasi asta-sekin boladi. Uzbek Modelini karanglar. Biz rivojlanishning boskichma boskich turini model kilib olganmiz!"

Kabul Sadikovich esa odamlarni umuman bu mavzuga tegmaslikka chaqiradi. "Ichki siyesatga aralashmanglar xali xammasi yaxshi buladi", - deb yozgan u.

Mukammal Shabuvayeva, umid qilamizki, hazil bilan "Gaz nima uzi u?" - deb so‘raydi.

Shukurjon Islomov yozib qoldirgan sharhni esa "qora hajviya" sirasiga kiritish mumkin. Elektr bilan gaz sevishib turmush qurishibdi. Yil o‘tib dvijok degan o‘g‘il, gazballon degan qiz ko‘rishibdi. Yosh-da, xarakteri to‘g‘ri kelmay, ajrashib, elektr Afg‘onistonga, gaz Xitoyga ketib, buyoqda dvijok bilan gaz ballon qolibdi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio