Miyamizni qanday qilib "texnik ko‘rik"dan o‘tkazamiz?

Image copyright Getty
Image caption Miya

Har qanday murakkab yaratilgan bir mexanizm kabi bizning miyamiz ham e‘tibor va parvarishga muhtoj. Yoshlikda asrab-avaylasak, yoshimiz o‘tganidan keyin ham miya faol va tez ishlashi mumkin.

Qaniydi, miyamiz bo‘yicha ham texnik qo‘llanma bo‘lsa, shartta o‘qib chiqardik va "tuzatib" olardik, shunday emasmi?

Ayniqsa, ana shu qo‘llanmada mikrotuzilmalar va algoritmlar aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lsa...

Afsuski, bu borada maslahatlar va qo‘llanmalar doim ham biri biriga mos emas, aksariyat holatlarda ziddiyatli va betayinroq.

Ana shu holat BBC Future muxbirini o‘ziga xos tadqiqot o‘tkazish va o‘z misolida miyani tez qarib qolishdan saqlash yo‘llarini ishlab chiqishga turtki berdi.

Quyida ana shu maslahat va yoki yo‘riqnomalar bilan tanishasiz.

1. O‘z qobiliyatingizga ishonchni yo‘qotmang

Image copyright Science Photo Library
Image caption Tilsim

Siz biror bir xonaga kirib, keyin bu yerga nima uchun kirganingizni esdan chiqarib qo‘yganmisiz?

Yoshi kattaroq odam darrov bu holatni qarilik alomatiga yo‘yib qo‘yadi, ammo bu kabi vaziyat bilan yoshlar ham duch kelishi mumkin.

Nima uchun biz o‘z qobiliyatlarimiz haqida so‘z borganida odatan eng yomon holatlarni tasavvur qilamiz va yoki tayyorlanamiz?

Salbiy taxminlarning ostida biror ilmiy asos bo‘lmasa ham alal-oqibat hayot haqiqatiga aylanib qolish xavfi bor.

Agar bunday bo‘lishini istamasangiz, o‘zingizga ishoning!

Shimoliy Karolina shtatidagi universitetda so‘nggi o‘n yil tadqiqot olib borgan Dayna Turonga ko‘ra, odatda biz yoshimiz ulg‘ayar ekan, o‘zimizga nisbatan ishonchni ham so‘ndirib boramiz.

Garchand, o‘z qobiliyatlarimizni to‘la saqlab qolgan bo‘lsak ham bunga ishonmaymiz.

Shundan so‘ng biz xotiramiz uchun "yordamchi"lar qidiramiz, bloknot tutamiz, telefonlarimizga turli kundalik taqvimlar kiritamiz va hokazo.

O‘z qobiliyatlarimizni chamalamay va yoki tekshirmasdan turib, biz "qarilik"ni bo‘ynimizga olamiz, shu yo‘l bilan qarishni tezlashtiramiz.

Ana shunday qilib, mabodo bir xonaga kirsangiz va u yerga nima uchun kirganingizni unutsangiz, tushkunlikka tushmang, qaytaga xotirani avvalgidan ko‘proq bir usulda "mashq" qildiring.

2. Quloqlarni asrang!

Image copyright Thinkstock
Image caption Quloqlarni asrang, soch muhim emas :)

Agar zehniyatimiz va sezish a‘zolarimiz orasida aloqa uziladigan bo‘lsa, bundan birinchi navbatda miyamiz zarar ko‘radi.

Eshitish qobiliyatimiz ozgina pasaygani taqdirda, miyaga tashqaridan keladigan foydali rag‘batlar ozayadi, bu esa o‘z navbatida "kulrang modda"ning kamayishiga sabab bo‘ladi.

Tadqiqotlardan birida esa bizning o‘rganish, anglash yoki tanib olish qobiliyatimiz olti yilda 24 foizga kamayishi aytiladi.

Yoshingizdan qat‘iy nazar, eshitish qobiliyatiga ta‘sir qiladigan har qanday holatdan…qoching.

Masalan, rok musiqani "bo‘kirtirib" 15 lahza eshitishning o‘zi bilan quloq pardalariga salbiy ta‘sir qilish mumkin.

Hatto soch qurituvchi fenni ham kuniga 15 daqiqa ishlatish ana shunday salbiy ta‘sirga ega ekan.

Ammo eshitish qobiliyatim ishdan chiqqan deb o‘ylasangiz, albatta shifokorga murojaat qiling!

3. Til o‘rganing, musiqa chaling

Image copyright Thinkstock
Image caption Musiqa chalishni o‘rganing

Aqlli telefonlardan turfa "miyani charxlovchi" o‘yinlarni o‘ynashdan ko‘ra, jiddiyroq ish bilan shug‘ullanish kerak.

Masalan, pianino chalish va yoki xorijiy til o‘rganishni boshlash foydaliroq…

Har ikki soha ham xotirani mustahkamlaydi, qo‘l harakati va eshitish qobiliyatini "o‘tkirlaydi".

O‘tgan yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, musiqa bilan shug‘ullanadiganlarda keksalik bilan bog‘liq aql ojizligi kasalligiga chalinish boshqalarga nisbatan 60 foizga kam ekan.

Yana boshqa bir tadqiqot esa xorijiy til o‘rganish Altsgeymer kasalligi rivojlanishini besh yil orqaga surar ekan.

4. Zararli yog‘lardan parhez qiling!

Image copyright Thinkstock
Image caption Mana bunaqa qovurilgan ovqatlar miyaga ham zarar ekan

Semirishning koni zarar! Bu miya salomatligiga ham salbiy ta‘sir qiladi.

Tomirlarda tiqilib qoladigan xolesterin qonning miyaga oqimini qisqartiradi, bu esa miyaning normal oziqlanish jarayoniga yomon ta‘sir o‘tkazadi.

Ammo hamma yog‘lar ham zararli emas.

Masalan, tarkibida Omega-3 va D i B12 vitaminlari bor yog‘lar aslida miya qarishining oldini oladi.

5. Badantarbiya va sport bilan shug‘ullaning

Image copyright Thinkstock
Image caption Badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish miyaga foyda...

O‘z mulohazalarimizda biz ko‘pincha miya va tana faoliyati haqida alohida –alohida fikrlaymiz.

Aslida esa tanani sog‘lom ushlash miya salomatligining garovidir.

Badantarbiya esa nafaqat miyaga qon oqimini yaxshilaydi, balki nerv to‘qimalari o‘sishiga xizmat qiladigan protein miqdorini oshiradi.

Masalan, maktabga piyoda boradigan bolalar odatda a‘lochilar bo‘lishar ekan.

Har kuni sayrga chiqadigan keksalarda ham xotira yaxshi saqlanadi.

6. Yoshingiz katta bo‘lsa ham ziyofatlarga (to‘ylarga) boring!

Image caption To‘y va ziyofatlardan "yosh o‘tdi" degan bahona bilan qolmang

O‘z yaqinlarimiz va do‘stlarimiz bilan uchrashuvlar, suhbatlar odatda bizni ilhomlantiradi, turfa siqilishlar, g‘uborlarimizni tarqab ketishiga yordam beradi.

Ijtimoiy faol bo‘lgan qariyalarning anglash qobiliyatlari juda yaxshi saqlanib qolgani aniqlangan.

Ammo baribir miya faoliyatini yaxshilash uchun aniq bir qo‘llanma yo‘q…

Shunga qaramay, sog‘ tanda sog‘lom aql qabilida yo‘l tutgan ma‘qul ekan.

Qolaversa, bizning ko‘ngil xotirjamligimiz va miyamiz faolligi uchun do‘stlar, qarindoshlar va ularning diydori muhim, tabiiyki, bu ro‘yxatga biz sog‘lom ovqatlanish bilan badantarbiya ham qo‘shishimiz shart.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio