"O‘zbekiston SSSR zamonidagi paxta siyosatini o‘zgartirmadi"

Aksincha paxta yakkahokimligini saqlab qolish istagi majburiy mehnatning Sho‘ro davridagidan ham yomonroq ko‘rinish olishiga turtki berdi.

Shu kecha-kunduzda hukumat amaldorlari, viloyat hokimlaridan tortib, maktab-kollej direktorigacha - rasmiy mas‘ullarning asosiy vazifasi paxta yig‘im-terimiga imkoni boricha ko‘p sondagi odamni safarbar qilishga aylangan.

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari allaqachon O‘zbekiston hukumati o‘z zimmasiga olgan Xalqaro Mehnat tashkilotining majburiy mehnatga chek qo‘yish maqsadidagi oliymaqom hujjati talablari 2015 yilgi paxta mavsumida buzilayotgani misollari haqida hisobotlar e‘lon qildilar.

Xo‘sh, Orol dengizining qurishi, O‘zbekiston tuprog‘ini pestitsidlar bilan zaharlanishi va tuproq unumdorligi pasayishi, insonlari salomatligiga putur yetkazishi, yil-o‘n ikki oy qilingan mehnat evaziga arzimas haq to‘lanishi mavzulari 1986-1991 yillardagi O‘zbek matbuotida keng va batafsil yoritilgan paxta yakkahokimligidan nega mustaqillikdan 24 yil o‘tib ham voz kechilmadi?

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida mamlakat qishloq xo‘jaligi va sanoati paxta yetishtirishga moslashtirilgani uchun paxta ekinidan voz kechish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘pchilik yaxshi angladi.

Va paxta yetishtirishni kamaytirish tomon olingan O‘zbekiston hukumati qarori to‘g‘ri bo‘lganini ko‘pchilik e‘tirof etib qo‘llab-quvvatladi.

Asta-sekin 3 million tonna xomashyoning 70-80 foizgachasini O‘zbekistonning o‘zida yoki mato, yoki tayyor mahsulot sifatida qayta ishlashga o‘tilishi dehqonlarni to‘qimachilik yoki tikuvchilik sanoatiga jalb qilishga olib keladi, deb kutildi.

Xorijlik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda Turkiya, Janubiy Koreya paxtani qayta ishlash qo‘shma korxonalari tashkil etildi va bu fabrikalar insonlarni ish bilan ta‘minladi ham.

Biroq 2000 yillardan keyin qo‘shma korxonalar faoliyat yuritishda mushkulliklarga duch kela boshladilar, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va hukumatning eng yuqori mansabdorlari borib tantanali ochib bergan va faxr-iftixor manbai qilib ko‘z-ko‘z qilingan tolani qayta ishlash korxonalari yopila boshladi, yuzlab, balki minglab insonlar ishsiz qoldilar, ular Rossiyadagi "dangasalar" sonini ko‘paytirishga majbur bo‘ldilar.

Hali 1996 yillardan buyon e‘lon qilinib kelinayotgan paxta xomashyosining 70 foizgachasini O‘zbekistonning o‘zida qayta ishlashga o‘tish haqidagi bayonotlar Rossiya yoki Bangladeshdagi xomashyo xaridorlari ko‘zi o‘ngida "narxini oshirish" ogohlantirishidan boshqa narsa emasligi ayon bo‘lib qoldi.

O‘zbek hukumatidan paxta va g‘alla xarid narxlarini erkinlashtirish, agrosanoatni diversifikatsiya qilish chaqiriqlariga qaramasdan, O‘zbekistonning millionlab odamlarni har kuzda dalaga majburan olib chiqadigan ekini bugun ham paxta bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston hamon dunyoning oltinchi eng yirik paxta yetishtiruvchisi, beshinchi paxta eksportchisi ekanicha qolmoqda.

Bolalar mehnati dunyoning ko‘plab taniqli shirkatlarini O‘zbek paxtasi boykotiga qo‘shilishga undadi.

O‘zbek amaldorlari esa e‘tiborlarini Xitoy yoki Bangladeshdagi paxta manbasiga ko‘p ham injiqlik bilan qaramaydigan mijozlarga burdilar.

Chet el shirkati bir tonna tolani necha puldan sotib oladi?

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, buni hatto o‘sha tolani chigitidan tozalagan paxta tozalash zavodi ham, bu zavodlar tepasidagi "O‘zpaxtasanoatsotish" uyushmasi rahbarlari ham bilmaydilar.

Bu yil ham paxta yig‘im-terimiga chiqish "savob ish" ekani haqidagi chaqiriqlar yangramoqda.

Bu SSSR zamonidagi "paxta milliy boylik" shiorini eslatadi.

U zamonda paxtadan tushgan daromad O‘zbekiston iqtisodiga, dalada ishlagan kolxozchining kolxozi moliyaviy ahvoliga bevosita ta‘sir ko‘rsatgan, buni oddiy odamlar o‘z hayotlarida his qilganlar.

Bugun-chi?

O‘zbekiston parlamenti bir yillik paxta hosilidan respublika byudjetiga qancha daromad tushgani, bu daromad qaysi ijtimoiy maqsadlarga sarflanishini muhokama qilgani haqida biror marta xabar qilinmagan.

Oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar paxta O‘zbek xalqining emas, bir hovuch amaldorning boylik manbaiga aylanganini aytib keladilar.

"O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida tub islohotlar o‘tkazilmadi. Butun tizim Sho‘rolar paytidagidek qoldi", deydi Kardif universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Farhod Hazratqulov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq