Qozog‘iston: O‘zbekistonlik 4,5 ming enaga aslida nima ish qiladi?

Politsiya aytayotgan enagalar aslida kafelarda idish yuvishlari ham mumkin Image copyright tengrinews.kz
Image caption Politsiya aytayotgan enagalar aslida kafelarda idish yuvishlari ham mumkin

Qozog‘istonga shu yil boshidan buyon 4,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik enaga va qarovchi bo‘lib ishlamoqda. Bu haqda migratsiya politsiyasi ma‘lum qilgan. Mamlakatda ishlashga ruxsat olgan muhojirlarning 95 foizi o‘zbekistonlik ekanligi aytiladi.

tengrinews.kz saytining yozishicha, 2015 yil boshidan buyon Qozog‘istonga uy yumushlarida ishlash uchun 103 mingdan ortiq odam jalb qilingan. Shuning asosiy qismi, ya‘ni 97 mingini o‘zbekistonlik fuqarolar tashkil qilgan.

4,5 ming enaga yoki qarovchiga ishlash uchun ruxsat berilgani bir qarashda bu yurtda ularga bo‘lgan talabning kattaligini bildiradi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bolaga enagalik qilish Qozog‘istonda o‘ta dolzarb. Chunki davlatga qarashli bog‘chalar yetishmaydi, xususiylari esa qimmat. Shuning uchun yirik shaharlarda enaga sifatida ish topish ancha qulay. Ularning maoshi oyiga o‘rtacha 400 dollardan boshlanadi va 700 dollargacha oylik oladigan enagalar bor.

Biroq migratsiya politsiyasi berayotgan raqamlar ancha shubhali ekanligi aytiladi.

Sababi O‘zbekiston kelib ommaviy ravishda enagalik qilish qiyin. Birinchi navbatda, til muammosi paydo bo‘ladi.

Qozog‘istonda enagalar avvalo, qozoq va rus tilini bilishi kerak. Undan tashqari ota-onalar chetdan kelayotgan notanish odamga bolasini ishonib topshirib qo‘yishni ko‘pda istashmaydi.

Enagalik uchun kelayotganlar asosan Qoraqalpog‘istondan va O‘zbekistondagi qozoq millatiga mansub ayollar ekanligi aytiladi.

Ular bu kabi ishlarni tanish bilishlarining tavsiyasi bilan topishadi. Lekin ularning soni departament aytayotganidek 4,5 ming ekanligiga shubha ostiga olinadi.

Umuman politsiya aytayotgan 100 mingdan ortiq ishchi ham hujjatda ko‘rsatilayotgan ishlarda ishlamasligi mumkin.

Qozog‘iston o‘z fuqarolarini ish bilan ta‘minlash maqsadida chetdan ishchi yollash tizimini o‘ta murakkab qilib qo‘ygan.

Qurilish, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda o‘zbekistonlikning ishlashi o‘ta mushkul yoki imkonsiz.

Ammo hukumat jamoat tashkilotlarining taklifi va bosimi ostida o‘ziga to‘q qozoq oilalari uchun MDH davlatlaridan uyda ishlatish uchun 5 tagacha odamni olishga qonunan ruxsat berdi.

O‘tgan yili kuchga kirgan qonun asosida, migratsiya politsiyasi ishchilarni ro‘yxatga ola boshladi.

"Hamma ham hujjatda ko‘rsatilganidek uy yumushlarida ishlamaydi. Ularning ko‘plari kafe yoki qurilishlarda ishlaydi. O‘zimiz ham shunday qilishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki davlat oshxonaga idish yuvish uchun o‘zbekistonlik ayolni olishimizga ruxsat bermaydi. Davlatga xorijdan malakali ishchi kerak. Uni enaga sifatida ko‘rsatib oshxonada ishlatishga majburmiz", - deydi Olma otadagi tadbirkorlardan biri.

Qozog‘iston ko‘proq qishloq xo‘jaligi, qurilish va oshxona ishlari bilan o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb qiladi.

Asosan malakasi yo‘q ishchilar ish topish oson bo‘lgani uchun Qozog‘istonga borishi aytiladi.

Maosh Rossiyadagidan kamroq bo‘lsa-da, til va masofa jihatidan yaqinligi uchun ham Qozog‘istonni tanlashadi.

Bundan tashqari Qozog‘istonda Rossiyadagi kabi taqirboshlar bilan bog‘liq muammolar yo‘q.

Mustaqil manbaalarda o‘zbekistonlik 1 millionga yaqin mavsumiy ishchilar Qozog‘istonda ishlashi aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio