Sho‘rolarning Qozoq ayollariga teng huquq berish siyosati

Image caption Mohira Suyarqulova 2011 yili Sent-Endryuss Universitetida Xalqaro munosabatlar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan

Ushbu maqolada biz Markaziy Osiyo tarixining bahsli sahifalaridan biriga e‘tibor qaratishni maqsad qildik, bu sahifaga asli boshqirdistonlik xotin-qizlar harakati faollaridan bo‘lgan Antonina Nurxat bir kitobch ham bag‘ishlagan. Antonina Nurxat 1920 yillarda butun mintaqa bo‘ylab ko‘p safar qilgan va bu safar taassurotlari asosida yozgan kitobiga "Dasht chodirlari: Xotin-qizlar Qizil chodirlaridagi ishlar" deb nom bergan. Kitob Moskvadagi "Tsentrizdat" nashriyotida 1929 yili chop etilgan.

O‘sha yillari Qozog‘istonda yo‘lga qo‘yilgan "Qizil chodir" ichida faoliyat yuritgan ayol faollar bilan dialoglarga asoslangan kitobcha o‘quvchiga "hujum" harakatining jozibali manzaralari haqida tasavvur beradi. "Hujum" Sho‘rolarning Markaziy Osiyoda xotin-qizlar teng huquqliligini ta‘minlash maqsadida yo‘lga qo‘ygan kampaniyasi bo‘lgan.

1920 yillarda Qozog‘iston aholisining aksari ko‘chmanchi bo‘lib, ular mamlakatning keng dashtliklari bo‘ylab sochilib ketgan edi. "Qizil chodir"lar Qozoq ayollariga Sho‘rocha erkaklar bilan tenglikni ta‘minlashni ko‘zda tutgan edi. "Qizil chodir" qator maqsadlarga xizmat qilgan edi: savodsizlikni tugatish markazi, lektsiya zali, ko‘chma kutubxona, xotin-qizlar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish nuqtasi ana shular jumlasidandir. Qozoq ayollari kooperativlarga jalb etilgan, bilim va malakalarini oshirish bilan Sovetlar sotsializm qurish va mintaqada "qoloqlik"ni yo‘qotishda xotin-qizlar dastagiga tayanishni maqsad qilgan.

Antonina Nurxat kitobchasida asosiy gigiyena qoidalari va zamonaviy tibbiy bilimlardan bexabarlikni muhokama etishga katta e‘tibor qaratilgan. Nurxat nazarida qoloq sharoit va kasalliklar Sovetlardan oldingi zamon Qozoq xonadonlarining asosiy muammolari bo‘lgan. Qizil chodirlar oldiga konkret maqsadlar qo‘yilgan edi. Xususan, "xotin-qizlar ommasining madaniy darajasini ko‘tarish, ularga madaniyatli odatlar va malakalarni o‘rgatish, ularga ifloslik, kasallik va bolalar orasidagi o‘limlarni kamaytirishga qarshi kurash tashkil qilishda yordamlashish..."(Nurxat 1929, 8-bet)

Muallif shunday yozadi:

"Ushbu vazifalarni hayotning o‘zi kun tartibiga qo‘ymoqda. Ko‘chmanchi qozoqlar ko‘pincha antisanitar sharoitlarda yashashadi. Aksari savodsiz, ayniqsa ayollari... Sovetlar faqat hozirga kelib ko‘chmanchi va o‘troq mintaqalarga, hech qachon ishga jalb qilinmagan ayollarga e‘tibor qarata boshladi. Sovetlar hukmronligi ostida 7-8 yildan buyon yashashayotganiga qaramasdan, Qozog‘istondagi xotin-qizlarning ahvoli inqilobdan oldingi paytlardagidek ayanchli. Qalin, voyaga yetmagan qizlarga uylanish, ko‘p xotinlilik hali ham mavjud. (9-bet)

Nurxat o‘z asarida qayd etadi: ayol mehnati ko‘chmanchilar iqtisodida markaziy o‘rinni egallagan, shuning uchun ham ko‘chmanchilar hayotidagi "madaniyatsizlik"ni bartaraf etishda ham xotin-qizlar asosiy rolni o‘ynashi lozim. Shu maqsadda "Qizil chodir"lar qozoq ayollarini kir yuvishga, bolalarini cho‘miltirishga, non yopishga, pishloq va sariyog‘ tayyorlash, ko‘kat va sabzavot o‘stirishga o‘rgatgan. Chodirlar xotin-qizlarni yozish va o‘qishni, "Sovet"cha o‘ylash va gapirishni o‘rgatgan. Bu kabi tadbirlarda xotin-qizlarning ishtirokini ta‘minlashda ba‘zan dramatik hodisalar ham kuzatilgan.

Buning yorqin misolini iflos kiyimlar va yuvilmagan idish-tovoqlar "sazoyi tomosha"larida ham ko‘rish mumkin edi. Antonina Nurxat kitobchasining 40-44 sahifalarida bu tomosha tasvirlab berilgan. Bu "sazoyi"ni o‘tkazish uchun qishloqqa haqiqiy hakam va hay‘at a‘zolari kelganlar. Qoralovchi vazifasini bu tadbirning tashabbuskori bo‘lgan mahalliy faol Nagime bajargan. Himoyachi rolini esa mahalliy komsomol a‘zosi olgan. Ro‘molga o‘rangan "qizil chodir" direktori yig‘ilgan ommaning ko‘zi oldida namoyishga qo‘yilgan iflos kiyimlar va yuvilmagan idish-tovoqlarni keskin va qattiq ohanglarda qoralovchi ta‘sirli ma‘ruza qilgan. Kiyim va idishlarni shu darajagacha olib kelgan "egalari"ning tozalik talablarini inkor etayotganlari qoralangan. Nagime "aybdor"larga "qattiq jazo" tayinlanishini talab qilgan. Himoya tarafi esa "jazoni yengillatish"ni so‘ragan. Hakamlar hay‘ati aybdorlarga bir umrlik xalqdan ajratib qo‘yish hukmini e‘lon qilgan paytida tomoshabinlar davrasiga o‘lik sukunat cho‘kkan. Ushbu tomosha so‘nggida Nagime har bir kishini o‘z uyini, kiyimlari va badanini toza saqlashga chaqirgan. Ushbu tomosha qishloq ahliga juda katta ta‘sir ko‘rsatgan, deb yozadi Nurxat o‘z kitobida.

Odamlar bu tomosha haqida uzoq vaqt gapirib yurishgan, mazax va masxaralar qilishgan. Nurxat bundan tomoshalardan keyin "qizil chodir"larga tashrif buyuruvchilar soni ikki baravar oshgani, xotin-qizlar har bir tadbirda ishtirok etadigan bo‘lganlarini aytadi. Bularning natijasida "qizil chodir" xodimlari xonadonlarni tekshirish uchun borganlarida uylardagi orastalik ko‘zga ko‘rinarli darajada yaxshi tomonga o‘zgarganining guvohi bo‘lganlar. Bunday sazoyi "mahkamalar"da tomoshaga jonsiz buyumlar qo‘yilsa-da, ularning tozaligi uchun asosiy mas‘uliyat xotin-qizlarning yelkasiga tushar edi.

Ushbu "mahkamalar" xotin-qizlarning Sovet modernizatsiyasiga qay darajada safarbar etilganlarini namoyish etadi. Uyaltirish va izza qilish bilan nafaqat ishlagan ishi uchun haq to‘lanadigan vazifalar, balki pul to‘lanmaydigan xonadonlardagi javobgarlik va reproduktiv mas‘uliyat ham ayollarning zimmasiga yuklangan.

Erkaklar ustun bo‘lgan jamiyatda ayollarga erkaklar bilan teng huquqlilikni ta‘minlab berish siyosati ayollarga ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy erkinlik va imkoniyatlar yaratib berishi bilan birga ularning yelkasidagi mas‘uliyatlari ikki barobar ortishiga ham olib kelgan edi.

Mohira Suyarqulova 2011 yili Sent-Endryuss Universitetida Xalqaro munosabatlar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti tadqiqotchisi va Bishkekdagi Amerika Markaziy Osiyo universitetining Xalqaro va Qiyosiy siyosat departamenti dotsentidir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq