Poroshenko qochqinlar inqirozida Rossiyani aybladi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Kreml Asad armiyasiga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganini tan olgan

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko Yaqin Sharqdan Ovro‘po Ittifoqiga qochqinlar oqimining keskin ortishida Rossiyani ayblagan.

"112 Ukraina" telekanali orqali chiqishida janob Poroshenko Ovro‘podagi muhojirlik inqirozini Suriyaga rus qo‘shinlarining tashlangani haqidagi mish-mishlar bilan bog‘lagan.

"Qrimning noqonuniy annektsiya qilinishi Kremlni keyingi qadamga undadi. Rossiyaning "yashil odamchalari" Suriyaga tashlanmoqda", degan Ukraina rahbari.

Ayni paytda Rossiya Suriyadagi harbiy harakatlardagi bevosita ishtirokini rad etmoqda.

Ammo Kreml Asad armiyasiga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani va Suriyada harbiy mutaxassislarini joylashtirganini tan olgan.

Image copyright Reuters
Image caption Poroshenkoga ko‘ra, Rossiyaning "yashil odamchalari" endi Suriyaga tashlanmoqda

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, rus harbiylari bir necha yildan buyon Suriya hukumat kuchlariga "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uchun zarur harbiy texnikani o‘zlashtirishda yordam ko‘rsatib keladi.

Rossiya harbiylarining Suriyadagi janglarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etayotgani haqidagi xabarlar o‘tgan oy paydo bo‘lgan edi.

Internetda bundan avval xorijga yetkazib berilmagan Rossiya harbiy texnikasi aks etgan surat va videolavhalar e‘lon qilingan.

Ovro‘poda bir necha oydan buyon davom etib kelayotgan muhojirlik inqirozi so‘nggi haftalarda yanada keskinlashgan.

Image copyright AFP
Image caption Qochqinlarning aksariyati fuqarolar urushi ichida qolgan Suriyadan

Qochqinlarning ko‘pchiligi to‘rt yildan buyon fuqarolar urushi davom etayotgan Suriyadan Ovro‘poga yo‘l olgan insonlardir.

Ayni paytda Suriya axborot vaziri Umron Zubi Ovro‘po joriy inqiroz uchun mas‘ul ekanini da‘vo qilgan.

Uning aytishicha, boshpana izlovchilarning aksariyati Prezident Bashar Asad muxoliflari, jumladan, "Islomiy davlat" nazorati ostidagi mintaqalardan qochishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio