Shengen hududi davlatlari chegara tartibini joriy etmoqda

Image copyright EPA
Image caption Shanba kuni Myunxenga 13 mingdan ko‘proq muhojirlar kelgan

Olmoniya, Avstriya va Chexiya qochqinlar oqimi tufayli chegara nazoratini kuchaytirayotganini ma‘lum qilgan.

Chex hukumati Avstriya va Olmoniya o‘rtasida temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgani bois muhojirlarning Chexiya orqali Omoniyaga yo‘l olishidan xavotirda.

Chexiya Ichki ishlar vaziri Avstriya bilan sarhadda chegara tartibi joriy etilishini ma‘lum qilgan.

Uning aytishicha, muhojirlar inqirozining qay yo‘sinda rivojlanishiga qarab qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin.

Avvalroq Olmoniya Ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer ham shu kabi choralar haqida e‘lon qilgan edi.

Aks holda, Mezerning so‘zlariga ko‘ra, Olmoniya qochqinlar oqimiga bas kelolmaydi.

Ko‘rilayotgan choralar a‘zo davlatlar o‘rtasida erkin harakatlanishni ko‘zda tutuvchi Shengen shartnomasiga zid.

Ammo Shengen hududi davlatlari o‘z chegaralarida vaqtinchalik nazorat o‘rnatish huquqiga ega.

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlar asosan, Yaqin Sharq va Afrikadan

Yakshanba kuni Myunxen shahar rasmiylari so‘nggi haftalarda Yaqin Sharq va Afrikadan kelgan qochqinlar oqimini bazo‘r uddalayotganlarini aytishgan.

Shanba kuni Myunxenga 13 mingdan ko‘proq muhojirlar kelgan.

Olmoniyaning Deutsche Bahn temiryo‘l shirkati Avstriya bilan qatnovni dushanba kunigacha to‘xtatgan edi.

Ovro‘po, umumiyat-la, Suriya, Afg‘oniston, Eritreya va boshqa davlatlardan kelayotgan qochqinlarni joylashtirishda muammolarga duch kelmoqda.

Muhojirlarning aksariyati o‘zlari yetib kelgan birinchi Ovro‘po Itifoqi davlatlari - Mojariston va Yunonistonda ro‘yxatdan o‘tishni istashmaydi.

Ularning ko‘pchiligi Olmoniya va boshqa g‘arbiy Ovro‘po davlatlarida boshpana topishga umid qiladilar.

Mojariston hukumati qochqinlar oqimini to‘xtatish maqsadida Serbiya bilan chegarani butunlay yopmoqchi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, shu yil boshidan buyon Serbiyadan Vengriyaga 175 ming qochqinlar kelgan.

Ular asosan, Avstriya va Olmoniyaga yo‘l olishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio