Nazarboyev: "Tojikistondagi voqealar ortida tashqi kuchlar turibdi"

Image caption Tojikistondagi vaziyat Dushanbeda o‘tadigan KXShT sammiti kun tartibida

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Tojikistondagi so‘nggi zo‘ravonliklar "tashqi kuchlarning aralashuvisiz" yuz bermaganini aytgan.

U bu haqda Dushanbega tashrifi chog‘ida gapirgan.

"Tojikistonga sizib kirish va beqarorlik keltirib chiqarishga urinishlar bor. Mamlakat ichkarisida yuz bergan oxirgi hodisalar ham, aftidan, tashqarining aralashuvi bilan yuz bergan", deb aytgan janob Nazarboyev Prezident Rahmon bilan muzokaralardan so‘ng.

Qozog‘iston rahbari biron xorijiy davlat yoki guruh nomini atamagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashning jabha chizig‘ida.

"Biz vaziyatdan yaxshi xabardormiz va bizning huquq-tartibot idoralarimiz o‘zaro hamkorlik qilishlari zarur", deb aytgan janob Nazarboyev.

Tojikistondagi vaziyat Dushanbeda boshlanayotgan MDHning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammiti kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishi kutilmoqda.

Prezident Putin ham ishtirok etadigan sammit Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda va uning guruhiga qarshi aksilterror amaliyoti manzarasida o‘tmoqda.

Tojik hukumati isyonkor generalni 4 sentyabr kuni Dushanbe va Vahadat shaharlaridagi militsiya postlariga uyushtirilgan hujumda ayblagan.

Rasmiylarga ko‘ra, hukumat kuchlari Dushanbedan 150 kilometr sharqdagi Romit darasida olib borayotgan mahsus amaliyot "hal qiluvchi bosqichga kirgan".

Maxsus aksilterror kuchlari general Nazarzoda va uning qurolli tarafdorlarini qurshab olgani xabar qilinadi.

Prezident Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva vaziyatni barqarorlashtirishda Tojikistonga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni masala Putin va Rahmon muzokaralari kun tartibining markazida bo‘ladi.

Tojikistonda shu oy boshidan buyon davom etayotgan zo‘ravonliklar hozirga qadar 20 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio