Ona parhezining homilaga ta‘siri

Yangi o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, homilador bo‘lish vaqtida onaning parhezi bo‘lajak farzandning kelajagida o‘ta muhim o‘rin tutar ekan.

Ikki oycha avval men Gambiyadagi Keneba qishlog‘ida 90 yoshli Karamo Tauray bilan uchrashdim. Atrofida ko‘plab farzandlari va nabiralari girdikapalak bo‘lgan Karamo oyog‘idagi barmog‘ida bo‘lgan kichik bir yaradan tashqari soppa-sog‘ ekanligini Yaratganning marhamati, deya aytdi.

Lekin mening taxminimcha u homila sifatida paydo bo‘lgan oyning ham bu yerda roli bor.

1940 yillardan beri Kenebada Britan Tibbiyot Kengashi tadqiqotchilari yerliklarning qachon tug‘ilganlari, nikoh qurganlari va o‘limlari haqida mufassal ma‘lumot yig‘ish bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu ma‘lumotlarni o‘rganish natijasida ular bir necha yil avval shunday xulosaga keldilarki, homila yilning qaysi vaqtida paydo bo‘lganligi uning kelgusi hayoti uzunligiga katta ta‘sir ko‘rsatar ekan.

Deylik homila yanvar oyida paydo bo‘lgan bo‘lsa va farzand sentyabrda tug‘ilsa, sentyabrda homila paydo bo‘lib iyunda tug‘ilgan shaxsga nisbatan ancha avval olamdan o‘tishi ehtimoli juda katta ekan.

Image caption Gambiyada hamma homilalarni yog‘ingarchilik mavsumida rejalashtirish kerakmikan?

Demak, buning roli juda, juda katta.

Anglashilishicha, buning sababi yilning muayyan vaqtida osmondagi yulduzlarning qanday joylashganida emas, balki ob-havo va ota-onaning homila paydo bo‘lgan vaqtda nimalar yeganliklari bilan bog‘liq. Gambiyada iyuldan noyabrga qadar iqlim yog‘ingarchiliklarga o‘ta boy. Qolgan oylar esa havo sharoiti asosan quruq.

Havo quruq oylari aholi asosan guruch va kuskus kabi donli mahsulotlarni iste‘mol qiladilar. Yog‘ingarchilik serob bo‘lgan oylarda meva-sabzavot va ko‘katlar tanovul qilinadi.

Demak, Gambiyada, bo‘lajak ona va balkida otaning ne qadar ko‘p ko‘kat iste‘mol qilishi farzandning kelajak hayotiga kattagina ta‘sir qiladi.

Hayratga solgan yeri shuki, ta‘siri juda katta bo‘lgani bilan hayotning dastlabki yillari bu ta‘sir uncha ko‘zga tashlanmas ekan. Ya‘ni 15 yoshlarga qadar yilning turli vaqtlarida tug‘ilganlar orasida farq u qadar katta emas. Lekin undan keyingi hayot farqi juda katta va yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bunga sabab nima?

Onaning homiladorlik davrida parhezi farzandning sog‘lig‘iga katta ta‘sir qilishi borasida anchadan beri gapiriladi. Buning eng qat‘iy dalillaridan biri Gollandiyada ocharchilik yillaridan so‘ng o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalaridir.

Image copyright thinkstockphotos

Ikkinchi Jahon urushining oxiriga yaqin Olmoniya Gollandiya hukumatining ish tashlash da‘vatiga javoban mamlakatning ba‘zi qismlarini blokada qildi. O‘sha mintaqalarda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelib, odamlar ochlikka yuz tutdilar. Minglab kishilar hayotdan ko‘z yumdilar.

Qamal bekor qilinganidan so‘ng ochlik davrida tug‘ilgan bolalar sog‘lig‘ini tekshirish yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazildi.

Shu narsa aniqlandiki, ochlik davrida homila shaklida bo‘lgan shaxslar kelgusi hayotlarida yurak kasaligiga uchrash ehtimoli ikki barobar yuqori bo‘lgan. Shuningdek ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ochlikni boshdan kechirgan ayollarning nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlari sifati ham pastroq bo‘lgan.

Gambiyada yilning turli vaqtida tug‘ilgan shaxslar kabi Gollandiyada ochlik vaqtida tug‘ilgan shaxslarning kelgusi avlodlarga qadar ta‘siri bo‘lishi homila davrida ona qornida irsiy o‘zgarishlarning yuz berganidir.

Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, parhezni o‘zgartirish bilan homiladagi irsiy o‘zgarishlarni faollashtirish yo-da hatto umuman to‘xtatish ham mumkin ekan.

Bu kabi tajribani odamlarda o‘tkazish albatta axloq me‘yorlariga to‘g‘ri kelmaydi, lekin Gambiyadagi tadqiqotlarga tayanilsa, parhezdagi o‘zgarishlar irsiy o‘zgarishlarga ne qadar ta‘sir qilishini ko‘rish mumkin. Demak homiladorlikning dastlabki bosqichlarida ona sabzavot va ko‘katlarni mo‘l iste‘mol qilsa bo‘lajak farzandning irsiy shakllanishi faol bo‘lishiga asos yaratar ekan.

Gambiyadagi tadqiqotlarning yana bir natijasi shuki, yog‘ingarchilik serob bo‘lgan vaqtda tug‘ilganlarda turli kasalliklarga qarshi turishda asosiy omil bo‘lgan immunitet tizimini shakllantiruvchi irsiy hujayralar anchayin faol ekan.

Tadqiqotlarni olib borganlardan biri Mat Silverning aytishicha, immunitet tizimini shakllantiruvchi irsiy hujayralarning faolligi darajasi turli yuqumli kasalliklarga chidamlilik, shuningdek hatto saratonning oq qon va o‘pka saratoni kabi turlaridan omon qolish ehtimolini ham ko‘paytirishi mumkin.

Xullas, farzand ko‘rishni rejalayotganlar uchun V vitaminiga boy ko‘k bargli mahsulotlarni ko‘p miqdorda iste‘mol qilish foydali ekanligi ayondir. Bundan tashqari foliy kislotasini iste‘mol qilish ham foydali ekan.

Homila va hayot boshlanganiga qadar bosqichlar:

1-oy: Homilaning birinchi oyi kelajakda bir shaxs bo‘ladimi, ikkimi yoki uch va yo undan-da ko‘proq - ana shu aniqlanadi. Egizaklar qanday paydo bo‘lishini hech kim bilmaydi.

2-oy: Oyoq va qo‘ldagi barmoqlar shakllana boshlaydi. Braziliyadagi bir oila a‘zolarining hammalarida oltitadan barmoq bor. Ular bu bilan faxrlanadilar.

3-oy: O‘ng qo‘lingiz faol bo‘ladimi, yo chapaqay bo‘lasizmi? 3 oyda ana shu aniqlanadi.

4-oy: Homilaning terisi shakllanadi. Dastlab harir shaklda bo‘lgan teri qalinlashib haqiqiy teriga yaqin shaklni oladi. Ter ishlab chiquvchi va teriga muayyan rang beruvchi bezlar shakllanadi.

5-oy: Miya va inson xulqini belgilovchi omillar gormonlar asosida shakllana boshlaydi.

6-oy: Dastlab homila suyaksiz bo‘ladi. 6- oyga kelib inson tanasining qaddini rost tutib turishi uchun muhim bo‘lgan suyaklar shakllanadi.

7-oy: Bu oyga kelib homila miyasida 100 milliardga yaqin neyronlar faoliyati kuzatiladi. Xotira shakllanadi.

8-oy: Bu homilaning semirish davri. Homila haqiqiy go‘dak shakliga kiradi.

9-oy: O‘pka homilada shakllanadigan oxirgi organdir. Chunki ona qornida unga o‘pka kerak emasligi ayon... Hali tug‘ilmagan homila bu davrda yon-atrofdagi suyuqlikni havo singari nafas yo‘llari orqali qabul qilish va chiqarish orqali nafas olishni tajriba qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio