MXX chetdagi o‘zbekni ayg‘oqchilikka undaydimi?

Image copyright THINKSTOCK

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" (AHRCA) assotsiatsiyasi da‘vo qilishicha, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati chet elda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini g‘ayriixtiyoriy hamkorlikka majburlaydi.

Parijda joylashgan tashkilot rahbari Nadejda Atayevaning BBC O‘zbek xizmatiga aytishicha, maxsus xizmat xodimlari tomonidan fuqarolarni ayg‘oqchilikka undash amaliyoti 1995 yildan buyon davom etayotir. To‘qsoninchi yillarda mazkur uslub diniy tashkilotlar hamda "Erk" partiyasi a‘zolariga qarshi qo‘llangan bo‘lsa, bugungi kunda tanqidiy qarashlarini yashirmayotgan siyosiy muhojirlarga ham nisbatan keng tarqalmoqda.

Nadejda Atayeva: Bu o‘ta dolzarb muammo va bosim o‘tkazish yo‘llari turfa xil. Tabiyiki, talabalar Milliy Xavfsizlik xizmati diqqatiga tushgan odamlar orasidagi bir guruhdir. Biroq chet elda o‘qiyotgan ba‘zi studentlar ularni SNB(MXXning rus tilida atalishi - Slujba Natsionalnoy bezopasnosti) xodimlari qo‘rqitishgani sabab tashkilotimizga murojaat qilishmaydi . Talabalarga nisbatan suhbatlar ko‘proq profilaktik maqsadlarda o‘tkaziladi, ular o‘qishni bitirgach, O‘zbekistonga qaytishadi. Ular chet elda yashab turgan va ularni elchixonaga bog‘lash mumkin bo‘lgan fuqarolarning juda qulay bir turidir. Hokimiyatning ishonishicha, elchixona nazorati ostida bo‘lgan talabalar turli nomaqbul faoliyatlarda ishtirok etishmaydi. Biroq, MXXga ayg‘oqchilar kerak. Ma‘lumotimizga ko‘ra, uch oydan ko‘proq muddatni chet elda o‘tkazgan fuqarolar bilan Toshkent aeroportida joylashgan maxsus xonada kontrrazvedka xodimlari suhbat o‘tkazib, rasmlar albomini oladilar-da, ochib "bu odamlarni taniysizmi?" deb so‘rashni boshlashadi. Menga aytishlaricha, rasmlar qatorida mening suratim ham bor. Menga ta‘riflab berishlaricha, albomdagi surat pasport surati bo‘lmay, meni maxfiy kamera bilan va yaqin orada olishgan fotosurat ekan.

BBC: Siz bu odamlarga ishonasizmi, ular aytgan so‘zlar qanchalar to‘g‘ri bo‘lishi mumkin?

Nadejda Atayeva: Mutlaq ishonaman, bu odamlar o‘zlari so‘rovqqa tutilganlar. Biz ularning ma‘lumotlarini qayta-qayta tekshirdik. Misol uchun, shaxsan o‘z haqimdagi ma‘lumotlarni men to‘rt nafar kishidan eshitdim. Boshqa tomondan, bunday munosabat nafaqat menga, balki boshqa siyosiy immigrantlarga ham qo‘llaniladi. Men doxil rejim tanqidchilari ishonib bo‘lmaydigan shubhali shaxslar ro‘yxatiga kiritilganmiz. Shuning uchun bizning suratlarimiz jinoyatchilar rasmlari bilan bir qatorda saqlab turiladi.

BBC: Biroq, O‘zbekiston MXXning aynan davlat xavfsizligini ta‘minlash maqsadida bunday harakatlarga qo‘l urishlari tabiiy emasmi? Ehtimol, dunyo bo‘ylab terrorizmga qarshi global miqyosda kechayotgan harakatlar manzarasida O‘zbekiston chekistlari yangi praktikani amalga kiritishga majbur bo‘layotgandirlar?

Nadejda Atayeva: Men bunday deb o‘ylamayman, bu yangi usullar emas, bu - Stalin maktabining hozirga qadar saqlanib qolgan ta‘siri. Dissidentlarni ta‘qib qilish tizim. Biroq farqi shundaki, o‘tmishda bunday harakatlar maxfiy amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda qo‘llanilayotgan eski usullar ruhiy ta‘qiblar bilan birga kechmoqda. Korruptsiyaga botgan rejimni qo‘llab-quvatlamagan shaxslar turli xil tanqidlarga uchrab, ular haqida turli tuhmatli uydirmalar chop etilib, odamni ruhan sindirish maqsad qilib qo‘yilgan. Ochiqdan-ochiq o‘z fikrini izhor etmoqchi bo‘lgan insonnning obro‘sini to‘kishga harakat qilinadi. Hozirda, o‘tmish bilan solishtirganda, ko‘proq odamlar chetga chiqishga imkoniyatlidirlar, siyosiy faoliyatni yurgiza olmagan O‘zbekiston fuqarolari o‘z faoliyatlarini chet elda davom ettirishlari mumkin. Shuning uchun, maxsus xizmatlar o‘sha shaxslarning faoliyatiga xalaqit berish maqsadida turli odamlarni yollashga harakat qilmoqda.

BBC: Ya‘ni, SNBning bunday profilaktik yoki oldini olish harakatlari bugungi kunda barcha siyosiy immigrantlarga nisbatan olib borilmoqda deb aytmoqchimisiz?

Nadejda Atayeva: Xuddi shunday. MXXning nazorat doirasiga tushgan har bir kishi, uning O‘zbekistonda yashayotgan qarindoshlarining barchasi total nazorat ostiga tushadilar. Dissidentlarning ko‘plari chet elga chiqish huquqidan mahrum bo‘lishadi. Ayrimlarning aytishlaricha, ular o‘z ketidan poylab yurgan shaxslarni sezishadi. SNB xodimlari yashirmay, ularni kuzatib kelayotganlarini ochiqdan-ochiq namoyon etishadi. Bundan tashqari, uchastka militsiya nozirlari qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rib-surishtirishlarini hech kimdan yashirmaydilar. Ya‘ni, bu - qo‘shnilar "operativ ma‘lumotlar" yig‘ilgan shaxslar bilan muloqotda bo‘lishlaridan qo‘rqishlari uchun qilinadi. Bu - siyosiy maslaklar uchun shaxsning haqlarini kamsitish degani. Keyinchalik bunday odamlar jamiyatdan chetlashib, o‘zini himoya qila olmaydigan shaxslarga aylanadilar.

BBC: Siz aniq, konkret misollarni keltira olasizmi? Ya‘ni mazkur suhbatlar orqali qo‘lga kiritilgan "operativ ma‘lumotlar" jinoiy ish ochilishi uchun asos bo‘lgani misollari bormi?

Nadejda Atayeva: So‘zsiz, bu yerda biz "norvegiyalik o‘zbeklar" ishini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Buning davomi ham bor. Norvegiyadan O‘zbekistonga yuborilgan sakkiz nafar turli bosimlarga uchraganlar. Ulardan ikki nafari mazkur olti shaxsga hamda Norvegiyada qolib ketgan boshqa o‘zbeklarga ham qarshi ko‘rsatma berishgan. Natijada, olti kishi 12 va 13 yilga mahkum qilingan, ko‘rsatma bergan ikkitasi esa faqat shartli qamalgan. Tashkilotimizga mijozlarimiz himoyachilari aytishlaricha, mazkur ikki shaxs bergan ko‘rsatma asosida Norvegiyada qolib ketgan qariyb yigirma o‘zbekka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning yaqinlarini ham tinch qo‘yishmaydi. Bunday amaliyot nafaqat Norvegiya, balki Shvetsiya va Frantsiyaga ham yoyilgan. Afsuski, O‘zbekistonda huquq-tartibot organlari olib borayotgan harakatlarga qarshi milliy himoyalash mexanizmi ishlab chiqilmagan. Shuning uchun, "oq qarg‘a"larning obro‘sini to‘kish uchun barcha yo‘llardan foydalanib, tanish-bilish, birga ishlaydiganlar, qo‘ni-qo‘shnilarni ayg‘oqchilikka jalb etishga harakat qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq