Vengriya muhojirlar tufayli favqulloda holat e‘lon qildi

Image copyright

Mojariston Serbiya bilan chegaradagi ikki mintaqada favqulloda holat e‘lon qildi. Ayni vaqtda migrantlarning mamlakatga noqonuniy kirib kelishlarini to‘xtatish yo‘lida yangi qonunlar kuchga kirgan.

Politsiyaga ko‘ra, ushbu qonun asosida tikanli sim to‘siqni oshib o‘tishga harakat qilgan 60 nafar qochqin hibsga olingan.

Favqulloda holat vaziyati politsiyaga qo‘shimcha qudrat berib, parlament tasdiqlagan vaqtda qo‘shinlar joylashtirish huquqini beradi.

Hozirda Ovro‘po Ittifoqi davlatlariga Suriya kabi mojaro girdobida qolgan nuqtalardan ko‘plab qochqinlar yetib kelmoqdalar.

Ovro‘po Ittifoqi chegara agentligiga ko‘ra, bu yil 500 ming qochqin yetib kelgan. O‘tgan yili 280 ming qochqin kelgandi.

Bugundan boshlab Ovro‘po Ittifoqi davlatlari Yunoniston va Italiyadagi 40 ming muhojirni Ovro‘poning boshqa davlatlariga ko‘chirishga rozi bo‘ldilar. Lekin yana 120 ming qochqinni joylashtirish yuzasidan davlatlararo kvota borasida kelishuvga erishilgani yo‘q.

Mojaristonda yangi qonunlar dushanba kuni tunda kuchga kirganidan so‘ng o‘n minglab qochqinlar foydalanib kelgan poyezd yo‘li bo‘ylab simtikanli devor o‘rnatildi.

Tushga yaqin yuzlab qochqinlar devorga yaqinlashib, ba‘zilar oshib o‘tishga harakat qildilar, ba‘zilar esa o‘tishga ruxsat berilmagani uchun yerga o‘tirib, ovqat va suvlarni uloqtirib norozilik izhor qila boshladilar.

Hozirda politsiya qochqinlarni avtobuslarga o‘tqazib, qayddan o‘tkazish markazlariga olib ketmoqda. Lekin qochqinlarning boshpana berish haqidagi arizalari rad etilsa, ularni Serbiyaga qaytaradilar.

Vengriya rasmiylariga ko‘ra, chegara tikanli sim devor bilan dushanba kuni to‘silgunga qadar 9 ming qochqin kesib o‘tgan. 20 ming qochqin Avstriya chegarasidan o‘tgan.

Yangi qonunga muvofiq Serbiya bilan 175 metr uzunlikdagi chegarada to‘rt metr balandlikda o‘rnatilgan devorni buzishda ayblanganlar qamoq jazosiga tortiladilar yo-da deportatsiya qilinadilar.

Lekin qochqinlar masalasi uchun mas‘ul Serbiya vaziri chegaraning ochilishini talab qilgan.

Ovro‘po Komissiyasi esa Mojaristonda qabul qilingan qonun Ovro‘po Ittifoqining qochqinlar haqidagi qonun-qoidalariga naqadar to‘g‘ri kelishini tekshirmoqda.

Bryusselda qochqinlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralarda aksar davlatlar 120 ming qochqinni qabul qilib olish yuzasidan kvotalar borasida deyarli kelishib olganlar. Bu boradagi yakuniy kelishuvga 8 oktyabr kuni erishilishi kutilmoqda.

Lekin Chexiya, Slovakiya va Mojariston kvotalarga qarshilar.

Olmoniya 13 sentyabr kuni o‘z chegarlarini vaqtincha yopayotganini ma‘lum qildi. Buning natijaisda Avstriyadagi qochqinlar soni ortib, 2 mingga yaqin kishi tunni vokzalda o‘tkazganlar.

Avstriya ham chegara nazoratini kuchaytirmoqchi ekanligini ma‘lum qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio