Western Union Rossiyadan pul o‘tkazmalari narxini tushiradi

Western Union xizmat haqqini raqobatchilari bilan bir xil qilmoqda Image copyright EPA
Image caption Western Union xizmat haqqini raqobatchilari bilan bir xil qilmoqda

Narx tushishlari mehnat muhojirlari faol foydalanadigan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yo‘nalishlariga qaratilgan. Kuzatuvchilar eng qimmat xizmat haqqi oluvchi shirkatlardan biri shu yo‘l bilan bozorda o‘z ulushini olishga intilayotganini aytishmoqda.

Western Union 17 sentyabrdan boshlab MDHning ayrim davlatlari va Turkiyaga amalga oshiriladigan pul jo‘natmalari narxini tushirishi haqida hamkor shirkatlarini xat orqali ogohlantirgan. Kompaniya ushbu narx tushishlarini marketing aktsiyasi deb nomlagan va uni 2015 yilning so‘nggiga qadar davom etishini bildirgan.

Shirkat pul qabul qilib olish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan MDH davlatlari: O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonga yuboriladigan pullarga kommisiya narxini tushirgan. Yarim yil davomida ushbu davlatlarga 2 yarim milliard dollarga yaqin pul yuborilgan va u Rossiyadan jo‘natilgan pullarning qariyb 60 foizini tashkil qilgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha komissiya narxlari 1 %gacha tushiriladi.

Pul yuborish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turgan Turkiyaga ham xizmat narxlari 1,5 foizgacha tushirilishi aytilmoqda. Turkiyadan oldin Rossiyadan Xitoy va Gruziyaga pul yuborish ko‘proqni tashkil qilayotgan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishda narxlar tushmagan. Kuzatuvchilar buni raqobat bilan bog‘lashmoqda. Ya‘ni aynan Turkiya yo‘nalishidagi narxlar boshqa shirkatlarda pastroq.

Rossiya shirkatlari Markaziy Osiyoga pul yuborish narxlarining pastligi bo‘yicha mijozlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. "Zolotoy korona" Qirg‘iziston va Tojikistonga 1 % xizmat haqqi oladi, biroq O‘zbekiston uchun 1,5 %. "Yunistrim" va Contact shirkatlari ham Western Uniondan past xizmat haqqi olib kelgan. Shirkat oradagi mana shu farqni yo‘qqa chiqarib ko‘proq mijozlarni jalb qilishni ko‘zlagan ko‘rinadi.

Western Unioon xizmat narxlaridagi katta o‘zgarish 2014 yili kuzatilgan edi. O‘shanda shirkat narxlarni ko‘targandi. Ushbu o‘zgarishlar MDH davlatlarida banklarning kam foyda ko‘rayotganliklari haqidagi shikoyatlaridan so‘ng amalga oshirilgan. Biroq kuzatuvchilar ushbu narx ko‘tarishlar o‘zini oqlamaganini va mijozlarning boshqa shirkatlarga ketib qolishi ortidan Western Union foydasi tushib ketganini aytishadi.

Eng ko‘p pul yuboriladigan mamlakat

Rossiya banklarining bergan ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan MDH davlatlari ichida O‘zbekistonga eng ko‘p pul yuboriladi.

2015 yilning birinchi yarim yilligi hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 686 million dollar yuborilgan va ikkinchi o‘rinda turgan Qirg‘izistondan qariyb 2 barobar ko‘p.

Biroq kuzatuvchilar pul jo‘natmalari miqdori Rossiya boshidan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli tushib ketganini aytishadi.

Rossiyaga iqtisodiy sanktsiyalar qo‘llanilishidan oldin O‘zbekistonga bir yilda o‘rtacha 5-6 milliard dollar yuborilgani aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio