Qozog‘iston: Tanga qadrsizlanishi qachon to‘xtaydi?

Image copyright bbcuzbek

Qozog‘iston Markaziy Banki tanganing qadrini ushlab turish uchun valyuta bozorida 144 million dollar sotgan. Valyuta birjasida chorshanba kungi savdoda bir dollarning narxi 300 tangaga ko‘tarilib ketgan. Natijada ayrim ayirboshlash shaxobchalari yopilgani aytilmoqda.

Hukumat tanga kursini nazorat qilishni to‘xtatganidan so‘ng, valyuta qariyb ikki barobar qadrsizlangan. Maxsus koridor mavjud bo‘lgan avgust oyida bir dollar 185 tanga sotilar edi.

Biroq tanga bahosi keskin qadrsizlanganidan so‘ng hukumat chorshanba kungi savdolarga yana aralashishga majbur bo‘lgan. Ushbu aralashuvdan so‘ng dollar narxi300 dan 283 tangaga tushgan.

Qozog‘iston hukumati 20 avgust kuni milliy valyuta tangani erkin holatga qo‘yish qaroriga kelganini ma‘lum qilgan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida tanga beqarorligini saqlab kelmoqda. Dollar 280 tangaga ko‘tarilgan, 16 sentyabrdagi savdolarda esa uning narxi 300 tangacha chiqib ketgan.

"Belni mahkam bog‘langlar"

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ushbu o‘zgarishlar arafasida qilgan chiqishida Qozog‘istonni jiddiy iqtisodiy sinovlar kutayotganini va bundan keyin yanada qiyin bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Prezident Nursulton Nazarboyev aytishicha, Qozog‘iston neftning har barreliga 30-40 dollarlik bahosiga moslashishi lozim.

19 avgust kungi maxsus majlisda chiqish qilgan Nazarboyev "Qozog‘iston shu paytgacha bunday inqirozga duch kelmagan"ini aytgan.

Janob Nazarboyev dunyo va Qozog‘iston iqtisodi yaqin yillarda duch kelishi mumkin bo‘lgan salbiy omillarni sanab o‘tgan.

Prezident Nazarboyev aytishicha, yaqin besh yil mobaynida neft va metallar narxining pasayishi davom etadi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarning sarmoya va kapitallarga qo‘li yetmay qoladi.

Va Qozog‘istonning asosiy iqtisodiy sheriklari Rossiya va Xitoyning Qozog‘iston mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji kamayadi, deb aytgan Prezident Nazarboyev. Qozog‘iston prezidenti bundan oldin davlat byudjeti hisob-kitoblari neftning jahon bozoridagi yuqori bahosiga moslab qurilganini, bundan keyin 30-40 dollarga asoslanish oqil qadam bo‘lishini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio