Vengriya sarhadlarining yopilishi muhojirlarni Xorvatiyaga yo‘naltirgan

Xorvatiya orqali yo‘l muhojirlarning Olmoniya yetib olishini uzoqlashtiradi Image copyright Reuters
Image caption Xorvatiya orqali yo‘l muhojirlarning Olmoniya yetib olishini uzoqlashtiradi

Mojariston Serbiya bilan chegaralarini yopishi ortidan Ovro‘pa ittifoqiga olib boruvchi yangi yo‘l - Xorvatiyaga muhojirlarning birinchi oqimi yetib keldi.

Migrantlar janubiy Serbiyadan avtobuslar orqali yo‘lga chiqqan. Yuzlab odam tunni tashqarida o‘tkazgan. Ularning ko‘pchiligi Olmoniyaga yetib olishni istaydi. Xorvatiya "odamlarning mamlakat oralab o‘tib ketishiga yo‘l" qo‘ymasligini ta‘kidlagan.

O‘z chegarasida ko‘plab qochqinlar paydo bo‘larkan, Xorvatiya politsiyasi Serbiya orqali mamlakatga kirib kelgan muhojirlarni ro‘yxatga olishini ma‘lum qildi. Ular poytaxt Zagrebdan uncha olis bo‘lmagan qochqinlarni qabul qilish markazlariga olib boriladi.

Politsiya vakili migrantlar chegarani kesib o‘tishni boshlaganini tasdiqladi, biroq aniq raqamlarni keltirmadi. Reyter agentligi tasvirchisi Serbiya-Xorvatiya chegarasini taxminan 100 muhojir kesib o‘tganiga guvoh bo‘lgan.

Og‘ir ahvolda qolgan yuzlab qochqinlar Serbiyaning Mojariston bilan chegarasida qurilgan chodirlar yoki uning tashqarisida tong ottirgan. Ayrimlar olov yoqish uchun o‘tin yiqqan.

Qonunbuzarlarni hibsga olish

Chegaralardagi yangi to‘siqlar va muhojirlarni qabul qilishdagi bahslar muhojirlar inqirozi bo‘yicha Ovro‘pa davlatlarida jiddiy bo‘linishlar borligini ko‘rsatgan.

Mojariston hukumati seshanba kuni chegara oldi hududlarda favqulotda holat e‘lon qilgandi. Chegara panjaralarini buzib o‘tganlarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘ash to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilingan. Uni ijro etish uchun yuzlab politsiya va harbiy kuchlar jalb qilindi.

Image copyright EPA
Image caption Vengriya chegara sim to‘siqlarini buzib o‘tgan odam qamaladi

Chegarani noqonuniy kesib o‘tgan va chegara oldi to‘siqlarni buzgan deb tan olingan odamlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan tashqari Vengriya politsiyasi 10 minglab odam Mojaristonga kirib kelishda foydalangan chegara oldi temir yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Peter Siyarto yangi to‘siqlarni qo‘rish rejalari haqida gapirdi. Bu safargi to‘siqlar Ruminiya chegarasida quriladi.

Serbiya Vengriyadan chegaralarni "hech bo‘lmasa bolalar va ayollar uchun" yana bir bor ochishga chaqirdi.

Serbiya Tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich Mojaristonning chegaralarni yopish qarori noto‘g‘riligini bildirgan. Chunki muhojirlar Yunoniston va Makedoniya orqali kirib kelishda davom etmoqda. Serbiya esa ularning oqimini uddalolmayapti.

Vengriya politsiyasi chorshanba kuni mamlakatga noqonuniy kirgan 367 muhojir ushlanganini ma‘lum qildi. Chegaralar yopilishi arafasida Mojaristonga bir kunda misli ko‘rilmagan 9380 muhojir kirib kelgan.

Kuzatuvchilar Vengriya chegaralarining yopilishi Serbiyadan ko‘p sonli muhojirlarning to‘planib qolishiga olib kelishini aytishmoqda. Bu mahalliy aholi tomonidan shu vaqtgacha migrantlarga nisbatan bo‘lgan toqatlilikka barham berishi mumkin.

O‘tgan tunda Avstriya chegara nazoratini kuchaytirgan davlatlar qatorida eng so‘nggisi bo‘ldi. Gap Vengriya va Avstriya chegarasi haqida ketmoqda. Biroq Vena boshqa qismlarda ham chegarani mustakamlashni rejalashtirmoqda.

Shunga qarmasdan Avstriya jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan bironta ham odam Mojaristonga qaytarilmasligini ta‘kidlamoqda.

Avstriya politsiyasining ma‘lum qilishicha, Venadagi ikki bosh vokzal muhojirlar bilan to‘lib toshgan. Qochqinlar oqimi ko‘pligidan Zaltsburgdagi vokzal yopiladi.

Ovro‘pa Ittifoqiga bu yil yarim milliondan oshiq muhojir kirib keldi. Bir yil oldin ularning soni 280 ming edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio