Tahlil: Rossiya Suriyada nega faollashib qoldi?

So‘nggi paytlarda matbuotu internet olamida Rossiya va Suriya o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan. Ayrim internet nashrlari esa, hattoki, Rossiya harbiylari Suriyada jang qilishlari mumkin, deya bashorat qilishgacha borishmoqda. Shunday ekan, bu kabi chiqishlar qanchalik asosli? BBC Rus Xizmati xodimi Pavel Aksenov tahlil qiladi:

Image copyright RIA Novosti

Rossiyaning Suriyadagi faolligi hozir nimalarda ko‘rinadi?

Avvalboshda bu kabi gap-so‘zlarning urchishiga Suriyaning janglar kechayotgan Latakiya shahrida olingan videotasvirlar sabab bo‘ldi.

Ularda Rossiyaning yangi rusumdagi BTR-82 zirxli mashinasi o‘t ochayotgani aks etgan bo‘lsa, internetda paydo bo‘lgan fotosuratlarda, go‘yoki, Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari va boshqa qurol-aslahalari ko‘zga tashlanib turardi.

Bularning ortidan esa, ayrim bloggerlar Rossiya harbiylarining Suriya Qurolli kuchlari tomonida turib jang qilishayotgani haqida yoza boshlashdi.

Ammo bu kabi chiqishlarda ularning xulosalarini isbotlashi mumkin bo‘lgan aniq dalillar ko‘zga tashlanmasdi.

Lekin, tan olish kerak, rossiyalik askarlarning katta ehtimol bilan Suriyada olingani aniq bo‘lgan fotosuratlari hozir turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida tiqilib yotibdi. Bu kabi fotosuratlarning ayrimlarida, hattoki, qiruvchi kemalar ham ko‘zga tashlanadi.

Ammo, agar suratlarga qaralsa, Suriyadagi Rossiya askarlarining soni uncha ko‘p emas. Bundan tashqari ular jang maydonida ekandek ham ko‘rinishmaydi.

Rossiyalik mas‘ullarning so‘zlariga tayanilsa ham, Suriyada katta sonda askarlari yo‘q. Ularning miqdori, hattoki, bizning Suriyadagi harbiy yuk va inshootlarimizni himoya qilish darajasida emas, deyishadi ular.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning bayon qilishicha esa, Suriyaga safarbarlik mamlakati Qurolli kuchlari qarshisida turgan birlamchi vazifa emas.

Lekin, bularning barchasiga qaramay, so‘nggi paytlarda Rossiya harbiy-naqliyot va yoki desantchi kemalarining Suriyaga serqatnov bo‘lib qolgani kuzatiladi.

Bosfor bo‘g‘ozidagi turkiyalik qo‘riqchilarning so‘zlariga tayanilsa, bu kabi kemalarning bortlarida harbiy mashinalar ochiqchasiga ko‘zga tashlanib turadi.

Image copyright Reuters

Xuddi shu manzarada amerikalik harbiylarning bayon qilishlaricha, Rossiya joriy paytda Suriyaning shimoliy-g‘arbiy Latakiya shahridagi harbiy havo bazasini jihozlash bilan band.

Pentagon vakiliga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda bu bazaga kelayotgan odamlar va uskunalarning keti uzilmaydi.

O‘z ism-shariflarini oshkor etmaslik sharti bilan Buyuk Britaniyaning nufuzli "Reuters" axborot agentligi bilan so‘zlashgan amerikalik ayrim manbalarning iddao qilishlaricha, Latakiyadagi baza yaqinida "T-90" rusumidagi o‘nga yaqin Rossiya tanki va zambaraklari aniqlangan. Ammo ular, o‘z o‘rnida, bular barchasining bazadagi Rossiya harbiylarining himoyasi uchun ekani ehtimolini ham rad etishmagan.

Bundan avval esa, "Reuters" axborot agentligining o‘zi ham ushbu bazaga 200 nafar Rossiya piyoda askarining safarbar etilgani, u yerda vaqtinchalik uy-joylar barpo etilgani va ko‘chma yerusti boshqaruv stantsiyasi o‘rnatilgani, raketadan himoya tizimining ayrim qismlari ham ko‘zga tashlanishi haqida xabar bergandi.

Rossiya bu bilan xalqaro qonunchilikni buzayaptimi?

Agar, Rossiyaning o‘ziga kelsak, Suriya bilan harbiy-texnik sohadagi hamkorligini yashirib o‘tirmaydi, rasman tan oladi.

Lekin qilayotgan bu ishining xalqaro qonunlarga zid emasligini ta‘kidlab keladi.

Rossiya Davlat Dumasi Mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Komoyedovning BBC bilan suhbatida bayon qilishicha, mamlakatini hech narsa ortga qaytara olmaydi va Suriyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi barcha shartnomalarni bajaradi.

Bunga qo‘shimcha o‘laroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarovaning aytishicha, vazir Sergey Lavrov bu haqda AQSh Davlat kotibi Jon Kerrini ham ogohlantirgan.

"Rossiya Suriyaga bu kabi yordam berib kelgan va bermoqda. Buni Rossiya tomoni hech qachon hech kimdan sir tutmagan. Terrorchilikka qarshi kurash maqsadida Suriya hukumatini harbiy-texnik jihatdan doimo dastaklab kelgan", - deb janob Lavrov Jon Kerriga izoh bergan, deya aytgan u.

Suriyaga Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasman biror bir jazo chorasi kiritilmagan – xalqaro tashkilot Xavfsizlik Kengashidagi bu kabi urinishlar Rossiya va Xitoy tomonidan chippakka chiqarilgan.

Qurol-yarog‘ sotishni taqiqlovchisi doxil amaldagi qolgan sanktsiyalarning barchasi esa, alohida davlatlar tomonidan kiritilgan Ular Bashar al-Asad tizimini mamlakat muxolifati bilan urushga kirishda ayblashgan.

So‘nggi paytlarda nima o‘zgardi?

Image copyright AFP

Eng avvalo Rossiyaning Suriyaga berayotgan harbiy ko‘magi keskin ravishda ortdi. Bundan tashqari, rasmiy Moskva Suriyaga yangicha ko‘rinishdagi qurol-yarog‘larni ham yubora boshladi. Bunaqasi avvallari kuzatilmagan.

Ammo Rossiya so‘nggi paytlarda Suriyaga aynan nimalar yuborayotganini rasman hech qachon oshkor qilmagan.

Matbuotda faqat ayrim gap-so‘zlargina paydo bo‘lgan, xolos.

Deylik shu yil avgust oyida Rossiya Suriyaga "MiG-31" rusumidagi qiruvchi uchoqlar berganmish, degan mish-mishlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Ammo, alal-oqibat, rasmiy Moskva bu kabi gap-so‘zlarni rasman rad etib chiqqandi.

Suriyaga shundoqqina qo‘shni turkiyalik qo‘riqchilarning aytishlaricha esa, so‘nggi paytlarda Bosfor bo‘g‘ozi osha Suriyaga qatnayotgan Rossiya harbiy-naqliyot kemalarining soni ham ortgan.

Bularning barchasiga G‘arb nima deydi?

Hech kimga sir emaski, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Suriya Prezidenti Bashar al-Asadga qarshi.

Ularning barchasi qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, prezident Asad tuzumini dastaklash – Suriyadagi qurolli mojaroning cho‘zilgandan cho‘zilishiga sabab bo‘ladi, degan qat‘iy ishonchda.

Amerika tomonining fikricha, Rossiyaning ko‘magi aynan jang maydonida yengilayotgan bir paytda Suriyadagi mavjud tuzumni yana qayta kuchlantirishi mumkin.

BBCning Nyu-Yorkdagi muxbiriga ko‘ra, bu kabi holat Suriya inqiroziga diplomatik yo‘l bilan barham berishni nihoyatda qiyinlashtirishi ehtimoli yo‘q emas.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrovga bayon qilishicha, mintaqada Rossiya harbiylari va texnikasining ortishi Suriya inqirozining yanada olovlanishiga olib kelishi mumkin.

Amerikalik yuqori martabali mulozimning so‘zlariga tayanilsa, bundan tashqari, yanada ko‘proq tinch fuqarolar qurbon bo‘lishi, qochqinlarning soni ortishi va "Islomiy Davlat"ga qarshi kurash olib borayotgan harbiy koalitsiya bilan ziddiyat ehtimolini ham paydo qilishi mumkin.

Arab davlatlari-chi, ular qanday mavqe‘da?

Image copyright AFP

Deylik, qator arab davlatlarini o‘z ichiga oluvchi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Rossiyaning Suriyaga ortib borayotgan harbiy yordamidan tashvishda.

Ular Suriyaning kelajagini amaldagi prezidenti Bashar al-Asad bilan bog‘lab bo‘lmaydi, deb qat‘iy ishonishadi. Shu bois ham, rasmiy Moskvaning Asad tuzumini yanada qo‘llashga qaratilgan bugungi sa‘y-harakatlarini umuman qabul qila olishmaydi.

Ammo so‘nggi oylarda Eron yadroviy dasturining taqdiriga oid muzokaralarda erishilgan ijobiy yutuqlar va aksariyati suriyaliklarni tashkil etuvchi qochqinlar inqirozi sabab, arab siyosatchilarining e‘tiborlari Suriyadagi Tehron-Damashq qarama-qarshiligidan chalg‘igan.

Xuddi shu bois ham, ularning barchasi hozir asosiy diqqatlarini "Islomiy Davlat"ga qarshi turishga qaratishgan.

Arab davlatlarining nazdlarida rasmiy Damashq buni Suriyaga oid strategiyalarining muvaffaqiyatsizligi va mintaqada Eron mavqeining kuchayishi sifatida qabul qiladi.

Prezident Putinning maqsadi nima?

Rossiyaning o‘zida aytishlaricha, rasmiy Moskvaning mintaqadagi bugungi siyosatidan maqsad – Suriya davlatini asrab qolish va "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi kurashdir.

"New York Times" gazetasining yozishicha, Rossiya sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davridan buyon Suriyaning Tartus shahrida harbiy-dengiz bazasini qo‘ldan chiqarmay keladi va uni umuman yo‘qotmoqchi emas.

Jurnalistlarga ko‘ra, siyosiy kelajagida ko‘proq o‘rin tutish va Amerika berishi mumkin bo‘lgan harbiy qarorlarning kuchini qirqish uchun rasmiy Moskva Suriyada kuch to‘plashga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Ammo "Eurasia Group" tadqiqot markazi prezidenti Ian Bremmer bu xususda boshqacha fikrda.

"So‘nggi oylarda prezident Asad hukumati kattagina hududlarni boy berdi. Vladimir Putin esa, uning o‘rniga boshqa prezident tayin etilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas. Agar-da, G‘arb Bashar al-Asad ojiz qolgan bir vaziyatda urushning o‘zanini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lsa, Suriyaning siyosiy kelajagida ham ular o‘z so‘zlarini aytishlari ehtimoli katta. Shu bois ham, prezident Putin aynan hozir Asadni qo‘llash lozim, degan fikrda", - deydi tahlilchi "Business Insider" nashriga bergan suhbatida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidenti "Islomiy Davlat"ga qarshi samaraliroq kurasha olishi uchun Asad tuzumiga harbiy ko‘magini keskin oshirishga qaror qilgan emas. Ian Bremmerga ko‘ra, Vladimir Putin ozmunchaga tushmaydigan bu kabi urush va uning oqibatlari bilan G‘arb shug‘ullansin, degan fikrda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq