TeliaSonera O‘zbekiston bozoridan chiqib ketadi

Image copyright gazeta.uz
Image caption TeliaSonera O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun pora berishda ayblangan

Skandinaviyaning TeliaSonera telekom shirkati Ovrosiyodagi ishtirokini kamaytirayotgani va pirovardida O‘zbekiston doxil, mintaqaning yetti davlatidan chiqib ketishini ma‘lum qilgan.

Shirkat o‘zining yangi strategiyasi doirasida Ovro‘po va Shvetsiyaning o‘zidagi amaliyotlarga ko‘proq e‘tibor qaratishini aytgan.

2014 yilda Nepal, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gurjiston, Moldova hamda Tojikistonni o‘z ichiga olgan Ovrosiyo bozori TeliaSonera umumiy daromadlarining 20 foizini tashkil etgan.

Reyter agentligiga ko‘ra, o‘tgan yili shirkatning daromadi 12.3 milliard dollarni tashkil etgan.

Payshanba kuni e‘lon qilingan bayonotda shirkatning ijrochi direktori Yoxan Dennelind "Ovrosiyo mintaqasidagi amaliyotlarni yaxshilashga qaratilgan ikki yillik sa‘y-harakatlar" ortidan ushbu qarorga kelinganini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida korporativ hamda etika andozalarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar TeliaSonera boshqaruv darajasining o‘sishiga olib kelgan.

Ayni paytda Dennelind shirkat Ovrosiyoning ayrim bozorlariga "to‘g‘ri yo‘llar bilan kirmagani"ni e‘tirof etgan.

"Biz Ovrosiyo bozorida biznes qilish va daromad olish mumkinligiga ishonamiz, ammo bizning nazarimizda bozorga to‘g‘ri yo‘llar bilan kirish muhim", deb aytgan TeliaSonera ijrochi direktori.

Image caption Teliasonera Ovrosiyo bozoridan chiqib ketish qancha vaqt olishini bilmaydi

So‘nggi ikki yilda O‘zbekistondagi Ucell shirkatiga egalik qiluvchi TeliaSonera o‘zbek telekommunikatsiyalar tizimidagi korruptsiya iddaolari markazida bo‘lgan.

Hozirda Shvetsiya, Norvegiya, Shveytsariya, Gollandiya va Qo‘shma Shtatlarda TeliaSonera ning O‘zbekiston bilan kelishuvlari yuzasidan tergov jarayonlari bormoqda.

Shirkatning O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga pora bergani haqidagi iddaolar 2013 yilda TeliaSonera ijroiya direktori va va direktorlar kengashi a‘zolarining iste‘fosiga sabab bo‘lgan.

Shu yil mayida Shvetsiya matbuoti TeliaSonera Ozarbayjon Prezidentining oilasiga davlatga qarashli telekom shirkati hissalarini qo‘lga kiritishda yordam bergani haqidagi maqolani chop etgan.

Buning evaziga shirkatga imtiyozlar berilgani iddao qilingan.

TeliaSonera ga ko‘ra, hozirgi bosqichda Ovrosiyo bozorlaridan chiqib ketish jarayoni qancha vaqt olishi aniq emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio