Muhojir inqirozi: Xorvatiya Serbiya bilan chegaralarini yopdi

Vengriya chegaralarini yopganidan so‘ng Xorvatiyaga 11 ming odam kirib kelgan Image copyright AP
Image caption Vengriya chegaralarini yopganidan so‘ng Xorvatiyaga 11 ming odam kirib kelgan

Xorvatiya muhojirlarning katta oqimi sabab Serbiya bilan chegaradagi 8 o‘tish nuqtasidan 7 tasini yopishga majbur bo‘ldi.

Rasmiylarning ta‘kidlashicha, Mojariston Serbiya bilan chegaralari o‘rtasini sim to‘siqlar bilan yopib tashlaganidan so‘ng Xorvatiyaga 11 ming odam kirib kelgan va mamlakat oldida chegaralarni yopishdan boshqa yo‘l qolmagan.

Ko‘pchilik muhojirlar qabul qilish markazlariga olib boruvchi avtobuslarga o‘tirgan, biroq ayrimlari qo‘shni Sloveniyaga o‘tish niyati borligini bildirgan.

O‘rtayer dengizidan shimolga qarab oqayotgan ko‘p sonli odamlar Ovro‘pa Ittifoqida siyosiy inqirozni keltirib chiqargan.

Xorvatiya rasmiylari chegara o‘tish nuqtalariga olib boruvchi yo‘llar ham yopilganini bildirgan.

Bajakovadagi Zagreb va Belgradni bog‘lovchi asosiy yo‘ldagi chorrahagina ochiq qolayotgani aytilmoqda.

23 sentyabr kuni Ovro‘pa Ittifoqining muhojirlar masalasiga bag‘ishlangan favqulotda sammiti belgilangan.

Zarur bo‘lgan holatda uni yopish uchun Serbiya chegarasiga armiyaning qo‘shimcha kuchlari yuboriladi.

Image copyright Getty
Image caption Xorvatiya chegaraga harbiy kuchlarni yuborishini ma‘lum qilgan

Payshanba kuni Xorvatiya Ichki ishlar vaziri Ranko Ostojich mamlakati "butunlay to‘lganini" aytgan.

U muhojirlarga qarata, "Bu yerga boshqa kelmanglar. Yunoniston, Makedoniya va Serbiyadagi qochqinlar jamlog‘ida qolinglar. Bu yer Ovro‘paga o‘tuvchi yo‘l emas. Avtobuslar sizni bu yerdan olib o‘tolmaydi. Bu yolg‘on", - deya murojaat qilgan.

Biroq jurnalistlar chegara nuqtasini kesib o‘tish uchun dalalarni oralab yurgan muhojirlarni tasvirga olgan.

Shimolga qarab yo‘nalayotgan odamlar soatlab chegarada qolib ketgach Serbiya bilan chegaradagi ikki nuqtada to‘qnashuv kelib chiqqan.

Olomon Tovarnik va Batina hududidagi politsiya qurshovini buzib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik ushbu to‘siq yana tiklangan.

Tovanikda bo‘lib turgan BBC muxbiri Liza Douketning aytishicha, muhojirlarni olib ketish uchun avtobuslar yarim tunga yaqin kelgan, biroq hammani sig‘dira olmagan. Haydovchilar odamlar qabul qilish markazlariga olib borilishini aytgan. Minglab odamlar tunni yo‘l bo‘yi va dalada o‘tkazgan.

Yana 2 ming odam transport kutib turibdi. Biroq avtobuslar ularni olib ketish uchun juda oz miqdorda kelmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio