Tahlil: Afg‘oniston va mintaqada tinchlik istiqbollari

Image copyright Getty
Image caption Ashraf G‘ani Xitoydan Pokiston bilan yarashuv jarayoniga vositachilik qilishini so‘ragan

21 sentyabr kuni Ashraf G‘ani Afg‘oniston Prezidenti etib saylanganiga bir yil to‘ldi.

Afg‘oniston va atrofidagi vaziyat borasida xavotirlar kuchayib borarkan, kelayotgan oylarda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha mintaqaviy sa‘y-harakatlarga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan quyidagi olti omilni nazardan qochirmaslik muhim:

Birinchidan, NATO va ittifoqchi kuchlarning Afg‘onistonni tark etishi qudrat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirgan bir paytda Xitoy Afg‘onistonda yetakchi rolni egallash sari ehtiyotkor qadamlarni qo‘ymoqda.

Pekin shuningdek, vaqt Rossiya tarafida emasligini yaxshi anglaydi.

Vaholanki, Rossiya Amerika kuchlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi asnosida yuzaga keladigan bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin, deb ko‘rilgandi.

Ammo Qrimni annektsiya qilganidan so‘ng Ukrainada yuz bergan inqiroz Rossiya uchun Afg‘onistonda yetakchi mavq‘eyini qaytarib olishni qiyinlashtirdi.

Endilikda Afg‘oniston va butun Markaziy Osiyo Xitoyning ta‘siri ostiga o‘tmoqda.

Rossiyadan farqli o‘laroq, xitoyliklar Afg‘onistonda o‘zlariga joy hozirlash uchun o‘ta ehtiyotkorlik va qayishqoqlik bilan harakat qilishdi.

Ikkinchi omil, bu - Xitoyning afg‘on va Pokiston hukumatlari o‘rtasida siyosiy yarashuv o‘rnatishga qaratilgan muloqotni yo‘lga qo‘yish urinishlari.

Ashraf G‘ani 2014 yilda Afg‘oniston Prezidenti sifatida xorijga ilk safari chog‘ida Pekindan Pokiston bilan yarashuv jarayoniga vositachilik qilishini so‘ragandi.

Pokistonning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Xitoyning vositachiligi samarasi o‘laroq, Islomobodning yuqori martabali harbiy mulozimlari afg‘on hamkasblari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi.

Bu kabi tashabbuslar Afg‘oniston va Pokistonga xavfsizlik borasidagi o‘zaro xavotirlarni aritishga yordam beradi.

Agar Prezident Ashraf G‘ani hukumati Pokistonning xavfsizligi uchun zarur kafolatlarni berolsa, afg‘on rasmiylari timsolida ishonchli hamkorga ega bo‘lgan Islomobodning Afg‘onistondagi davlatdan tashqari kuchlardan qo‘shimcha kafolatga ehtiyoji qolmaydi.

Hozirda Xitoy va Afg‘oniston Pokistonni urushayotgan afg‘on guruhlari o‘rtasida sulh va murosa o‘rnatish yuzasidan muzokaralarga bosh-qosh bo‘lishga rag‘batlantirishmoqda.

Afg‘oniston tegaragidagi uchinchi muhim rivojlanish turli fraktsiyalar o‘rtasida kechayotgan muzokaralardir.

Xitoy hozirning o‘zida Tolibon va afg‘on hukumati o‘rtasidagi muzokaralarning bir necha davrasiga boshchilik va mezbonlik qildi.

Pekin vositachiligida 2014 yilning noyabri va 2015 yilning 7 iyulida urushayotgan tomonlar o‘rtasida sulh muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Image caption Xitoyning faolligi Afg‘onistonda tinchlik umidlarini kuchaytirgan

Muzokaralarning 30 iyulga belgilangan uchinchi davrasi qoldirilishi ortidan Tolibon rahbari Mulla Umarning ikki yil avval vafot etgani o‘rtaga chiqdi.

Bu yagona va real rahbariyatsiz Tolibonning muzokaralardagi mavqe‘i zaif bo‘lishi va Afg‘onistonning kelajagiga doir toliblar olib boradigan muloqotlarning tugal bo‘lmasligini anglatar edi.

Bu orada Tolibonning yangi rahbari Mullo Ahtar Mansurning afg‘on rasmiylari bilan muzokaralarga moyil ekani aytildi.

Ammo Mansur aksar toliblarning tinchlik muzokaralarini dastaklashiga erisha olishga qodirligini namoyish qilishi kerak bo‘ladi.

To‘rtinchi muhim masala shundan iboratki, Xitoy va Hindiston o‘tmishdagi adovat va raqobatli munosabatlardan ehtiyotkorona hamkorlik yo‘liga o‘tishdi va ikki tomonlama munosabatlarni asta-sekinlik bilan yaxshilashga erishdilar. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining shu yil mayida Xitoyga tashrifi chog‘ida e‘lon qilingan qo‘shma bayonotda shunday deyiladi: "Tarix bizning zimmamizga ikki o‘rtadagi munosabatlardan o‘zaro kuch olish va uni yaxshilik yo‘lida ishlatish vazifasini yuklagan". Uning aytishicha, "Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik qit‘aning iqtisodiy rivojlanishi va siyosiy barqarorligi uchun muhim".

Beshinchi omil, bu Hindiston va Pokistonning Shanhay Hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a‘zo bo‘lib kirish istiqboli. Outlook jurnali sharhlovchisi Sibal Dasguptaning yozishicha, ShHT shafe‘ligida Xitoy, Hindiston va Pokiston muntazam ravishda mushtarak tahdidlarni muhokama qiladilar. Bu esa ularga mintaqaga kengroq nazardan qarash va o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga imkon beradi. Dehlidan professor Svaran Singhga ko‘ra esa, ShHT Hindiston va Xitoyga terrorizmga qarshi kurash va boshqa muhim masalalarni muhokama qilish uchun juda yaxshi forum vazifasini o‘taydi.

Va nihoyat oltinchidan, Eronga qarshi jazo choralari asta-sekinlik bilan olib tashlanishi kutilarkan, g‘arbiy Afg‘onistonni Eronning Chohbahor bandargohi bilan bog‘lashga qaratilgan sa‘y-harakatlar kuchayishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida Hindiston bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo aloqalarining rivojlanishiga imkon yaratadi va mintaqa farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio