"Afg‘on bolalarining zo‘rlanishiga ko‘z yuming"

Amerikaliklar o‘zlari tayyorlagan politsiyaning qilmishlariga ko‘z yumgan
Image caption Amerikaliklar o‘zlari tayyorlagan politsiyaning qilmishlariga ko‘z yumgan

Afg‘onistondagi Amerika askarlaridan bolalarni jinsiy zo‘rlash hollariga ko‘z yumush talab qilingan. Rahbariyat ushbu holatni "afg‘onlarning madaniyati" bo‘lgani uchun aralashmaslikni so‘ragan. New York Times ro‘znomasi olib borgan izlanishdan ma‘lum bo‘lishicha, Afg‘onistondagi mahalliy harbiy qo‘mondonlar va politsiya orasida bachabozlik keng yoyilgan va u jazolanmaydi.

Bu kabi zo‘ravonliklarga qarshi chiqmoqchi bo‘lgan amerikalik harbiylar lavozimidan chetlatilgan va Afg‘onistondan chaqirib olingan.

Ro‘znomada chop qilingan maqola Afg‘onistonda xizmat qilgan va 2012 yili o‘ldirilgan kichik kapral Grigoriy Bakleyning so‘nggi qo‘ng‘irog‘i bilan boshlanadi. Janubiy Afg‘onistonda xizmat qilgan kapral otasiga bog‘lanib Afg‘oniston politsiyasining yosh bolalarni harbiy bazaga olib kelib zo‘rlaganiga guvoh bo‘lganini aytgan.

"Tunda bolalarning baqirganini eshitardik, lekin bu borada biror narsa qilishga qo‘yishmas edi", - deya otasi katta Grigoriy Bakley o‘g‘lining so‘zlarini keltirgan.

"O‘g‘limning aytishicha, zobitlar bu narsa ularning madaniyati bo‘lgani uchun e‘tibor bermaslikka chaqirgan", - degan u.

Bolalarni jinsiy tahqirlash Afg‘onistonda keng tarqalgan muammo ekanligi yoziladi. Bu holat ayniqsa, qishloq hududlarda hukmronlik qiluvchi qurollangan qo‘mondonlar o‘rtasida keng yoyilgan. Bachabozlik deya mashhur bo‘lgan ushbu holatga amerikalik askarlardan aralashmaslik talab qilingan. Suhbatlar va mahkama yozishmalaridan ayon bo‘lishicha, afg‘on ittifoqchilar bolalarni hatto harbiy bazalarda zo‘rlashsa ham hech kim biror narsa demagan.

Amerika kuchlari Afg‘oniston harbiylarini Tolibonga qarshi turish uchun jalb qilgani va tayyorlagani uchun siyosat jim turishlikni talab qiladi. Biroq askarlar va dengiz piyoda askarlarini tarkibni pedofillardan tozalash o‘rniga Amerika armiyasi ularni qurollantirib, qishloqlarga qo‘mondon qilib qo‘ygani va ular bolalarni jinsiy zo‘rlashni boshlagan vaqti sustkashlik qilishi qattiq tashvishlantirgan, deyiladi maqolada.

Karovatiga bolakayni jinsiy qul sifatida kishanlab qo‘ygan mahalliy harbiyni do‘pposlagan Maxsus kuchlarning sobiq kapitani Dan Kyun amerikaliklar Afg‘onistonga adolat o‘rnatish uchun kelganini aytadi.

"Tolibonning odamlarga nisbatan qilgan dahshatli munosabati va inson haqlarini toptagani kabi holatlarni eshitganimiz uchun bu yerga kelgan edik. Biroq mahalliy oqsoqollardan birining aytishicha, biz Tolibondan ham yomon ishlarni qilishi mumkin bo‘lgan odamlarni qudratga olib keldik", - degan Dan Kyun.

Bolani zo‘rlagan mahalliy qo‘mondonni kaltalagan Dan Kyun vazifasidan ozod qilingan va Afg‘onistondan chaqirib olingan. Kyun shundan so‘ng armiyani butunlay tark etdi.

Ushbu voqeadan to‘rt yil o‘tib kapitan Kyun kabi pedofilni do‘pposlagan serjant Charlz Martlendni ham iste‘foga chiqarishga harakat bo‘lgan.

Pentagon serjant Martlend hodisasi yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Afg‘onistondagi Amerika kuchlari mulozimlari bolalarni Afg‘on politsiyasi yoki harbiylari tomonidan jinsiy zo‘rlash borasidagi holatlar Afg‘oniston jinoiy mahkamalari ko‘rib chiqiladigan ish ekanligini ta‘kidlashgan.

"Afg‘onistondagi AQSh harbiysi bu borada hisobot berishi lozim deydigan talab yo‘q. Faqat jinsiy zo‘rlash urush quroli sifatida qo‘llanilsa bu talab istisno", - degan AQSh Qurolli kuchlarining Afg‘onistondagi so‘zchisi Brian Tribus.

Amerikaning aralashmaslik siyosati o‘zlari Tolibon qarshi kurashishi uchun tayyorlagan Afg‘oniston politsiyasi va harbiylari bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolishga qaratilgan. Bu yana qudratli odamlarning atrofiga yosh o‘smirlarning yig‘ilishi ijtimoiy maqomni belgilab beruvchi besoqolbozlik ildiz otgan jamiyatda madaniy qadriyatlarga bosim o‘tkazmalikda ham aks etadi.

Ro‘znoma muxbiriga ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan boshqa askarlar ham xizmatlari davomida harbiy bazada yosh bolalarning guruh holatida zo‘rlanishiga guvoh bo‘lganini tasvirlab bergan.

Kapitan Kyun va serjant Martlendlar 2011 yili mahalliy afg‘on politsiyasini tashkil qilish jarayonida mahalliy aholidan ularning ustidan shikoyatlar tushganini aytishgan.

Har bir hodisadan so‘ng mahalliy oqsoqollarning Amerikaliklar tayyorlagan politsiyachilarga nisbatan g‘azabi kuchayib borgan.

Amerikalik yo‘riqchilar esa har bir jinsiy zo‘rlash holatidan so‘ng politsiya orasida inson huquqlari bo‘yicha tushuntirish olib borish bilan cheklangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio