"Putinga 90000 dollarlik vinoni ochgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilsin!"

Image copyright RIA Novosti

Ukraina prokuraturasi dunyodagi eng boy qadimgi sharoblar ombori deb ko‘riladigan Qrimdagi "Massandra" omboridan 240 yillik vinoni Vladimir Putin va Silvio Berluskoniga ochib bergani uchun Yanina Pavlenkoga nisbatan jinoyat ishi ochgan.

Pavlenko xonim Qrimdagi "Massandra" sharob kombinati rahbari hisoblanadi.

Bu kombinatga qarashli ko‘p yillik vinolar kollektsiyasi dunyodagi eng boy va qadimgi kollektsiya sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan.

Qrim anneksiyasigacha "Massandra" kombinati Ukraina davlati tasarrufida bo‘lgan, 2014 yil martidan Rossiya prezidenti ishlar boshqarmasi ixtiyoriga o‘tgan.

Image copyright RIA Novosti

Ukraina Rossiya anneksiyasini tan olmaydi va Qrimni o‘z hududi deb ko‘radi.

Shuning uchun Ukraina Bosh prokuraturasi "Massandra" kombinati direktori Yanina Pavlenkoni o‘zboshimchalik bilan 240 yillik vino butilkasini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoniga ochib bergan, deb biladi va Pavlenko xonimga nisbatan talon-taroj bandi bo‘yicha ish ochishga qaror qilgan.

"Jinoyat kodeksining 191-moddasi 5-qismi - o‘ta yirik miqdordagi mulkni o‘g‘irlash holati bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Yetkazilgan zarar ikki million grivnadan ko‘pga baholanmoqda", deb aytgan Ukraina prokuraturasida Qrim Muxtor respublikasi prokurori birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydigan Nazar Xolodnitskiy.

O‘tgan hafta dam olish kunlarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni Qrimda o‘tkazganlar.

Image copyright RIA Novosti

Qrimdagi tarixiy obidalar bilan tanishuv chog‘i janob Putin va janob Berluskoni "Massandra" sharoblar omboriga ham tashrif buyurganlar.

Rossiya telekanallari janob Berluskonining ustini chang qoplagan sharob idishini tomosha qilayotgani, Vladimir Putin esa vino kombinati direktori Yanina Pavlenkoning "Massandra" tarixi va bu yerda saqlanayotgan sharoblar haqidagi hikoyasini tinglayotgani kadrlarini namoyish etgan.

Rossiya matbuoti xabar qilishicha, sayohat payti janob Berluskoni qadimgi vino ta‘mini tatib ko‘rish mumkinmi, deb so‘ragan.

"Massandra" omborida guvoh bo‘lgan kishi so‘zlariga ko‘ra, bu savolga javoban Pavlenko xonim oliymaqom mehmonlar uchun 1775 yili og‘zi yopilgan "Xeres-de-lya-Frontera" vinosi butilkasini ochgan.

Image copyright RIA Novosti

Bu sharobni Ispaniyadan "Massandra" asoschisi graf Mixail Vorontsovning o‘zi keltirgan, deb ko‘riladi.

Ochilgan butilkaning keyingi taqdiri qanday bo‘lgani noma‘lum.

Biroq Ukraina prokuraturasiga ko‘ra, "Xeres-de-lya-Frontera" sharobi bir idishining bugungi kundagi narxi 90000 dollardan qimmat baholanadi.

"Bu nafaqat "Massandra" va Qrim merosi, balki butun Ukraina xalqining mulki hisoblangan besh butilkadan biri", deb aytgan Nazar Xolodnitskiy.

Xuddi shu vinoning ikki butilkasi 2001 yili Londondagi auktsionda sotilgan va har biri 40700 dollarga baholangan, deb aytgan u.

Image copyright Reuters

Janob Putin janob Berluskoni bilan u Italiya bosh vaziri bo‘lgan yillardan buyon yaqin do‘stlar hisoblanadi.

Ularning yaqin aloqalari Silivio Berluskoni bosh vazirlik lavozimidan 2011 yilda ketganidan buyon ham uzilmagan.

14 sentyabr kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati Silvio Berluskonini Ukraina hududiga kirishini uch yilga taqiqlash haqida qaror qabul qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq