"Populizm bilan shug‘ullanmang, hokim bova!"

Dabdabali to‘ylar ko‘pdan tanqid qilib kelinadi Image copyright bbc
Image caption Dabdabali to‘ylar ko‘pdan tanqid qilib kelinadi

Samarqand viloyat hokimi to‘ylardagi dabdabani tanqid qilgan. Zoir Mirzayev mahalliy telekanal orqali qilgan chiqishida Samarqandda to‘ylar "haddidan oshib ketayotganini" aytgan. Twitter foydalanuvchilari viloyat hokimining so‘zlari amalda hech narsa o‘zgartirmasligini bildirishgan.

Samarqand viloyati hokimi Zoir Mirzayev shanba kuni efirga ketgan ko‘rsatuvda viloyatda dabdaba bilan o‘tayotgan to‘ylarni va shunday to‘y o‘tkazgan ayrim kishilarni tanqid qilgan.

Ko‘rsatuvni tomosha qilgan jurnalist Farhod Norbo‘tayevning BBCga aytishicha, hokim ishtirokidagi yig‘ilish ko‘rsatuv holida efirga uzatilgan.

"Unda hokim to‘ylarni qisqartirish haqida gapirdi. 10-15 mashina ishtirokida karvon bo‘lib ketyapti. Shunaqa narsalar bo‘lmasin dedi", - deydi Farhod Norbo‘tayev.

Hokimga ko‘ra, endi to‘ylarda xonandalar musiqa ovozlarini 65 detsibal tempdan kuchaytirsa jarimaga tortiladi, ZAGSga to‘rttadan ortiq mashina jalb qilinsa ham jarima bor. To‘ylarning vaqti borasida ham cheklovlar kiritilgan. Yoz oylarida to‘ylar 23:00 gacha davom etadi, qish kunlari 22:00 dan o‘tib ketgan to‘ylarga jarima solinadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, viloyatdagi to‘ylarni o‘rganish uchun maxsus ishchi komissiya tuzilgan. Komissiya to‘yxonalardagi ovoz darajasidan tortib, to‘y sohiblari qancha mashina yollagani va qancha harj qilgani kabi holatlarni o‘rgangan.

Viloyat hokimi Pastdarg‘om tumanidagi to‘yda kelin kuyovlarga 30 ta Kaptiva rusumli mashina hamkorlik qilganini ta‘kidlab o‘tgan. Restoranlarda qo‘shimcha harajatlardan tashqari 400-500 odamga 35-39 million so‘m (bozor kursida 7000-7800 dollar) harajat qilinayotgani aytilgan.

"Hokimning gaplari populizm"

Twitter ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari Samarqand viloyat hokimining to‘ylar haqida qilgan chiqishiga turli munosabat bildirgan.

To‘yxonalarda ovoz kuchaytirgichlarga nisbatan ma‘lum me‘yor belgilanishi iliq kutib olingan.

"Koshki shu ish amalda qo‘llansa, to‘y bahona qarindoshlar bilan hol-ahvol so‘rab olardik", - deydi Rashid Usmonov.

Ayrim foydalanuvchilar hokimning to‘ylar haqida qilgan chiqishini tanqidiy ko‘z bilan qarshi olgan.

"Anu kuni dabdabali qilingan to‘y unikimasmidi. Yoki o‘ziga mumkinu qolganlarga mumkin emasmi", - deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

"Hokimning chiqishi tiniq populizm! Bu narsa bilan dabdababozlikni yo‘q qilib bo‘lmaydi. Shu komissiya raisining nahor oshiga 1200 odam kelgan. Osh damlagan oshpaz aytuvdi. "Shakar yema" deb aytish uchun hech bo‘lmasa Mahatma Gandiga o‘xshab 40 kun shakar yemay turib, keyin aytinglar!", - deydi yana bir fikr qoldiruvchi.

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarga nisbatan kampaniyalar bundan oldin ham o‘tkazilgan. 1998 yili prezident Islom Karimov to‘y hashamlarni tartibga solishga oid farmoyish ham chiqargan.

Toshkent shahar kengashi 2012 yili poytaxtdagi to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Biroq kuzatuvchilarning aytishicha, qaror va farmoyishlar chiqishiga qaramasdan to‘ylardagi dabdababozlik kamaymagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq